“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risidagi” Qonunning 9-moddasiga muvofiq quyidagilar tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:
1) davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar;
2) davlatlarning rasmiy nomlari, xalqaro yoki hukumatlararo tashkilotlarning qisqartirilgan yoki to‘liq nomlari;
3) rasmiy nazorat, kafolat tamg‘alari va namuna yo‘sinidagi tamg‘alar, muhrlar;
4) davlat xizmatlarining O‘zbekiston Respublikasida qo‘llaniladigan ajratish va farqlash belgilari tasvirlari;
5) farqlash xususiyatiga ega bo‘lmagan belgilar;
6) muayyan turdagi tovarlarning belgisi sifatida umum foydalanishda bo‘lgan belgilar;
7) umum e’tirof etilgan ramzlar va atamalar hisoblangan belgilar;
8) tovarlarni, shu jumladan ularning turi, sifati, soni, xususiyati, qanday maqsadga mo‘ljallanganligi va qiymatini, shuningdek ularning ishlab chiqariladigan yoki o‘tkaziladigan joyi va vaqtini tavsiflash uchun foydalaniladigan belgilar;
9) tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
10) tovar kelib chiqqan haqiqiy joyni rasman ko‘rsatuvchi, lekin tovar boshqa hududda chiqarilayotganligi haqida yanglish tasavvur beruvchi belgilar;
11) ma’danli suvlar, vino yoki kuchli spirtli ichimliklarning asliyatini aks ettiruvchi jo‘g‘rofiy nomlar bo‘lgan yoki shunday nomlarni ifodalovchi belgilar, mazkur joyda chiqarilmagan tovarlarni belgilash uchun ishlatilgan belgilar, shuningdek basharti ular tarjima qilinib yoki «ko‘rinishdagi», «turdagi», «usuldagi» va boshqa shunga o‘xshash so‘zlar bilan qo‘shilgan holda qo‘llanilsa;
12) jamiyat manfaatlariga, odamiylik va axloq qoidalariga zid bo‘lgan belgilar;
13) quyidagi belgilar:
-ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilmay ham muhofaza qilinadigan yoki shu turdagi tovarlarga nisbatan ancha ilgariroq ustuvorlikka ega bo‘lgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o‘xshash bo‘lgan belgilar;
-har qanday tovarlarga nisbatan boshqa shaxslarning belgilangan tartibda hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o‘xshash bo‘lgan belgilar;
-ushbu Qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan tovar kelib chiqqan joy nomi bo‘lgan belgilar bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o‘xshash bo‘lgan belgilar, bu belgilar har qanday tovarlarga nisbatan shunday nomdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan tovar belgisiga muhofaza qilinmaydigan qism sifatida kiritilgan hollar bundan mustasno;
-belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan sertifikatlash belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o‘xshash bo‘lgan belgilar;
14) quyidagi belgilar:
-o‘zga shaxslarga tegishli va O‘zbekiston Respublikasi hududida taniqli bo‘lgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga bo‘lgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan bo‘lsa, takrorlovchi belgilar;
-sanoat namunalarini, agar ularga bo‘lgan huquq O‘zbekiston Respublikasida o‘zga shaxslarga tegishli bo‘lsa, takrorlovchi belgilar;
-O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan ilmiy asarlar, adabiyot va san’at asarlarining nomlarini, ularning qahramonlarini yoki iboralarini, san’at asarlarini yoki ulardan ko‘rinishlarni mualliflik huquqiga ega bo‘lgan shaxs yoki uning huquqiy vorislari (merosxo‘rlari) roziligini olmagan tarzda takrorlovchi belgilar;
-atoqli shaxslarning familiyalari, ismlari, taxalluslarini va ulardan yasalgan so‘zlarni, bunday shaxslarning portretlarini hamda dastxatlarini, basharti bular O‘zbekiston Respublikasining tarixiy va madaniy boyligi bo‘lsa, ana shu atoqli shaxslar, ularning merosxo‘rlari yoki davlat organi roziligini olmagan tarzda takrorlovchi belgilar.