Korxonani sotish tartibi qanday?
Korxonani sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuzilib, u notarial guvohlantirilishi hamda davlat ro’yxatidan o’tkazilishi lozim.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
1. Taraflarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport yoki uning o’rnini bosuvchi hujjatlar).
2. Mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar.
3. Korxona sotuvchisi va sotib oluvchisi vakolatli organlarining korxonani sotish yoki sotib olish to’g’risidagi qarori (umumiy majlis bayonnomasi yoki kuzatuv kengashining qarori yoxud buyruq va hokazo).
4. Taraflarning vakolatlarini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar.
5. Vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat (bitim vakil tomonidan amalga oshirilganda).
6. Inventarizatsiya dalolatnomasi.
7. Baholovchi tashkilotning baholash to’g’risidagi hisoboti va xulosasi (sotilayotgan korxonada davlat ulushi bo’lgan hollarda).
8. Davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan so’nggi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi).
9. Auditorning korxona tarkibi va uning qiymati to’g’risidagi xulosasi.
10. Taraflar tomonidan tuzilgan, ko’rib chiqilgan va imzolangan kreditorlar, ular qo’yayotgan talablar xususiyati, miqdori va muddatlari ko’rsatilgan holda korxona tarkibiga kiritiladigan barcha qarzlar (majburiyatlar) ro’yxati.
11. Sotuvchining kreditor va debitor qarzdorligi yo’qligi to’g’risidagi ma’lumotnoma, agar kreditor va debitor qarzdorligi mavjud bo’lsa kreditorlarga yuborilgan xabarnoma va ularning korxona qarzlarini boshqa shaxsga o’tkazishga roziligi haqidagi notarius yoki konsul tomonidan shahodatlantirilgan arizalari (kreditorlar yuridik shaxs bo’lgan hollarda, ularning roziligi rasmiylashtirilgan xatlari).
12. Korxona tarkibidagi bino va inshootlar uchun «Yergeodezkadastr» davlat qo’mitasi hududiy bo’linmasining ma’lumotnomasi.
13. Yer uchastkasiga bo’lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar.
14. Davlat soliq xizmati organining qarzdorlik mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomasi.
15. Taraflar o’rtasidagi to’lov majburiyati bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Undiriladigan to’lovlar:
1. Davlat boji. Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida (223 000,00 so’m);
2. Huquqiy va texnik tusdagi qo’shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun to’lov.
a) taqiqni tekshirish – BHMning 15 foizi miqdorida (33 450,00 so’m);
b) tushuntirish berish – BHMning 5 foizi miqdorida (11 150,00 so’m);
v) loyiha tuzish – BHMning 15 foizi miqdorida (33 450,00 so’m).