Mehnat shartnomasi qanday tuziladi?
Mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim bo‘yicha ishni ichki mehnat tartibiga bo‘ysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir.
Mehnat shartnomasi taraflari kimlar?
Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflari hisoblanadi.
Qo’shimcha holatlar
Mehnat shartnomasini tuzish haqidagi kelishuvdan oldin qo‘shimcha holatlar (tanlovdan o‘tish, lavozimga saylanish va boshqalar) bo‘lishi mumkin.
O’rindoshlik asosida mehnat shartnomasi tuzish
Xodim o‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risida qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomalari tuzishi mumkin.
Mehnat kodeksi 72-modda
Mehnat shartnomasining mazmuni
Mehnat shartnomasining mazmuni ikki usulda belgilanishi mumkin:
- taraflar kelishuvi bo‘yicha
- mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan quyidagilar belgilanadi:
- ish joyi (korxona yoki uning bo‘linmasi);
- xodimning mehnat vazifasi — mutaxassisligi, malakasi, u ishlaydigan lavozim;
- ishning boshlanish kuni;
- mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilganda uning amal qilish muddati;
- mehnat haqi miqdori va mehnatning boshqa shartlari.
Mehnat shartnomasini tuzish paytida xodimlarning qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan mehnat huquqlari va kafolatlari darajasi pasaytirilishi mumkin emas.
Mehnat kodeksi 73-modda
Mehnat shartnomasining shakli
Mehnat shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Mehnat shartnomasining shakli O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan namunaviy shartnomani hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada tuziladi va har bir tarafga saqlash uchun topshiriladi.
Mehnat shartnomasida taraflarning manzillari ko‘rsatiladi.
Mehnat shartnomasi xodim va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanib, imzolangan muddati qayd etib qo‘yiladi. Mansabdor shaxsning imzosi imzoning haqiqiy va vakolatli ekanligini ta’kidlash tariqasida korxona muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasining muddati
Mehnat shartnomalari:
- nomuayyan muddatga;
- besh yildan ortiq bo‘lmagan muayyan muddatga;
- muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi. Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab qayta tuzilishi mumkin emas.
Ish beruvchining muddatli mehnat shartnomasi tuzish huquqini cheklash
Muddatli mehnat shartnomalari:
- bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda;
- korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi xodim bilan;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.
Plenum Sharhi
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, muddatli mehnat shartnomalari faqat MKning 76-moddasida belgilangan holatlar bo‘lganligi sababli nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda tuzilishi mumkin.
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishga quyidagi holatlar mavjudligida yo‘l qo‘yilishi mumkin:
bajariladigan ishning tafsilotiga ko‘ra bajarish uchun xodim olingan ishni ma’lum bir muddat o‘tgandan keyin obyektiv sabablarga ko‘ra davom ettirishning imkoni bo‘lmasligi oldindan ma’lum bo‘lganda, ya’ni u muddatli xarakterga ega bo‘ladi;
bajarish uchun xodim olingan ishni bajarish shartlari. Bunda ishning o‘zi doimiy xarakterga ega bo‘lsada, uni bajarishning shartlari xodim bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzishga to‘sqinlik qiladi (qonunlarga muvofiq xodimning ish joyi va boshqalar saqlanadigan mehnat va ijtimoiy ta’tillarda bo‘lgan vaqtiga boshqa xodimni ishga qabul qilish);
xodimning manfaatlari, ya’ni u yoki bu holatlarga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi xodimning manfaatlariga asoslangan bo‘lganda.
Nazarda tutish kerakki, MKning 76-moddasida keltirilgan xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi ro‘yxat qat’iy chegaralangan. Agar xodim bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi MKning 76-moddasi talablarini hisobga olmagan holda tuzilgan bo‘lsa, bunday holda shartnomaning muddati haqidagi shartlari haqiqiy emas deb topiladi, xodim esa ishga nomuayyan muddatga birinchi ish kunidan boshlab qabul qilingan hisoblanadi.