Bosh sahifa / Fuqarolik huquqi / Ko‘chmas mulk boshqa shaxsga o‘tkazilishini notarial tasdiqlash uchun kerakli hujjatlar ro’yxati

Ko‘chmas mulk boshqa shaxsga o‘tkazilishini notarial tasdiqlash uchun kerakli hujjatlar ro’yxati

Ko‘chmas mulk yoki uning bir qismi boshqa shaxsga o‘tkazilayotganda, mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib quyidagilardan biri bo‘lishi mumkin:

  • notarial tasdiqlangan shartnomalar (kelishuvlar);
  • merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushiga mulk huquqi to‘g‘risida berilgan guvohnoma;
  • sud qarori (hal qiluv qarori, ajrim va boshqalar) yoki davlat ijrochisining qarori yoxud davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan undiruvchi va qarzdor o‘rtasida tuzilgan bino va inshootni berish dalolatnomasi;
  • ko‘chmas mulk yoki uning bir qismi auksionda sotib olinganligini tasdiqlovchi auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma;
  • mahalliy davlat hokimiyati organining qurilishi tugallangan binoni, inshootni, uyni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi komissiya dalolatnomasini tasdiqlash haqidagi qarori (2018 yil 18 mayga qadar);
  • qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi (2018 yil 18 maydan boshlab);
  • ko‘chmas mulk yoki uning bir qismini ochiq savdoda sotib olinganligi haqida guvohnoma;
  • xususiylashtirilgan davlat binosi, inshooti, turar joyiga bo‘lgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi;
  • qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa hujjatlar.
    2019 yil 1 yanvarga qadar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (notarial tasdiqlanmagan) noturar ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bitim va hujjatlar mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.

Ko‘chmas mulk yoki uning bir qismi boshqa shaxsga o‘tkazilayotganda, mazkur yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga quyidagi hujjatlar ham taqdim etiladi:

  • kommunal xizmatlar (gaz ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish, issiqlik ta’minoti (markaziy isitish va issiq suv ta’minoti) bo‘yicha xizmatlar) va elektr energiyasi uchun to‘lanadigan majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;
  • kadastr ma’lumotnomasi;
  • soliqlar bo‘yicha byudjet oldida qarzi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
  • turar joyda doimiy propiskada bo‘lgan shaxslar haqidagi ichki ishlar organining ma’lumotnomasi;
  • ko‘chmas mulk yoki uning bir qismi garovga qo‘yilgan bo‘lsa, garovga oluvchining roziligi.

Civil.uz | Yuridik maslahatlar

Bizni telegramda kuzatib boring!

Obuna
Bekor qilish

Civil.uz | Yuridik maslahatlar