Oʻzbekistonda texnikumlar bilan dual ta’limni yoʻlga qoʻygan va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlaydigan tashkilotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi tartibi joriy etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-avgustdagi 449-son qarori bilan texnikumlar bilan dual ta’limni tashkil qilgan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi tasdiqlandi. Hujjat 2026-yil 21-avgustda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Tashkilotlarga qancha kredit beriladi?
Texnikum bilan dual ta’lim dasturini tashkil etgan tashkilotlarga:
2 yillik imtiyozli davr bilan;
7 yil muddatga;
5 mlrd soʻmgacha;
Markaziy bank asosiy stavkasidan yillik 4 foiz punkt yuqori stavkada
kredit ajratilishi mumkin.
Kreditlar “Oʻzmilliybank” AJ va “Aloqabank” ATB orqali beriladi.
Bunda kreditning har 1 mlrd soʻmi hisobiga tashkilot kamida 5 nafar oʻquvchini ikki oʻquv yili davomida dual ta’lim asosida jalb qilishi va kamida 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ish bilan ta’minlashi kerak.
Mazkur shartlar bajarilmasa, kredit boʻyicha foiz miqdori boshqa amaldagi bozor stavkalariga oʻzgartirilishi nazarda tutilgan.
Kreditni kimlar olishi mumkin?
Kredit olish uchun tashkilot bir qator talablarga javob berishi lozim.
Jumladan, tashkilot:
texnikum bilan dual ta’limni yoʻlga qoʻygan boʻlishi;
dual ta’lim boʻyicha texnikum bilan hamkorlik shartnomasini tuzgan boʻlishi;
oʻquvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etgan boʻlishi;
oʻquvchilarga malakali mutaxassislarni ustoz sifatida biriktirgan boʻlishi;
dual ta’lim olayotgan oʻquvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzgan boʻlishi;
joriy yilda texnikum bitiruvchisini vakant ish oʻrniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan boʻlishi kerak.
Shundan soʻng tashkilot kredit olish uchun tijorat bankiga murojaat qilishi mumkin.
Kredit mablagʻlarini nimalarga ishlatish mumkin?
Qarorda kreditdan foydalanish yoʻnalishlari ham aniq belgilangan.
Kredit mablagʻlari, jumladan:
yangi biznes yoki ishlab chiqarish yoʻnalishlarini ishga tushirish;
ishlab chiqarishni rivojlantirish va kengaytirish;
zamonaviy texnologiyalar xarid qilish;
tashkilotni modernizatsiya qilish;
eksportni qoʻllab-quvvatlash;
qayta tiklanuvchi energiya jihozlarini xarid qilish;
raqamlashtirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini moliyalashtirish;
asosiy vositalarni sotib olish;
aylanma mablagʻlarni toʻldirish
uchun sarflanishi mumkin.
Shuningdek, dual ta’lim jarayonida ishtirok etayotgan tashkilot mutaxassislari hamda oʻquvchilarga biriktirilgan ustozlarni ragʻbatlantirishga ham mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.
Kredit olish uchun qanday hujjatlar kerak?
Tashkilot tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni qogʻoz shaklida taqdim etadi:
kredit olish toʻgʻrisidagi ariza;
ariza beruvchining amalda faoliyat yuritayotganini tasdiqlovchi hujjatlar;
texnikum va tashkilot oʻrtasidagi hamda tashkilot va oʻquvchi oʻrtasidagi dual ta’lim shartnomalari nusxalari;
dual ta’lim dasturi;
dual ta’limda tahsil olayotgan oʻquvchilar roʻyxati;
kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ma’lumot.
Bank taqdim etilgan hujjatlarni 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
Kredit ajratish boʻyicha qaror qancha vaqtda chiqariladi?
Agar tashkilotning hujjatlari kreditga layoqatlilik talablariga mos kelsa, tijorat banki bu haqda tashkilotga 3 ish kuni ichida xabar beradi, kredit shartnomasini tuzadi va pul mablagʻlarini tashkilotning hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
Agar kredit berish rad etilsa, bank qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir haftadan kechiktirmasdan rad etish sabablarini koʻrsatgan holda tashkilotga yozma javob berishi kerak.
Tashkilot rad etish qaroridan norozi boʻlsa, yuqori turuvchi bank organiga, tegishli nizolarni hal qiluvchi organlarga, Markaziy bankka, moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qiluvchi vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
Kredit olish jarayoni qanday ishlaydi?
Qarorning ilovasida kredit ajratish jarayoni alohida sxema shaklida ham koʻrsatilgan.
Jarayon umumiy hisobda quyidagicha:
1-bosqich. Tashkilot texnikum bilan dual ta’limni yoʻlga qoʻyadi va kamida bir nafar bitiruvchini bir yil muddatga ishga qabul qiladi.
2-bosqich. Tashkilot ikki hafta ichida tijorat bankiga kredit olish uchun murojaat qiladi.
3-bosqich. Bank hujjatlarni 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
4-bosqich. Kreditga layoqatlilik talablari bajarilgan boʻlsa, bank 3 ish kuni ichida tashkilotni xabardor qiladi va kreditni oʻtkazadi.
5-bosqich. Kredit ajratilgach, tashkilot mablagʻlardan belgilangan maqsadlarda foydalanadi.
Keyinchalik bank dual ta’limning amalda tashkil etilganligi va ishga qabul qilingan bitiruvchining mehnat faoliyatini davom ettirayotganini davriy ravishda monitoring qilib boradi. Qarorning 8-sahifasidagi sxemada ushbu jarayon bosqichma-bosqich koʻrsatilgan.
Investorlar buyurtmasi asosida oʻqish ham kengaytiriladi
Qaror faqat imtiyozli kreditlar bilan cheklanmaydi.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab investorlarning buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash toʻlov-kontrakt asosida jismoniy shaxslar yoki investorlar mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Investor buyurtmasiga asosan oʻquvchilar tegishli kasb va mutaxassisliklar boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri, ya’ni imtihonsiz oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
Bunda alohida guruhlarning oʻquv reja va dasturlariga investor takliflari asosida 30 foizgacha oʻzgartirish kiritish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Bu nima beradi?
Yangi mexanizm texnikum, oʻquvchi va biznes manfaatlarini bitta tizimda birlashtirishga qaratilgan.
Tashkilot ishchi kuchini oʻz ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlash imkoniyatiga ega boʻladi. Texnikumdagi ta’lim esa ishlab chiqarishdagi real ish jarayoni bilan bogʻlanadi. Oʻquvchi oʻqish davridayoq amaliy tajriba orttiradi va keyinchalik ishga joylashish imkoniyatiga ega boʻladi.
Davlat esa bunday modelda ishtirok etayotgan tashkilotlarni uzoq muddatli kredit bilan ragʻbatlantiradi.
Shu bilan birga, kreditning imtiyozli shartlari tashkilotning dual ta’lim va bitiruvchilar bandligi boʻyicha majburiyatlarini amalda bajarishiga bevosita bogʻlangan.
Shu kabi maqolalarni har hafta oling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.
Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin

