Bogʼdorchilik, uzumchilik va polizchilik uchun yer uchastkalarini olish tartibi qanday?

Qonun hujjatlarida fuqarolarning Oʼzbekiston hududida bogʼdorchilik, uzumchilik va polizchilik yuritish uchun yer uchastkalari olish huquqi kafolatlangan.

Xususan, Yer kodeksining 56-moddasida shaharlar va posyolkalarda, shuningdek qishloq aholi punktlarida yashovchi, dehqon xoʼjaligi yuritish uchun tomorqa yer uchastkalariga ega boʼlmagan fuqarolarga korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning iltimosnomasiga binoan jamoa bogʼdorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yoki jamoa polizchiligi uchun vaqtincha foydalanishga yer uchastkasi tuman hokimi tomonidan berilishi nazarda tutilgan.

Jamoa bogʼdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi uchun beriladigan yer uchastkalari koʼchalar ochish, jamoat imoratlari va inshootlari qurish zarurligi hisobga olingan holda bogʼdorchilik-uzumchilik shirkatining har bir aʼzosiga 0,06 gektargacha va polizchilik shirkatining har bir aʼzosiga 0,08 gektargacha oʼlchamda belgilanadi.

Bogʼdorchilik-uzumchilik shirkatlari toʼgʼrisidagi nizomda jamoaviy bogʼdorchilik va uzumchilikni yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkasi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning yoki fuqarolar guruhining iltimosnomasiga binoan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuman hokimi tomonidan berilishi belgilab qoʼyilgan.

Asos.  Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-martdagi 51-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Bogʼdorchilik-uzumchilik shirkatlari toʼgʼrisid»gi nizom.

Tuman hokimining yer uchastkasi berish toʼgʼrisidagi qarorida shirkat tashkil etilganligi koʼrsatiladi va keyinchalik merosga qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini rasmiylashtirish maqsadida shirkat aʼzolarining shirkat har bir aʼzosining yer uchastkalari maydoni koʼrsatilgan holdagi roʼyxati tasdiqlanadi.

Jamoaviy bogʼdorchilik va uzumchilikni yuritish uchun fuqarolarga berilgan yer uchastkasidan meva, rezavor va boshqa qishloq xoʼjaligi ekinlari oʼstirish uchun foydalaniladi.

Jamoa bogʼdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini tashkil etish uchun fuqarolar bogʼdorchilik-uzumchilik yoki polizchilik shirkatlariga birlashadilar. Ushbu shirkatlar uning aʼzoligiga kirishni xohlovchilar kamida 30 kishi boʼlganda tashkil etilishi mumkin.

Shirkatni tashkil etish uchun unga belgilangan tartibda berilgan yer uchastkasi umumiy foydalaniladigan yerlardan va shirkat aʼzolari yerlaridan iborat boʼladi.

Shuni taʼkidlab oʼtish kerakki, umumiy foydalaniladigan yerlar shirkatga doimiy foydalanish huquqi bilan beriladi. Shirkat aʼzolariga yer uchastkalari jamoaviy bogʼdorchilik va uzumchilikni yuritish uchun merosga qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan beriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications