2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-246-sonli Prezident Farmoni Oʻzbekistonda naqdsiz toʻlovlar infratuzilmasini tubdan oʻzgartirishni maqsad qiladi. Farmonning 3-bandiga muvofiq, Markaziy bank 2026-yil 1-yanvarga qadar savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar uchun yagona QR-kodni joriy etishi, 1-iyuldan esa undan foydalanish majburiy boʻlishi belgilangan. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb baholanadi .
Tizimning asosiy maqsadi – iste’molchi istalgan bank yoki toʻlov ilovasi orqali bitta QR-kodni skanerlab toʻlov qiladi, tadbirkor esa bir necha xil QR-kodlarni parallel saqlab turish zaruratidan ozod boʻladi. Markaziy bankning 2026-yil 23-iyundagi rasmiy tushuntirishida esa komissiya tuzilmasi shaffof qilib koʻrsatilgan. Umumiy 0,65 foiz faqat merchant tomonidan toʻlanadi va ishtirokchilar oʻrtasida ularning real roli asosida taqsimlanadi . Biroq tizim ishga tushganidan keyingi ikki oy ichida ochiq manbalar, Markaziy bank izohlari va tadbirkorlarning e’tirozlari shuni koʻrsatdiki, asosiy muammo texnologiyaning oʻzida emas, balki uni qoʻllash amaliyotida, huquqiy talqinlarda yotadi.
Farmonga koʻra, yagona QR-kodni oʻrnatish va undan foydalanish majburiy hisoblanadi, lekin boshqa toʻlov usullari taqiqlanmaydi. Markaziy bankning Kun.uz’ga bergan rasmiy javobida bu pozitsiya aniq ifodalangan. Hech qachon savdo nuqtalariga Click, Payme, Uzum yoki boshqa servislarning QR-kodlarini olib tashlash boʻyicha koʻrsatma berilmagan. Bunday talab qonunga zid va tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuv hisoblanadi . Bu holat “majburiy oʻrnatish” bilan “faqat UzQR orqali ishlash” tushunchalarining chalkashtirilganidan kelib chiqadi. Natijada qonuniy asosga ega boʻlmagan bosim yuzaga kelmoqda va bu oʻz navbatida tadbirkorlarning ishonchini pasaytiradi.
Ikkinchi jiddiy muammo – subyektlar kesimidagi chalkashlik. Yuridik shaxslar uchun PF-246 asosida UzQR joriy etilgan boʻlsa, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilganlar uchun boshqa hujjat – PQ-247 – asosida maxsus QR-kod talab qilinadi . Amaliyotda bu maxsus kod asosan Paynet Xolis platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Parallel ravishda TezQR, tijorat servislarining QR-lari va terminal QR-lari ham ishlayapti. Oddiy tadbirkor uchun qaysi talab oʻziga tegishli ekanini, qaysi QR davlatning majburiy talabi ekanini aniqlash qiyinlashgan. Bu regulyator tomonidan yetarli darajada tushuntirilmagan ikki parallel islohotning natijasidir.
Amaliyotda yanada jiddiy texnik muammo ochiqlandi. 2026-yil 1-yanvardan banklar tomonidan yuridik shaxslarga berilayotgan yagona QR-kodlar asosan statistik (statik) QR-kodlar hisoblanadi. Ushbu turdagi kodlar avvalgi statistik QR-kodlarga xos barcha cheklovlarni oʻzida saqlab qolgan. Bank yagona statistik QR-kodga sotuvchining ma’lumotlarini biriktiradi, biroq unda MXIK (mahsulot yoki xizmatning identifikatsiya kodi) toʻliq va mos ravishda aks etmaydi. Natijada toʻlov sotuvchining hisob raqamiga tushadi, lekin avtomatik fiskallashtirish amalga oshirilmaydi: tovar korxonaning hisobidan chiqarilmaydi, soliq organlari qaysi tovar yoki xizmat uchun toʻlov kelganini bilmaydi, xaridorlar esa tegishli keshbekni ololmaydilar .
Ayniqsa markirovkalangan mahsulotlar (suv, salqin ichimliklar, yogʻ va boshqalar) bilan ishlaydigan subyektlar uchun bu jiddiy cheklovdir. Statistik yagona QR-kod orqali raqamli markirovka kodlarini toʻgʻri hisobdan chiqarish imkoni yoʻq. Bundan tashqari, onlayn-NKM va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, cheklarda tranzaksiyaning noyob raqami (RNN) aks ettirilishi shart. Statistik yagona QR-kod orqali toʻlov qilinganda bunday raqam mavjud emas va uni kassaga kiritish texnik jihatdan imkonsiz . Ba’zi soliq xodimlari va maslahatchilar ogʻzaki ravishda bunday realizatsiyalarni kassa orqali qoʻshimcha rasmiylashtirishni tavsiya etmoqda, biroq bu amaliyot mavjud normativlarga toʻliq mos kelmaydi.
Farmonda yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb belgilanadi. Ammo real hayotda QR stiker mavjud boʻlib, tizim vaqtincha ishlamasa, internet uzilsa, bank faollashtirishni kechiktirsa, xaridorning ilovasi kodni oʻqimasa yoki kassir jarayonni toʻgʻri bajarmasa, bunday holatlar uchun aniq yondashuv yoʻq.
Ammo, iqtisodiy jihatdan Markaziy bankning 0,65 foizlik tarifi bozordagi avvalgi 1–3 foizlik stavkalardan past va shaffof taqsimlangan. Markaziy bank ta’kidlaganidek, umumiy 0,65 foiz quyidagicha taqsimlanadi: 0,10 foiz ekvayer bankka, 0,15 foiz Uzcard va Humo oʻrtasida, 0,20 foiz tizim operatoriga (MUNIS), 0,15 foiz toʻlov tashabbuskoriga va 0,05 foiz toʻlovchi bankka. Ishtirokchilar bir vaqtning oʻzida bir necha ulushni olishi mumkin. Bu tuzilma shaffof boʻlsa-da, majburiylik omili uning iqtisodiy qabul qilinishiga ta’sir qiladi.
Yana bir amaliy cheklov – tizimning hali toʻliq universal emasligi. Hozircha asosan Uzcard va Humo kartalari bilan ishlaydi. Visa yoki Mastercard bilan bogʻlangan toʻlovlar uchun imkoniyat cheklangan. Natijada savdo nuqtalari UzQR bilan birga POS-terminal va boshqa yechimlarni parallel ushlab turishga majbur boʻlib qolmoqda. Bu esa “barcha QRlarni bitta QRga birlashtirish” konsepsiyasini qisman zaiflashtiradi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, UzQR texnik jihatdan foydali va istiqbolli yechim. Uning 0,65 foizlik tarifi bozor oʻrtacha koʻrsatkichlaridan past, shaffoflik esa ijobiy. Biroq hozirgi bosqichda asosiy risk texnologik emas, balki normativ-huquqiy aniqlikning yetarli emasligi, ijro intizomining turlichaligi, nazorat amaliyotining standartlashtirilmaganligi hamda statistik QR-kodning fiskallashtirish va markirovka bilan bogʻliq cheklovlaridir. Tizimning muvaffaqiyati uning texnik ishlashidan koʻra, tadbirkorlar va iste’molchilar uchun tushunarli, adolatli va bashorat qilinadigan muhit yaratilishiga bogʻliq.
Shu sababli, keyingi bosqichda Markaziy bank, Soliq qoʻmitasi va Adliya vazirligi tomonidan birgalikda bir necha yoʻnalishda ish olib borish maqsadga muvofiq. Birinchidan, “UzQR majburiy, boshqa toʻlov usullari ixtiyoriy” degan pozitsiyani yanada aniq, keng va doimiy tarqatish kerak. Ikkinchidan, savdo qoidalarini buzish tarkibini texnik nosozlik, bank aybi va boshqa obyektiv holatlarga qarab differensiallash lozim. Uchinchidan, nazorat organlari uchun yagona, shaffof tekshirish mezonlarini belgilash zarur. Toʻrtinchidan, xaridordan har qanday qoʻshimcha komissiya undirilishini mutlaq taqiqlash va buni qoidalarda mustahkamlash kerak. Beshinchidan, dinamik yagona QR-kodni tezlashtirilgan tartibda ishlab chiqish va joriy etish, oʻtish davrida statistik kod orqali qilingan toʻlovlarni fiskallashtirish tartibini aniq belgilash zarur.
Intellektual mulk huquqi shoʻbasi oʻqituvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti
Barcha maqolalarini ko'rishShu kabi maqolalarni har hafta oling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.
Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin



