Bojxona ekspertizasi nima va qanday hollarda o`tkaziladi?

Bojxona ekspertizasi tovarlarni identifikatsiyalashga qaratilgan hamda ekspert tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunarmandchilik sohasidagi maxsus bilimlar asosida tadqiqotlar o‘tkazish va xulosa berishdan iborat protsessual harakatdir.

Bojxona ekspertizasining maqsadi tovarlarni:

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tovarning tasniflanishi to‘g‘ri bo‘lishini nazorat qilish uchun;

ularni qayta ishlash mahsulotlarida;

intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarga rioya etilishi uchun identifikatsiyalashdan iboratdir.

Bojxona ekspertizasi tayinlanayotganda va o‘tkazilayotganda vakolatli shaxs:

bojxona ekspertizasi natijalari ustidan shikoyat qilish;

ekspert xulosasini olish uchun qo‘shimcha masalalarni kiritish haqida iltimosnoma berish;

bojxona organlarining va boshqa nazorat qiluvchi davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan tovardan namunalar yoki nusxalar tanlab olinayotganda hozir bo‘lish;

ekspertning xulosasi bilan tanishish va bunday xulosaning ko‘chirma nusxasini olish;

bojxona ekspertizasini o‘tkazish haqida iltimosnoma berish huquqiga ega.

Vakolatli shaxsning iltimosnomasi qanoatlantirilgan taqdirda bojxona organi tegishli qaror qabul qiladi. Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganligi to‘g‘risida bojxona organining mansabdor shaxsi uch ish kuni ichida vakolatli shaxsga rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda yozma shaklda xabar qiladi.

Bojxona ekspertizasini o‘tkazish asoslari quyidagilardan iborat:

bojxona organlari mansabdor shaxslarining bojxona ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risidagi yozma murojaati;

tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sud ajrimi.

Bojxona ekspertizasi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

bojxona nazorati amalga oshirilayotganda tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini o‘tkazish jarayonida;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga binoan tovarning tasniflanishi bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilishda;

bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining tasdiqlangan faktlari bo‘lganda.

Bojxona ekspertizasi bojxona organining binosida yoki, agar bu tekshiruv xususiyatiga ko‘ra zarur bo‘lsa yoxud ekspertiza obyektini bojxona organining binosiga yetkazib berish imkoni bo‘lmasa, boshqa joylarda o‘tkaziladi.

Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan hollarda bojxona ekspertizasini o‘tkazish muddati o‘ttiz kundan oshmasligi lozim.

Bojxona ekspertizasining murakkablik darajasini aniqlashda quyidagi mezonlarni hisobga olish kerak:

obyektning ko‘pligi (tekshiruvga taqdim etilgan uchtadan ortiq obyekt yoki ikki yuz varaqdan ortiq ish materiallari);

qo‘yilgan masalalarning ko‘pligi (tekshiruvlar o‘tkazilishini talab etuvchi uchtadan ortiq masala);

qo‘yilgan masalalarni hal etish uchun tajribalar o‘tkazishda texnologik reglamenti besh ish kunidan ortiq bo‘lgan, ko‘p mehnat talab etadigan usullarni va murakkab asbobsozlik vositalarini qo‘llash ehtiyoji;

qo‘yilgan masalalarni hal etish uchun yangi hisob-kitob modellarini va tekshiruvning xususiy uslublarini ishlab chiqish zarurati;

ekspertizaning komissiyaviy, kompleks yoki takroriy deb hisoblanishi;

bojxona laboratoriyasi hududidan tashqarida turgan obyektlarning bojxona ko‘zdan kechiruvi o‘tkaziladigan joyga chiqish yoxud tekshiruvni boshqa muassasalarning bazasida o‘tkazish zarurati;

boshqa tashkilotlarning ekspertlarini hamda ekspert muassasalarini jalb qilish zarurati.

Bojxona ekspertizalarini o‘tkazishning eng ko‘p muddatlari ularning murakkablik darajasiga ko‘ra to‘rt toifaga bo‘lish orqali belgilanadi:

birinchi toifa — bitta ham murakkablik darajasiga ega bo‘lmagan ekspertizalar, ularni o‘tkazish uchun uch ish kunigacha bo‘lgan muddat talab etiladi;

ikkinchi toifa — hech bo‘lmaganda bitta murakkablik darajasiga ega bo‘lgan ekspertizalar, ularni o‘tkazish uchun besh ish kunigacha bo‘lgan muddat talab etiladi;

uchinchi toifa — kamida ikkita murakkablik darajasiga ega bo‘lgan ekspertizalar, ularni o‘tkazish uchun o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddat talab etiladi;

to‘rtinchi toifa — kamida to‘rtta murakkablik darajasiga ega bo‘lgan o‘ta murakkab ekspertizalar, ularni o‘tkazish uchun yigirma ish kunigacha bo‘lgan muddat talab etiladi.

Bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda majburiy tartibda bojxona ekspertizasi o‘tkaziladigan tovarlar ro‘yxati xavfni boshqarish tizimini qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Qo‘shimcha bojxona ekspertizasi birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasi xulosasida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni to‘ldirish uchun tayinlanadi va o‘sha ekspertning o‘zi yoki boshqa ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Xulosa asoslanmaganda yoki uning to‘g‘riligi shubha tug‘dirganda yoxud uning asosidagi dalillar haqiqiy emas deb topilganda takroriy bojxona ekspertizasi tayinlanadi. Birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasining xulosasi ustidan vakolatli shaxs yoki boshqa manfaatdor shaxs tomonidan shikoyat qilinganda, shuningdek prokuror tomonidan protest keltirilganda ham takroriy bojxona ekspertizasi tayinlanishi mumkin.

Takroriy bojxona ekspertizasini tayinlashda ekspertning (ekspertlar komissiyasining) oldiga avval qo‘llanilgan tekshiruv uslublarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.

Takroriy bojxona ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qarorda takroriy bojxona ekspertizasini tayinlagan organning birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasining xulosasidan noroziligi sabablari keltirilishi kerak.

Takroriy bojxona ekspertizasini o‘tkazish boshqa ekspertga yoki ekspertlar komissiyasiga topshiriladi. Birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasini o‘tkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) takroriy bojxona ekspertizasi o‘tkazilayotganda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin tekshiruvda va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.

Abdusalomov Azamatjon

Yozyovon tumani Adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyoti bo’limining yetakchi maslahatchisi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications