Xolding qanday tashkilot?

Aktivlari tarkibiga boshqa korxonalarning aksiyalari nazorat paketlari kiradigan aksiyadorlik jamiyati xolding hisoblanadi.

Aksiyalar (paylar, ulushlar)ning nazorat paketi o‘zida korxona sarmoyasida qatnashishning istalgan shaklini ifodalaydi. Ushbu shakl xolding qatnashchilari umumiy yig‘ilishida va uning boshqaruv organlari tomonidan muayyan qarorlar qabul qilinishi yoki rad etilishining so‘zsiz huquqini ta’minlaydi.

Aksiyalarining nazorat paketlari xolding aktivlariga kiruvchi korxona sho’ba korxona hisoblanadi. Sho’ba korxonalar mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi.

Xolding O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan istalgan faoliyat bilan shug‘ullanishga haqlidir.

Xolding boshqa xoldingning sho’ba korxonasi bo‘lishi mumkin.

Xolding aktivlari:

a) qimmatli qog‘ozlar;

b) muassislar tomonidan shartnoma asosida berilgan, shuningdek xolding mablag‘lari hisobiga sotib olingan yoki hosil qilingan mulklar;

v) pul mablag‘lari va boshqalar hisobidan tashkil topadi.

Xolding xorijiy sarmoya ishtirokida yoki to‘liq uning asosida, shu jumladan xorijiy korxonalar aksiyalari nazorat paketlarini sotib olish yo‘li bilan tashkil etilishi mumkin.

Xolding aktivlari tarkibiga, sho’ba korxonalar aksiyalari nazorat paketlari bilan bir qatorda, aksiyalarning paritet paketlari (qatnashchi ikkita bo‘lgan taqdirda 50 foiz) va boshqa xo‘jalik jamiyatlari sarmoyasida qatnashish paketlari (aksiyalarning nazorat paketlari emas) kirishi mumkin.

Xolding amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq investitsiya faoliyatini amalga oshirishga, shu jumladan istalgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotishga haqli bo‘ladi.

Sho‘’ba korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulk bilan javob beradi, bosh xoldingga tegishli bo‘lgan aksiyalarning nazorat paketi qiymati ham shu jumlaga kiradi. Bosh xolding ta’sis shartnomasida qayd etilgan shartlarda sho’ba korxonaning qarzlari bo‘yicha javob berishi mumkin.

Sho‘ba korxona o‘zining xoldingga tegishli bo‘lgan aksiyalari paketi miqdoridan qat’i nazar, biror-bir shaklda xolding aksiyalariga egalik qilishi mumkin emas, garov va trast (ishonilgan mulk) ham shu jumlaga kiradi.

Sho‘ba korxonalar aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishlarida xoldingning vakillari mazkur sho’ba korxona aksiyalarining nazorat paketiga muvofiq ovozga ega bo‘ladilar. Ro‘yxati ustavda ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan sho’ba korxonalarni rivojlantirishning strategik muhim masalalarini hal etish uchun ustavda darajali ko‘pchilik haqidagi norma belgilab qo‘yiladi.

Xoldinglar yuridik shaxs hisoblanadi hamda “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, “Xoldinglar to’g’risida” Nizom va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar xolding muassislari va qatnashchilari bo‘lishlari mumkin.

Xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning qatnashish xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining chet el investitsiyalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Xoldingning nomiga “xolding” so‘zi qo‘shilgan bo‘lishi hamda uning turi (“AJ” aksiyadorlik jamiyati) ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications