Tovar belgilarining qanday turlari mavjud?

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risidagi” Qonunning 3-moddasiga muvofiq tovar belgilari yakka tartibdagi va jamoaviy bo‘lishi mumkin.

Alohida yuridik yoki jismoniy shaxsga tegishli tovar belgisi yakka tartibdagi belgi hisoblanadi.

Yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar birlashmasining ular tomonidan ishlab chiqariladigan va (yoki) realizatsiya qilinadigan, bir xil sifatga yoki boshqa umumiy tavsiflarga ega bo‘lgan tovarlarini belgilash uchun mo‘ljallangan tovar belgisi jamoaviy belgi hisoblanadi.

Tasvirlar, so‘zlar, muayyan shakl tarzidagi belgilar va boshqa belgilar yoki ularning istalgan bir rangdagi yoki turli rangdagi jamlama ifodasi tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

So‘zli belgilarga so‘zlar, so‘z ko‘rinishiga ega bo‘lgan harfiy birikmalar (xususan, har qanday ketma-ketlikdagi unlilar va undosh tovushlarning bo‘g‘in hosil qiluvchi birikmalari), so‘z birikmalari, gaplar, shuningdek ularning birikmalari kiradi.

Tasviriy belgilarga jonli mavjudotlar, predmetlar, tabiiy va boshqa obyektlar tasvirlari, va shuningdek chiziqlar, dog‘lar, har qanday figuralarning tekislikdagi kompozitsiyalari (hajmlilaridan tashqari) kiradi.

Hajmli belgilarga fazoviy joylashgan uch o‘lchamli obyektlar, figuralar va chiziqlar va figuralarning kombinatsiyalari kiradi.

Jamlama belgilarga turli xarakterdagi ya’ni tasviriy, so‘zli, muayyan shakldagi hajmli va boshqa elementlar kombinatsiyasi kiradi.

Boshqa belgilarga tovushli, yorug‘likdan iborat bo‘lgan, golografik, hidli kabi belgilar kiradi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications