Xo’jalik yurituvchi subyektlar o
rtasida shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun quyidagi javobgarlik turlari mavjud:
1.Taraflardan biri shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, bu taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararni to‘laydi;
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida, “Xojalik yurituvchi subyektlarning shartnomaviy huquqiy bazasi tog
risida”gi qonunda, o‘zga qonunchilik hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan tartibda boshqacha tarzda javobgar bo‘ladi.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xo‘jalik shartnomalarini bajarmaganlik va lozim darajada bajarmaganlik uchun ushbu Qonunning 25 — 32-moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
- Tovarlarni yetkazib berish muddatlari kechiktirib yuborilgan, to‘liq yetkazib berilmagan, ishlar bajarilmagan yoki xizmatlar ko‘rsatilmagan hollarda, tovar yetkazib beruvchi (pudratchi) sotib oluvchiga (buyurtmachiga) kechiktirilgan har bir kun uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida penya to‘laydi, biroq bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovarlar, bajarilmagan ishlar yoki ko‘rsatilmagan xizmatlar bahosining 50 foizidan oshib ketmasligi lozim. Penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik, ishlarni bajarmaslik yoki xizmatlarni ko‘rsatmaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmaydi.
- Agar yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar sifati, assortimenti va navi bo‘yicha standartlar, texnik shartlar, namunalarga (etalonlarga) qonunchilikda yoki xo‘jalik shartnomasida belgilangan boshqa majburiy shartlarga mos kelmasa, sotib oluvchi (buyurtmachi) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qilish hamda ularning haqini to‘lashni rad etib, yetkazib beruvchidan (pudratchidan) sifati, assortimenti va navi lozim darajada bo‘lmagan tovarlar (ishlar va xizmatlar) qiymatining 20 foizi miqdorida jarima undirib olishga, agar tovarlar (ishlar va xizmatlar) haqi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, to‘langan summani belgilangan tartibda qaytarishni talab qilishga haqlidir. Sifati, assortimenti va navi lozim darajada bo‘lmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berganlik uchun jarima yetkazib beruvchidan (pudratchidan) akseptsiz tartibda undirib olinadi.
Jarimani undirish to‘g‘risidagi to‘lov talabnomasi bank muassasasiga tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) sifati, assortimenti va navi lozim darajada emasligi to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzilgandan keyin o‘n kun ichida taqdim etiladi. Jarimani undirish to‘g‘risidagi to‘lov talabnomasi belgilangan o‘n kunlik muddatni buzgan holda taqdim etilgan hollarda, jarimani undirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. - But bo‘lmagan tovarlar yetkazib berilgan taqdirda sotib oluvchi (buyurtmachi):
tovarlarni butlab berishni talab qilishga haqli. Etkazib beruvchi sotib oluvchining (buyurtmachining) talabini olgan paytdan boshlab, agar taraflarning kelishuvida o‘zga muddat belgilangan bo‘lmasa, o‘n besh kunlik muddat ichida tovarlarni butlab berishi shart;
bundan buyon tovarlar butlab berilgunga qadar ularning haqini to‘lashdan bosh tortishga, agar tovarlarning haqi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, belgilangan tartibda to‘langan summalar qaytarilishini talab qilishga haqli;
yetishmayotgan qismlar qiymatini qo‘shgan holda, yetkazib beruvchidan but bo‘lmagan tovarlar qiymatining 20 foizi miqdorida jarima undirishga haqli.
