Civil.uz
Blog
Yurist nigohi

“Qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi Nizom qabul qilindi

G
Gʻayrat Eshbayev
15 iyul 2026·5 daqiqa oʻqish
7
“Qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi Nizom qabul qilindi

Nizomning maqsadi va qoʻllanilish sohasi

Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida rezidentlar tomonidan aksiyalar, obligatsiyalar va qimmatli qogʻozlarning hosilalari bilan amalga oshiriladigan repo bitimlari tartibini belgilaydi. Muhim jihat shundaki, hujjat davlat qimmatli qogʻozlari bilan tuziladigan repo bitimlariga tatbiq etilmaydi. Bu alohida tartibga solinishi lozim boʻlgan soha sifatida chetlab oʻtilgan. Bu yondashuv davlat qarz instrumentlari bozorining oʻziga xos xususiyatlarini, jumladan Markaziy bank va Moliya vazirligi ishtirokidagi maxsus mexanizmlarni hisobga olgan holda qilingan boʻlishi mumkin.

Repo bitimi tushunchasi Nizomda aniq ta’riflangan boʻlib, bu bitim shartlarida belgilangan muddat va bahoda qimmatli qogʻozlarni qayta sotib olish (yoki sotish) sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi. Repo bitimi dunyo amaliyotida qisqa muddatli likvidlikni ta’minlash, moliyaviy vositachilarning kassa uzilishlarini yopish hamda qimmatli qogʻozlar bozorida savdo faolligini oshirish uchun keng qoʻllaniladi.

 

Asosiy tushunchalar

Repo bitimi, repo tashabbuskori, repo aksepanti, savdo tizimi, qimmatli qogʻozlar, birjaga kiritilgan qimmatli qogʻozlar va mukofot. Bu ta’riflar orasida ayniqsa “mukofot” tushunchasi e’tiborga loyiq. U repo bitimi boʻyicha pul mablagʻlaridan foydalanish evaziga toʻlanadigan, foizlarda ifodalanadigan va dastlabki hamda qayta sotib olish narxlari oʻrtasidagi farqni aks ettiruvchi haq sifatida belgilangan. Bu mohiyatan repo bitimining kredit-foizli tabiatini ochib beradi. Garchi yuridik shaklda ikki bosqichli oldi-sotdi bitimi boʻlsada iqtisodiy mazmunda u qimmatli qogʻozlar garovi ostida qisqa muddatli qarz olish operatsiyasidir.

Savdo tizimi tushunchasi orqali Nizom fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchisining avtomatlashtirilgan elektron tizimlarini nazarda tutadi va ular orqali buyurtmalarni roʻyxatga olish, hisob-kitoblarni yuritish va bitimlarni avtomatik tuzish imkoniyati ta’minlanadi. Bu esa bitim tuzish jarayonining raqamlashtirilganligini va shaffofligini kafolatlovchi asosiy tamoyillardan biridir.

 

Repo bitimlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan talablar

Rezidentlar tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini tuzish faqat savdo tashkilotchilarining savdo tizimlari orqali amalga oshirilishi shart. Bu talab bitimlarning markazlashgan va nazorat qilinadigan muhitda sodir boʻlishini ta’minlaydi. Birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritilgan qimmatli qogʻozlar repo bitimlarining ta’minoti (garov) sifatida kiritilishi mumkin biroq bunda muhim shart qoʻyilgan. Emitent yoki qimmatli qogʻozning xalqaro kredit reytingi Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingidan koʻpi bilan ikki pogʻona past boʻlishi kerak. Aks holda milliy reyting shkalasi boʻyicha ekvivalenti talab qilinadi. Bu qoida ta’minot sifatidagi qimmatli qogʻozlarning kredit sifatini nazorat qilish orqali bozor barqarorligini himoya qiluvchi chora hisoblanadi.

Yana bir muhim cheklov bu joylashtirilmagan qimmatli qogʻozlar, shuningdek emitent tomonidan sotib olingan yoki uning tasarrufiga boshqacha tarzda kelib tushgan qimmatli qogʻozlar (obligatsiyalar va hosilalar bundan mustasno) bilan repo bitimlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu bozorda sun’iy likvidlik yaratish yoki emitentning oʻz qogʻozlari bilan aldamchi haralatlar qilishining oldini olishga qaratilgan himoya mexanizmi.

Repo bitimi ikki tomon repo tashabbuskori va repo aksepanti oʻrtasida tuziladi hamda unda dastlabki sotish (sotib olish) shartlari (narxi, miqdori) va qayta sotib olish (sotish) shartlari (muddati, narxi, miqdori) albatta koʻrsatilishi lozim. Bitim savdo tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi. Bu esa huquqiy aniqlik va bitim vaqtini bir ma’noli belgilash imkonini beradi.

