Davlat tilini mustahkamlashning hayotiy zarurati

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan davlat tilini mustahkamlashga oid bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Misol tariqasida quyidagilarni keltirishimiz mumkin: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 20 oktyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084 sonli Farmoni va ushbu farmon doirasida tasdiqlangan “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” hamda “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi” edi. Ha, bu barchamiz birdek kutgan, hatto bir necha o‘n yillardan beri orzu qilib kelayotgan hujjat edi.

Yuqoridagi Prezident Farmonining bu qadar ahamiyatli ekanligini isbotlovchi bir qancha omillar mavjud. Quyida ushbu omillar va ularni bartaraf qilishga qaratilgan, farmonda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlardan bir qanchasini keltirib o‘tamiz:

Birinchidan, davlatimizning hech bir fuqarosiga sir emaski, katta ko‘pchilik Respublika darajasidagi idoralarda hujjat ishlari hali hamon, sobiq ittifoq ta’siri o‘laroq rus tilida olib borilmoqda. Mazkur holat ushbu idoralarga murojaat qilgan oddiy fuqarolarga ancha-muncha qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap. Mazkur muammoning yechimi farmonning to‘rtinchi bandi birinchi xatboshisida o‘z aksini topgan “2021 yil 
1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi”;

Ikkinchidan, davlat idoralari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ichida shundaylari mavjudki, ularning hatto o‘zbek tilidagi nusxasi mavjud emas. Bu esa mazkur qabul qilingan hujjatning tartibga solish doirasini toraytiradi. To‘g‘rida, rus tilini bilmagan kishi qanday qilib rus tilidagi hujjatni amaliyotda qo‘llasin? Bundan tashqari, mazkur holat yuristlar uchun ham qiyinchilik tug‘diradi. Keltirilgan ushbu muammoning yechimi sifatida farmonnig birinchi bandi, “a” kichik bandi birinchi xatboshisini keltirishimiz mumkin: mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish. Umid qilamizki, qonunchilik jarayoni ham mazkur sohalardan chetda qolmaydi;

Uchinchidan, mustaqillikka erishganimizdan to bugungi kunga qadar kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan to‘lig‘icha voz kechib lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish borasida juda ko‘plab bahs-munozaralar bo‘lganligiga qaramasdan, hanuzgacha bu xususda yakdil xulosaga kelinmagan edi. Bu muammoning yechimiga ham farmonda alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, farmonnig uchinchi bandi quyidagicha bayoon qilingan: “Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta’minlash maqsadida ishchi guruhini tashkil qilsin va aniq chora-tadbirlar hamda ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga kiritsin”;

To‘rtinchidan, kadrlar masalasi bo‘lib, bu omil ham muhimlik darajasida yuqorida sanab o‘tilganlardan ortda qolmaydi. Chunki davlat idoralaridan tortib,xususiy tashkilotlargacha rus tiliga ustunlik mavqeyining berilishi o‘z ona tilimiz bo‘lmish – o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatsizlikning yaqqol misoli edi. Chunonchi, ishga kirish uchun murojaat qiluvchi nomzodlarga dastlabki beriladigan savollardan biri rus tilini qay darajada bilishi xususidaligi fikrimiz dalilidir. Bundan tashqari, davlat idoralari yoki boshqa tashkilotlarga tashrif buyurgan kishining dilini xufton qiluvchi holatlardan biri bu – ushbu idorada shakllanlangan“Yevropeyskaya atmosfera”dir. Ya’ni, o‘zbek millatiga mansub bo‘lishiga qaramasdan, o‘z ona tilini bilmaydigan va o‘zaro rus tilida muloqot qiluvchi xodimlar haddan tashqari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Mazkur muammoning yechimi ham qaysidir ma’noda farmonning to‘rtinchi bandi birinchi xatboshisida o‘z aksini topgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolar, o‘ylaymizki, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 20 oktyabrda qabul qilingan farmonda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq bartaraf qilinadi. Yanada aniqroq gapiradigan bo‘lsak, masala davlat rahbari darajasida hal qilindi, endi mas’ul ijrochi va boshqa mutasaddilarda.

Tan olishimiz kerakki, bugungi kundagi tilga bo‘lgan munosabatimiz achinarli holatda. Chunonchi, shahar markazlarida istiqomat qiluvchi aholining ko‘pchilik qismi farzandlarini rus tiliga ixtisoslashgan bolalar bog‘chalariga tarbiyalash uchun bermoqdalar va xuddi shunday maktablarda o‘qitmoqdalar. Buning sababi oddiy, yuqorida keltirib o‘tganimizdek, ota-onalar farzandlarini istiqbolli va yaxshi maosh to‘laydigan tashkilotlarda ishlashlarini xohlashadi. Qaysidir ma’noda bunga erishmoqdalar ham. Lekin tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi, bu masalaning ham boshqa tomoni mavjuddir. Natijada ikkinchi avlodning aksariyat qismi o‘zbek tilida erkin muloqot qilish ko‘nikmasisiz ulg‘ayishmoqda. Bundan tashqari, chekka-chekka tuman va qishloqlarda ta’lim olayotgan yoshlar masalasi. Nima, ushbu hududlarda rus tiliga ixtisoslashtirilgan bolalar bog‘chalari va maktablarning mavjud emasligi ularning ayblarimi? Yoki ularning chekka tuman va qishloqlarda dunyoga kelganligi  taqdir hazilimi? Xullas, o‘z tilimizni o‘zimiz hurmat qilmasak, boshqalardan bu narsani talab qilishga hatto haqqimiz ham yo‘q.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagicha xulosa qilamiz, o‘z ona tilini hurmat qilish bu – vatanparvarlikning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Shunday ekan har birimiz ona tilimiz bo‘lmish – o‘zbek tilini bilishimiz hayotiy zaruratdir. Avvalo, isloh qilishni o‘zimizdan boshlashimiz va farzandlarimizni ham vatanparvarlik va ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Ixtisoslashtirilgan filialining

1-bosqich talabasi F.M.Tajimatova

Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

U.I.Shonazarov rahbarligida

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications