“Elektoral madaniyat” – saylovchi madaniyatining mamlakat rivojidagi tutgan o‘rni

Bugungi kunda dunyoning demokratik davlatlarida saylovlarning davlat boshqaruvida tutgan o‘rni beqiyos. Chunki “demokratiya” so‘zi yunonchadan olingan bo‘lib, xalq hokimiyati degan ma’noni bildiradi. Demokratiyaning ikki ko‘rinishi mavjud. Ya’ni, bevosita demokratiya va bilvosita demokratiya. Bevosita demokratiya fuqarolarning davlat boshqaruvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi bo‘lib, bu referendumlarda qatnashish orqali ta’minlanadi. Demokratiyaning keyingi ko‘rinishi biz uchun muhim bo‘lgan bilvosita, ya’ni vakillik demokratiyasidir. Bunda esa fuqarolar davlat boshqaruvida o‘zlari saylagan vakillari orqali ishtirok etadilar. Demokratiyaning yuqoridagi ikki ko‘rinishi ham o‘z huquqiy asosini Bosh qomusimiz bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasidan oladi. So‘z yuritilayotgan mavzuyimiz bo‘lmish elektoral madaniyat esa aynan vakillik demokratiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh elektoral madaniyat o‘zi nima? Elektoral so‘zining etimologiyasi lotincha “elektor” – saylovchi so‘ziga borib taqaladi. Elektoral madaniyat esa fuqarolarning o‘z siyosiy huquqlarini amalga oshirish uchun saylovlarda ishtirok etishi, saylov qonunchiligiga oid huquqiy bilimlarga ega bo‘lishi, umuman olganda, mamlakatda o‘tkazilayotgan saylovlar jarayonida namoyish qiladigan siyosiy faolliklari tushuniladi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda saylovga oid qonunchilikni takomillashtirish, saylov jarayonlarini demokratlashtirish va fuqarolarning elektoral madaniyatini yuksaltirish borasidagi olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq saylovlar o‘zining ikkinchi bosqichiga ko‘tarildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilinib, uning asosida 2019 yil 22 dekabrda “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlarda ilk bor 5 ta siyosiy partiya ishtirok etdi. Saylovlarning ochiq-oshkora, xalqaro standartlar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlat hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi, jumladan, birinchi marta Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev o‘zlarining “Yangi O‘zbekiston strategichsi” nomli asarida ham “aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini, saylov madaniyatini oshirish, demokratik, adolatli va erkin saylovlarga oid xalqaro standartlarni hisobga olgan holda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish”ga alohida to‘xtalib o‘tganlar.

Demak, demokratik davlatlarda saylovlarni shaffof, xalqaro standartlarga va demokratizm prinsiplariga mos tarzda tashkillashtirish hamda o‘tkazishda aholining aynan elektoral madaniyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Buni yaqqol anglab yetish uchun har bir fuqaro, avvalambor, o‘zida daxldorlik hissini tuyishi, davlat taqdiri kelajak-avlod taqdiri ekanligini bilishi zarur. Chunki demokratiyaning tub mohiyati xalq hokimiyatchiligini anglatar ekan, saylovlarda ishtirok etishni majburiyat deb emas, balki imkoniyat deb qabul qilish, bizningcha o‘rinli bo‘ladi.

Saylovlarda fuqarolarning ishtirok etishiga oid statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlarda saylovlarning aholini qamrab olish darajasi ancha yuqori ekanligini va bu ko‘rsatkich yildan-yilga ortib borayotganligini ham ko‘rishimiz mumkin. Hattoki ayrim davlatlarda saylovlarda aholining to‘liq ishtirokini ta’minlash maqsadida ovoz berish majburiy hisoblanadi. The World Factbook ma’lumotlar bazasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 21 ta mamlakatida majburiy ovoz berish tizimi amal qiladi. Bu esa mazkur davlatlar fuqarolarining siyosiy faolliklarini oshirish maqsadida o‘rnatilgan tartib hisoblanadi. Shunday bo‘lsada, ushbu davlatlarning ko‘pchiligida saylovlarda uzrli sabablarga ko‘ra (masalan kasallik) ishtirok etmaganlik uchun javobgarlik mavjud emas.

So‘ngso‘z o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 32-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan fuqarolarning siyosiy huquqlari bo‘lmish saylov huquqidan barcha faol foydalanishi, saylovlarda ishtirok etishi mamlakat kelajagi, millat ravnaqi uchun juda ahamiyatli hisoblanadi. Shuning uchun har bir fuqarodan saylov jarayonlarida yuksak mulohazakorlik va mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga dahldorlik tuyg‘usi talab etiladi. Negaki, xalq kimgaki yuksak ishonch bildirsa, ertaga u butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqaradi.

Ulfat Shonazarov

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali

Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi

o‘qituvchisi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications