Yurist nigohi

Sun’iy intellekt rivojlangan davlatlarda qanday nazorat qilinmoqda: besh davlat tajribasi tahlili

Sun’iy intellekt rivojlangan davlatlarda qanday nazorat qilinmoqda: besh davlat tajribasi tahlili

Sun’iy intellekt bugungi kunda tibbiyotdan bank sohasigacha, ta’limdan sudlov tizimigacha deyarli barcha jabhalarga kirib bormoqda. Texnologiya qanchalik tez rivojlansa, huquqiy savollar ham shunchalik koʻpayadi: agar algoritm inson huquqlarini buzadigan qaror chiqarsa, kim javobgar boʻladi? Odam oʻziga nisbatan qaror qabul qilishda SI ishtirok etganini bilishi shartmi? Va bu qarorni inson qayta koʻrib chiqishi kerakmi? Soʻnggi ikki-uch yil ichida dunyoning yetakchi davlatlari bu savollarga oʻz javobini qonun darajasida berishga urindi. Qiziq jihati shundaki, javoblar bir-biridan tubdan farq qiladi — Yevropa Ittifoqi qattiq va batafsil tizim yaratdi, Janubiy Koreya yumshoq va ragʻbatlantiruvchi yoʻl tanladi, Yaponiya deyarli jazo choralarisiz qonun qabul qildi, Xitoy esa alohida qonun oʻrniga ma’muriy reglamentlar toʻplamini shakllantirdi. AQShda esa yagona federal qonun yoʻq — masala shtatlar darajasida hal qilinmoqda. Keling, bu beshta yondashuvni birma-bir koʻrib chiqamiz.

Yevropa Ittifoqi: xavf darajasiga qarab tartibga solish

Yevropa Ittifoqining 2024/1689-sonli Reglamenti dunyodagi birinchi yaxlit sun’iy intellektni tartibga soluvchi qonun hisoblanadi. Uning eng muhim gʻoyasi shundaki, talablar hajmi texnologiyaning murakkabligiga emas, balki u qoʻllanadigan sohaga bogʻliq. Masalan, kasalxonada bemorga tashxis qoʻyishda ishlatiladigan SI tizimi inson salomatligiga bevosita ta’sir qilgani uchun unga juda qattiq xavfsizlik talablari qoʻyiladi, biroq pochtadagi spam-filtr kabi oddiy dasturlar deyarli hech qanday nazoratsiz qoladi.

Reglamentga koʻra, SI tizimlari xavf darajasiga qarab toʻrtta guruhga boʻlinadi. Birinchi guruh — butunlay taqiqlangan amaliyotlar: bularga insonning ong ostiga yashirin ta’sir koʻrsatib xulq-atvorini manipulyatsiya qilish, inson zaifliklaridan gʻarazli foydalanish, fuqarolarni ularning xatti-harakatlariga qarab ijtimoiy baholash (social scoring), shuningdek internetdan yuz tasvirlarini tartibsiz yigʻish orqali biometrik ma’lumotlar bazasi yaratish kiradi. Ikkinchi guruhni yuqori xavfli tizimlar tashkil etadi — bularga ta’lim, kadrlar tanlash, bank-moliya, tibbiyot, huquqni muhofaza qilish va sudlov sohasidagi SI tizimlari kiradi. Bunday tizimlardan foydalanish taqiqlanmaydi, ammo ular bozorga chiqishidan oldin bir qator qat’iy talablarga javob berishi kerak: xavf-xatarlar muntazam baholanishi, oʻqitish uchun ishlatiladigan ma’lumotlar sifatli boʻlishi, texnik hujjatlar toʻliq yuritilishi va — eng muhimi — tizimda inson nazorati imkoniyati saqlanib qolishi shart. Bu yerda “inson qaror qabul qiladi” degan yozuv shunchaki qogʻozda qolmasligi, balki tizimning oʻzida amalda ta’minlanishi talab etiladi. Uchinchi guruhga faqat shaffoflik talablari qoʻyiladi — SI bilan muloqot qiluvchi tizim oʻzining sun’iy ekanligini bildirishi, sun’iy yaratilgan audio, tasvir va video materiallar esa tegishlicha markirovka qilinishi kerak. Toʻrtinchi, minimal xavfli guruhga esa qoʻshimcha majburiyat yuklanmaydi.

Qoidabuzarlik uchun jarimalar ham katta: taqiqlangan amaliyot uchun 35 million yevrogacha yoki kompaniyaning yillik aylanmasining 7 foizigacha, boshqa buzilishlar uchun esa 15 million yevro yoki 3 foizgacha jarima belgilangan. Muhimi, qonun chet el kompaniyalariga ham tatbiq etiladi — agar tizim natijasi Yevropa Ittifoqi hududida ishlatilsa, ishlab chiquvchining qayerda joylashgani ahamiyatsiz. Aynan shu qoida tufayli Reglament global ta’sirga ega boʻlib, adabiyotlarda bu hodisa “Bryussel effekti” deb nomlanmoqda. Biroq amaliyotda qonunni joriy etish oson kechmayapti: a’zo davlatlarda nazorat organlari oʻz vaqtida tayinlanmadi, texnik standartlar tayyor boʻlmadi, natijada 2026-yil yozida qabul qilingan tuzatishlar bilan yuqori xavfli tizimlarga oid talablarni bajarish muddati 2027-yil dekabrga koʻchirildi. Bu — qonun matnini yozish uni amaliyotda qoʻllashdan ancha osonroq ekanini yяна bir bor koʻrsatdi.

Janubiy Koreya: yumshoq talablar va ragʻbatlantiruvchi yoʻl

Janubiy Koreyaning Ramka qonuni 2026-yil 22-yanvardan amal qilmoqda va yaxlit SI qonuni qabul qilgan ikkinchi yirik davlat tajribasi hisoblanadi. Yevropa modelidan farqi shundaki, matnning katta qismi cheklovlarga emas, balki sohani rivojlantirishga bagʻishlangan — hisoblash mashinalari, katta ma’lumotlar bazasi, kadrlar tayyorlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Qonun ikki toifadagi tizimlarga alohida talab qoʻyadi. Birinchisi — “yuqori ta’sirli SI”, ya’ni inson hayoti, xavfsizligi yoki asosiy huquqlariga jiddiy ta’sir qilishi mumkin boʻlgan tizimlar: energetika, ichimlik suvi ishlab chiqarish, tibbiy xizmatlar, yadro xavfsizligi, jinoyat tergovida biometrik tahlil, ishga qabul qilish, kredit baholash, transport va maktabda oʻquvchilarni baholash shular jumlasidan. Bunday tizimlarni taqdim etuvchi tashkilotlar beshta majburiyatni bajarishi kerak: xavflarni boshqarish rejasini yuritish, natijalarning tushuntiriluvchanligini ta’minlash, foydalanuvchilarni himoya qilish choralarini koʻrish, inson nazoratini saqlash va barcha tadbirlarni hujjatlashtirish. Qiziqarli jihati shundaki, agar kompaniya boshqa qonun doirasida shunga oʻxshash xavfsizlik choralarini allaqachon joriy etgan boʻlsa, bu majburiyatlar bajarilgan deb hisoblanadi — bu ortiqcha ma’muriy yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi. Ikkinchi toifaga esa oʻqitish uchun oʻta yuqori hisoblash quvvati talab qilinadigan eng yirik modellar kiradi, ular uchun baholash natijalarini vazirlikka taqdim etish majburiyati bor — amalda bu talab asosan global texnologik gigantlarga tegishli.

Shaffoflik uch bosqichda ta’minlanadi: foydalanuvchi SI ishlatilayotgani haqida oldindan ogohlantiriladi, natijaning sun’iy yaratilganligi koʻrsatiladi, haqiqiysidan farqlash qiyin boʻlgan sintetik kontent esa alohida markirovka qilinadi. Jarima tizimi esa ancha yumshoq: yuqori chegarasi 30 million von (taxminan 22 ming dollar) boʻlib, faqat uchta aniq holatda — foydalanuvchini ogohlantirmaslik, mamlakatda vakolatli vakil tayinlamaslik va vazirlik koʻrsatmasini bajarmaslik holatlarida qoʻllaniladi. Xavflarni boshqarish yoki tushuntirish majburiyatlarini buzganlik uchun esa toʻgʻridan-toʻgʻri jarima yoʻq — buning oʻrniga bosqichma-bosqich mexanizm ishlaydi: avval tekshiruv, soʻng majburiy koʻrsatma, va faqat koʻrsatma bajarilmagandagina jarima qoʻllaniladi.

AQSh shtatlari: uchta turli yechim

AQShda yagona federal qonun yoʻqligi sababli asosiy tashabbuslar shtatlar darajasida namoyon boʻlmoqda, va amaliyotda bir-biridan tubdan farq qiluvchi uchta yondashuv shakllangan.

Kolorado shtati “sun’iy intellekt” atamasidan voz kechib, “avtomatlashtirilgan qaror qabul qilish texnologiyasi” tushunchasini kiritdi — bunga shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash orqali inson haqida baho, reyting yoki tavsiya shakllantiruvchi har qanday texnologik vosita kiradi. Majburiyatlar barcha holatlarda emas, balki ta’lim, bandlik, kreditlash, uy-joy, sugʻurta, tibbiyot va davlat xizmatlari kabi muhim sohalarda yuzaga keladi. Bu yondashuvning afzalligi shundaki, u muayyan texnologiya turiga (neyron tarmoq yoki oddiy statistik model) emas, balki tizimning shaxs taqdiriga koʻrsatadigan amaliy ta’siriga qaratilgan — shu bois texnologik taraqqiyot sharoitida ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi. Antivirus, spam-filtr va kalkulyator kabi oddiy vositalar esa regulyatsiya doirasidan chiqarilgan. Kolorado modeli fuqarolarga uchta aniq huquq beradi: avtomatlashtirilgan texnologiya ishlatilayotgani haqida oldindan xabardor qilinish, salbiy qaror qabul qilinganda 30 kun ichida tushunarli tilda asoslantirilgan tushuntirish olish, va qarorning inson tomonidan qayta koʻrib chiqilishini talab qilish. Bu huquqlar shunchaki deklarativ emas, balki aniq protsessual muddatlar bilan mustahkamlangan.

Kaliforniya esa kundalik tizimlarga emas, eng ilgʻor va yirik SI modellarini (frontier models) ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga qaratilgan qonun qabul qildi. Bunday kompaniyalar xavfsizlik siyosatini ochiq e’lon qilishi, har bir yangi modelni joriy etishdan oldin baholash hisobotlarini chop etishi va xavfsizlik hodisasi yuz berganda 15 kun ichida davlat organini xabardor qilishi shart. Qonunda xavfsizlik muammolari haqida xabar bergan xodimlarni ishdan boʻshatishdan himoya qiluvchi normalar ham bor, buzilish uchun har bir holat boʻyicha 1 million dollargacha jarima belgilangan.

Illinoys shtati esa butunlay boshqacha yoʻl tutdi — alohida SI qonuni umuman qabul qilmadi. Buning oʻrniga amaldagi Inson huquqlari toʻgʻrisidagi qonunga qoʻshimcha kiritilib, ishga qabul qilishda SI orqali kamsitishga yoʻl qoʻyish shu qonunning buzilishi deb belgilandi. Ya’ni yangi hujjat ham, yangi nazorat organi ham yaratilmadi — nizolar mavjud mehnat va kamsitishga qarshi qonunchilik doirasida hal qilinadi. Bu usulning afzalligi — tezligi va arzonligida.

Yaponiya va Xitoy: ikki qarama-qarshi tanlov

Yaponiyada 2025-yilda qabul qilingan birinchi SI qonuni qat’iy taqiqlar, litsenziyalash yoki jarimalarni umuman nazarda tutmaydigan, ragʻbatlantiruvchi xarakterdagi hujjat boʻldi. Qonunda SI insonning idrok etish va mulohaza yuritish qobiliyatlarini sun’iy usulda takrorlovchi texnologiya sifatida keng ta’riflangan. Hujjat, eng avvalo, davlat organlari, ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlarining hamkorlik yoʻnalishlarini belgilaydi: Bosh vazir raisligida Sun’iy intellekt boʻyicha strategik shtab tuziladi, sohaga oid Asosiy reja tasdiqlanadi, vazirliklar esa tavsiyaviy yoʻriqnomalar ishlab chiqadi. SI bilan bogʻliq huquqiy nizolar esa Yaponiyaning shaxsiy ma’lumotlar, mualliflik huquqi va mahsulot javobgarligiga oid amaldagi qonunlari doirasida hal etilaveradi. Ya’ni Yaponiya birinchi navbatda cheklashdan koʻra innovatsiyani ragʻbatlantirishni ustuvor deb topdi.

Xitoy esa yaxlit qonun oʻrniga izchil chiqarilgan ma’muriy reglamentlar orqali ancha qat’iy huquqiy rejim shakllantirdi. Asosiy hujjat — 2023-yildan kuchga kirgan generativ SI xizmatlarini boshqarish boʻyicha vaqtinchalik chora-tadbirlar boʻlib, u faqat keng jamoatchilikka koʻrsatiladigan ommaviy xizmatlarni qamrab oladi, tashkilotlarning ichki ilmiy-tadqiqot ishlanmalariga taalluqli emas. SI modellarini oʻqitishda ishlatiladigan ma’lumotlar faqat qonuniy manbalardan olinishi, boshqalarning intellektual mulk huquqi buzilmasligi va shaxsiy ma’lumotlar subyektning roziligi bilan qayta ishlanishi shart. Eng jiddiy norma shundaki, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot SI yaratgan kontent uchun uni bevosita ishlab chiqargan shaxs sifatida toʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi. Voyaga yetmaganlarning raqamli qaramligining oldini olish choralari ham alohida talab etiladi.

2025-yil sentabridan Xitoyda sun’iy kontentni markirovka qilish boʻyicha alohida qoidalar va majburiy davlat standarti amal qilmoqda. Tizim ikki bosqichli: foydalanuvchi koʻra oladigan ochiq vizual belgi va faylning metama’lumotlariga joylashtiriladigan yashirin raqamli belgi. Metama’lumotlar qatlami alohida ahamiyatga ega, chunki vizual belgini kesib tashlash oson boʻlsa-da, fayl tuzilmasidagi yashirin yozuvni oʻchirish ancha murakkab. Bugungi kunda bu — sintetik kontentni markirovka qilish boʻyicha dunyodagi eng batafsil tizim hisoblanadi. Xitoy reglamentlarida maxsus moliyaviy jarimalar bevosita nazarda tutilmagan boʻlsa-da, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan xizmatni ommaga taqdim etishning huquqiy va texnik imkoni yoʻq — bu eng ta’sirchan nazorat vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Yondashuvlarning qiyosiy tahlili

Beshta davlat tajribasini solishtirganda, bir necha muhim farq koʻzga tashlanadi. Birinchidan, har bir davlat aynan nimani nazorat qilishni tanlagani bilan farqlanadi: Yevropa Ittifoqi SI mahsulotining oʻzini va uning xavf darajasini, Kolorado — SI qabul qilayotgan qarorlar funksiyasini, Kaliforniya — modelning texnik quvvatini, Xitoy — ommaviy xizmatlar va ular yaratadigan kontentni, Yaponiya esa davlatning umumiy SI siyosatini nazorat qiladi. Ikkinchidan, nazorat vaqti boʻyicha farq bor: Yevropa Ittifoqi va Xitoyda dastlabki nazorat oʻrnatilgan — SI bozorga chiqishdan oldin baholash va roʻyxatdan oʻtishdan oʻtishi shart, Janubiy Koreyada bu tasniflash kompaniyaning oʻziga topshirilgan, Koloradoda esa dastlabki nazorat umuman yoʻq — qoidabuzarliklar faqat keyinchalik, shikoyatlar orqali aniqlanadi.

Uchinchidan, shaxs huquqlari ta’minlanishi boʻyicha ham farq bor: Kolorado bu borada eng ilgʻor hisoblanib, fuqarolarga aniq muddatlar bilan kafolatlangan huquqlar beradi, Yevropa Ittifoqi shikoyat va tushuntirish olish huquqini taqdim etadi, Koreyada esa tushuntirish berish shaxsning huquqi emas, balki tashkilotning majburiyati sifatida belgilangan. Toʻrtinchidan, javobgarlik choralari borasida ham farq bor — Xitoyda maxsus jarima yoʻq, ammo roʻyxatdan oʻtmasdan bozorga kirishning oʻzi imkonsiz; Koreya ramziy jarimalar oʻrniga davlat xaridlarida ustunlik berish orqali ragʻbatlantiradi; Yevropa Ittifoqida katta jarimalar bor, ammo ularni qoʻllovchi organlar hali toʻliq ishga tushmagan.

Beshinchi jihatda esa barcha davlatlar oʻrtasida oʻxshashlik kuzatiladi: har bir modelda shaffoflik talabi mavjud — foydalanuvchi SI bilan muloqot qilayotganini bilishi va sun’iy yaratilgan kontent majburiy belgilanishi kerak. Bu mezon murakkab texnik infratuzilmani talab qilmagani va nazorati sodda boʻlgani uchun yangi qonunchilik bazasini shakllantirishda eng maqbul boshlangʻich nuqta boʻlib xizmat qilmoqda.

Xulosa

SIni tartibga solishda barcha uchun birdek mos keladigan yagona model mavjud emas. Har bir davlat oʻzining iqtisodiy holati, texnologik salohiyati va ma’muriy nazorat imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oʻziga mos yoʻl tanlagan — Yevropa Ittifoqi qat’iylikni, Koreya muvozanatni, Yaponiya ragʻbatlantirishni, Xitoy nazoratni, AQSh esa moslashuvchanlikni ustuvor deb bildi. Shunga qaramay, ularning barchasini birlashtiruvchi uchta universal element ajralib turadi: foydalanuvchining SI ishtirok etayotganidan xabardor boʻlishi (shaffoflik), muhim qarorlarda inson nazoratining saqlanishi va sun’iy yaratilgan kontentning majburiy markirovka qilinishi. Aynan mana shu uchta ustun — dunyo tajribasida SI qonunchiligini shakllantirishning eng ishonchli poydevori boʻlib qolmoqda, va bu jarayonni kuzatib borish har qanday mamlakat, jumladan Oʻzbekiston uchun ham ahamiyatlidir.

Maqola foydali bo'ldimi? Ulashing:
Ulashish
Xushnazar Joʻrayev
Muallif
Xushnazar Joʻrayev

Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar shoʻbasi oʻqituvchisi

Barcha maqolalarini ko'rish
#sun'iy intellekt

Shu kabi maqolalarni har hafta oling

Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.

@civil_uz kanalga o'tish

Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin

O'xshash maqolalar