«Yangi O’zbekiston»da ta’lim sohasi

“Har qanday millatni tanazzulga yuz tuttirish uchun atom bombalari yoki uzoq radiusda harakatlanadigan zamonaviy raketalardan foydalanish talab etilmaydi. Faqatgina ta’lim sifatini pasaytirib yuborish hamda imtixonlarda turli aldovlarga yo‘l qo‘yib berishning o‘zi kifoya.

Chunki, bemorlar mana shunday ta’lim tizimi yetishtirgan shifokorlar qo‘lida jon berishadi, mana shunday muhandislar natijasida binolar qulaydi, mana shunday iqtisodchilar, hisobchilar natijasida pul, moddiy boyliklar sovuriliadi, mana shunday huquqshunoslar, sudyalar qo‘lida adolat barham topadi.

Ta’limning halokati – bu millatning halokati”.

Mamlakatimiz uchun ta’lim tizimining naqadar muhim ekanligini Janubiy Afrika Respublikasidagi “Stellenbosch” universiteti binosining kirish peshtoqida osilgan yuqoridagi so‘zlarning o‘zi tasdiqlaydi. So‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni ushbu tizimning har qaysi bo‘g‘inida, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta-maxsus ta’limda ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, xalq ta’limi tizimidagi o‘zgarishlarga ko‘plab misollar keltira olamiz. Xalqimizning xohish-istagini inobatga olgan holda maktablarda 11 yillik ta’limga qaytilishi, zamonaviy “prezident maktablari”ning faoliyat boshlashi, maktab o‘qituvchi-murabbiylarining ijtimoiy, moddiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan ishlar shular jumlasidandir.

“Yangi O‘zbekiston” ta’lim tizimining keying rivojiga, 2020-yil 29-dekabrdagi prezident Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida navbatdagi muhim qadamlar tashlandi. Murojaatnomada avvalo, bu boradagi islohotlar “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida amalga oshirilishi prezidentimiz tomonidan alohida ta’kidlandi. Unga ko‘ra, 2021-yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilishidan ham shu yo‘nalishdagi boshlangan ishlarni davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadi ko‘zlandi. 2021-yilda 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sohada yagona “elektron ta’lim” tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 milliard so‘m yo‘naltirilishi bayon etildi. Shuningdek, murojaatnomada, hududlarda xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratilishi, joriy yilda yurtimizda 10 ta prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o‘z faoliyatini boshlashi nazarda tutildi. Xalqimizni, ayniqsa, muallimlarimizni quvontirgan keyingi masala, bundan buyon boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan o‘qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa – 100 foiz ustama haq to‘lanishining joriy qilinishi, xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalariga 330 milliard so‘m yo‘naltirilishi, shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab o‘qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 milliarda so‘m qo‘shimcha mablag‘ sarflanishi bo‘ldi. Mazkur murojaatnoma berilganiga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lishiga qaramay, allaqachon, unda ko‘tarilgan yuqoridagi masalalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga imzo chekildi. Murojaatnomada ushbu sohada olingan marralarning ayrimlari uchun esa avvalroq huquqiy asoslar yaratilgan edi.  Bevosita misollarga o‘tsak, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2020-yil 29-oktabrdagi PF-6097-son prezident farmoni, “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son prezident farmoni, huddi shu sanadagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4884-son prezident qarori, “Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son prezident qarori. Bu va boshqa qonunosti hujjatlarida o‘qituvchi-murabbiylarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, umuman ta’lim tizimini yaxshilashga oid chora-tadbirlar aniq belgilab berildi va bularning barchasi jamlanib, 2020-yil 29-dekabrdagi murojaatnomada o‘z aksini topdi.

Oliy Majlis senatorlari va deputatlari hamda murojaatnomaga yig‘ilgan boshqa shaxslar timsolida butun xalqimiz ushbu yangiliklarni o‘zgacha kayfiyat bilan qarshi oldi. Aniqrog‘i, millatimiz endilikda bu islohotlar, yangilanishlar amalda ta’minlanib, pirovardida, sifatli ta’lim tizimining yaratilishini, har jabhada yetuk, mutaxassis kadrlar yetishib chiqishini, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozimligini intiqlik bilan kutmoqda va bunga astoydil ishonch bilan qaramoqda.

 

Qilicheva Gulchehra Alimovna
Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on tumani 37-umumiy
o’rta ta’lim maktabining 2-toifali fizika fani o’qituvchisi