Tovarlarni yetkazib beruvchi belgilangan muddatda tovarlarni butlab bermasa, sotib oluvchi (buyurtmachi) but bo‘lmagan tovarlarni qaytarib berishga hamda but bo‘lmagan tovarlarni but tovarlarga almashtirishni talab qilishga haqlidir. - Marka belgisi qo‘yilmagan yoki lozim darajada markirovka qilinmagan tovarlarni, shuningdek idishsiz yoki o‘ralmagan tovarlarni yoxud tegishli idishga joylanmagan yoki lozim darajada o‘ralmagan tovarlarni yetkazib berganlik uchun yetkazib beruvchi sotib oluvchiga(buyurtmachiga) bunday tovarlar qiymatining 5 foizi miqdorida jarima to‘laydi. Tovarlar qabul qilingandan keyin yana jo‘natilishi yoki saqlanishi kerak bo‘lgan hollarda sotib oluvchi (buyurtmachi) jarima undirishdan tashqari, o‘z kuchi bilan, lekin yetkazib beruvchi hisobidan tovarlarni o‘rashga va idishlarga joylashga, yoxud bir shahardagi yetkazib beruvchidan tovarlarni o‘rab berish yoki idishlarga joylab berishni talab qilishga haqlidir.
- Tovar yetkazib beruvchi (pudratchi) talabiga binoan qo‘yilgan akkreditiv u amal qiladigan muddat ichida foydalanilmasa, yetkazib beruvchi (pudratchi) sotib oluvchiga (buyurtmachiga) akkreditivning foydalanilmagan summasining 5 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
- Jo‘natilgan tovarlarga oid to‘lov yoki tovar-transport hujjatlarining nusxasini belgilangan muddatda yubormaganlik yoki tovarlar jo‘natilganligi to‘g‘risidagi boshqa axborotni taqdim etmaganlik uchun yetkazib beruvchi sotib oluvchiga axborot taqdim etilmagan har bir holat uchun yetkazib berilayotgan tovar qiymatining 1 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
8.T ovarlarni tanlab olmaslik, shuningdek yetkazib beruvchi shartnomada belgilangan muddatda (davrda) ularni yetkazib berganda tovarlarni olishni asossiz ravishda rad etganlik uchun sotib oluvchi yetkazib beruvchiga tanlab olinmagan (o‘z muddatida olinmagan) tovarlar qiymatining 5 foizi miqdorida, tez buziladigan tovarlar bo‘yicha esa — 10 foiz miqdorida jarima to‘laydi.
Tovarlar tanlab olinmagan (olish asossiz rad etilgan) hollarda, yetkazib beruvchi jarima undirishdan tashqari, ushbu tovarlar mavjudligining kafolatlarini taqdim etgan holda, tanlab olinmagan (o‘z muddatida olinmagan) tovarlar qiymati to‘lanishini talab qilishga haqlidir. - To‘lov talabnomasi akseptini asossiz ravishda butunlay yoki qisman rad etganlik, shuningdek hisob-kitobning boshqa shakllarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini to‘lashdan bosh tortganlik (bank muassasasiga to‘lov topshiriqnomasini taqdim etmaganlik, chek bermaganlik, akkreditivni taqdim etmaganlik va hokazo) uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) mahsulot yetkazib beruvchiga o‘zi to‘lashni rad etgan yoki bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
Yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi. - Hisobvaraqdan mablag‘larni asossiz ravishda akseptsiz hisobdan chiqarganlik uchun aybdor taraf ikkinchi tarafga asossiz ravishda akseptsiz hisobidan chiqarilgan summaning 10 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
- Neustoyka (jarima, penya) to‘laganligidan qat’i nazar, shartnoma majburiyatlarini buzgan taraf ikkinchi tarafga ana shu zarar oqibatida o‘zi yetkazgan zarar qismini ham qoplaydi.
Yetkazilgan zararlarga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, mol-mulk yo‘qolishi yoki shikastlanishi munosabati bilan taraf qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlar, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganida taraf olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlar kiradi.
Muddatini o‘tkazib yuborish yoki shartnoma majburiyatlarini o‘zgacha tarzda lozim darajada bajarmaslik hollari uchun belgilangan neustoykani (jarimani, penyani) to‘lash hamda shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, taraflarni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi, qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Abdusalomov Azamat
Yozyovon tumani Adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyoti bo’limining yetakchi maslahatchisi