Bosh sahifa / She'rlar / Muhammad Yusuf / Biz baxtli bo’lamiz – Muhammad Yusuf

Biz baxtli bo’lamiz – Muhammad Yusuf

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo’shilib
Yig’lasharmidik.
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik…

Rayhon hidlaringni
Yo’llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko’kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig’lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing — Onang seni
Chiroyli tuqqan!..

Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O’zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun —
Kokillaridan?..

Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O’rtanma g’amda.
G’iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug’ olamda.

Men esa
Oshig’ing sening —
Eng g’arib.
Tundan so’z Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.

Ista,
Tiz cho’kaman
Hozir oldingda,
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men
uchun!..

Biz baxtli bo’lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!

0