Xolding tashkil etish tartibi

32

Xolding tashkil etish va uni ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yish uchun belgilangan tartibda Xoldinglar to’g’risidagi Nizomda nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Xoldinglar turdosh korxonalarni kooperatsiyalashga ko‘maklashish hamda ular tomonidan kelishilgan investitsiya siyosati amalga oshirilishi uchun tashkil etiladi. Xoldingga yoki uning sho’ba korxonalaridan biriga xolding kompaniyaning sho’ba korxonalari mahsulotlari (ishlari, xizmatlari) uchinchi shaxslar tomonidan sotilishi huquqi berilishiga, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ga narxlar xolding tomonidan biror-bir shaklda belgilab qo‘yilishi huquqi berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagi tarmoqlarda xoldinglar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

savdo, moddiy-texnika ta’minoti, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat, kommunal xo‘jalik, transport (temir yo‘l, aviatsiya, truboprovod transporti va mutlaq ravishda xalqaro tashishlarni amalga oshiruvchi korxonalardan tashqari), xalq badiiy hunarmandchiligi.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan yoki davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishda, sotib olish va ijaraga berishda cheklashlarga ega bo‘lgan davlat korxonalari va mol-mulki asosida xoldinglar tashkil etishga ushbu cheklashlar bekor qilingunga qadar yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashkil etilayotgan xoldinglar barcha turdagi xo‘jalik uyushmalari (ittifoqlar, konsernlar, konsorsiumlar, korporatsiyalar va boshqalar)ning yoki korxonalarning boshqa birlashmalari, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining huquqiy vorislari bo‘lishi mumkin emas.

Davlat tasarrufidan chiqarilayotgan korxonaning (korxona bo‘linmasining) sho’ba korxonaga aylantirilishiga ana shu korxona mehnat jamoasining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunday rozilik umumiy yig‘ilishda barcha xodimlarning yarmidan ko‘pining ovozi bilan qabul qilinadi.

0