 

Bitim tuzish shartlari va mexanizmi

Uchinchi bobda repo bitimlarining amaliy mexanizmi batafsil tasvirlangan. Repo tashabbuskori savdo tizimida buyurtma beradi, unda dastlabki sotish (sotib olish) narxi, qayta sotib olish muddati va mukofot miqdori (yillik foizlarda) koʻrsatiladi. Diqqatga sazovor jihat shundaki, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan va aksepant vazifasini bajaruvchi yuridik shaxslar uchun maxsus qoida joriy etilgan. Ular mukofot miqdorini bitim tuzilgan sanadagi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlmagan darajada belgilashi shart. Bu qoida davlat ishtirokidagi tashkilotlarning davlat mablagʻlaridan bozor shartlaridan past foizda foydalanib, yashirin subsidiyalash holatlariga yoʻl qoʻymaslikka xizmat qiladi hamda byudjet mablagʻlari va davlat korxonalari resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlaydi.

Repo bitimi ikki oʻzaro bogʻliq qismdan iborat. Birinchi qismda qimmatli qogʻozlar belgilangan shartlarda sotiladi (sotib olinadi), ikkinchi qismda esa ular belgilangan muddat va shartlarda qayta sotib olinadi (sotiladi). Bitimning muddati birinchi qism roʻyxatga olingan sanadan ikkinchi qism esa ijro etiladigan sanagacha boʻlgan davr sifatida belgilanadi. Bitim avtomatik tarzda repo aksepanti tashabbuskorning buyurtmasini qabul qilgan zahoti tuzilgan va roʻyxatga olingan hisoblanadi. Bu esa jarayonni operativ va inson omilidan mustaqil qiladi.

Ikkinchi qismning ijrosi ham avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Muddat tugagach savdo tizimi qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlari boʻyicha hisob-kitoblarni mustaqil ravishda bajaradi. Bunda savdo tizimi oldindan ijro sanasidan kamida bir kun oldin tomonlarning mablagʻ va qogʻozlari yetarliligini tekshiradi va bitim tomonlariga ogohlantirish yuboradi. Agar yetarlilik shartlari bajarilmasa, tegishli tomon oʻz majburiyatini bajarmagan deb topiladi va qonunchilikda hamda bitim shartlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi, texnik nosozliklar bundan mustasnodir.

Ikkinchi qism boʻyicha tomonlarning huquq va majburiyatlari birinchi qismga nisbatan teskari tartibda amalga oshiriladi. birinchi bosqichda sotuvchi boʻlgan tomon ikkinchi bosqichda xaridor, birinchi bosqichda xaridor boʻlgan tomon esa sotuvchi rolini bajaradi. Bitim davomida qimmatli qogʻozlarga oid huquq va majburiyatlar vaqtinchalik tashabbuskordan aksepantga oʻtadi biroq ikkinchi qism toʻliq ijro etilgunga qadar tomonlarning yakuniy majburiyatlari yuzaga kelmaydi.

Shuningdek, qayta sotib olinadigan qimmatli qogʻozlar soni dastlab sotilgan (sotib olingan) qogʻozlar soniga teng boʻlishi shart. bu qoida bitimning “repo” mohiyatini, ya’ni garovli qarz operatsiyasi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Barcha repo bitimlari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, faqat milliy valyutada amalga oshiriladi. Bu qoida valyuta bozorini tartibga solish siyosati bilan uygʻunlashtiradi.

Savdo tashkilotchilari roʻyxatga olingan repo bitimlarining alohida xronologik hisobini, shuningdek repo bitimlari doirasida amalga oshirilgan oldi-sotdi operatsiyalarining alohida hisobini yuritishi shart. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi ya‘ni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi savdo tashkilotchilaridan va bozor ishtirokchilaridan repo bitimlariga oid ma’umotlarni belgilangan muddatlarda soʻrab olish huquqiga ega. Bundan tashqari, qonunchilik buzilishi holatlari aniqlansa, savdo tashkilotchilari ikki ish kuni ichida bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi shart. Bunday tezkor xabardor qilish tartibi bozor monitoringi va tezkor reaksiya tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa

Nizom Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorida repo bitimlari uchun toʻliq huquqiy asos yaratadi, jarayonni raqamlashtiradi va avtomatlashtiradi, hamda bozor barqarorligini ta’minlash uchun bir qator prudensial choralarni (kredit reytingi boʻyicha talab, davlat ulushi boʻlgan tashkilotlar uchun maxsus stavka, joylashtirilmagan qogʻozlar bilan operatsiyalarni taqiqlash) joriy etadi. Bu hujjat, birinchidan, moliya bozori infratuzilmasini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, ikkinchidan, bozor ishtirokchilari uchun qisqa muddatli likvidlikni boshqarish vositalarini kengaytirish maqsadida qabul qilingan deb baholash mumkin. Amaliyotda uning samaradorligi koʻp jihatdan savdo tashkilotchilarining texnik infratuzilmasi va bozor ishtirokchilarining repo instrumentidan foydalanish tajribasiga bogʻliq boʻladi.

image.png
G
Gʻayrat Eshbayev

Toshkent davlat yuridik universiti, Huquq va texnologiyalar shoʻbasi oʻqituvchisi

Shu kabi maqolalarni har hafta oling

Telegram kanalimizga obuna boʻling — yangi qonun oʻzgarishlari va amaliy maslahatlar digestni birinchi boʻlib oling.

@civil_uz kanalga o'tish

Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin