Franshizing shartnomasining o’ziga xos xususiyatlari qanday?

Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligida franshizing – kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi deb nomlanadi. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (franshizing shartnomasi) bo’yicha bir taraf (litsenziar) ikkinchi tarafga (litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qoʼriqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obʼektlardan (tovar belgisi, xizmat koʼrsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini oʼz ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksi (litsenziya kompleksi)ni berish majburiyatini oladigan shartnoma.

Mazkur taʼrifdan kelib chiqib, quyidagicha xulosaga kelish mumki

Birinchidan, franshizing shartnomaning alohida turi hisoblanadi.

Ikkinchidan, shartnoma narsasi mutlaq huquqlar kompleksi (litsenziya kompleksi), shuningdek mutlaq huquqning boshqa obyektlari (tovar belgisi, xizmat koʼrsatish belgisi, ixtirolar va h.k.).

Uchinchidan, franshizing hech qachon bepul berishni nazarda tutmaydi. Аgar taraflar bepul berish haqida shartnoma tuzgan boʼlsalar, u holda bunday shartnoma haqiqiy emas deb tan olinishi mumkin, chunki u qonunchilik talablariga javob bermaydi. Shu bilan birga qonunda nazarda tutilgan bunday talab yirik holdinglar manfaatlariga mos kelmaydi. Holding yagona biznes siyosatiga ega boʼlib, unga affillangan kompaniyalar sarf-xarajatlarini qisqartirishdan manfaatdor. Shu boisdan holding ichida shunday tuzilma yuzaga keladiki, unda aqliy mulk obyektlaridan foydalanish huquqi affillangan kompaniyalar oʼrtasida shartnoma tuzmasdan bepul asosda oʼtadi.

Franshizing shartnomasini taʼriflashda “mutlaq huquqlar” iborasi alohida eʼtiborni talab etadi. Mutlaq huquq bu maʼnoda intellektual mulk obyekti egasiga tegishli huquqning eksklyuzivligini bildiradi. Franshizing shartnomasini tuzar ekan, mutlaq huquq egasi oʼziga tegishli obyektdan boshqa shaxsning ham foydalanishi va bundan foyda olishi uchun rozilik beradi. Аmmo huquqlarning mutlaqligi litsenziatga nisbatan eksklyuzivlikni bildirmaydi. Tegishlicha, litsenziar, mutlaq huquq egasi hisoblanib, xuddi shu huquqlarni boshqa shaxslarga ham berishi mumkin.

Shunday qilib, zamonaviy biznesda franshizing biznesning shunday modeliki, unda bir taraf (franchayzer) boshqa tarafga (franchayziga) haq evaziga oʼz nomidan ishlash huquqini beradi va shu tariqa sotuv bozorini kengaytiradi. Oddiyroq qilib aytadigan boʼlsak, bu – brend “ijarasi”. Yirik kompaniya tadbirkorga oʼz brendi ostida mahsulotni sotish yoki xizmat koʼrsatish huquqini beradi.

Rivojlanayotgan korxona uchun franchayzingning eng asosiy afzalligi – vaqt va kuchning tejalishidir. Ishbilarmon biznes-reja, yetkazib berishlar, sotuvlar va marketing tizimini ishlab oʼtirmaydi. Butun tizim yaxshi yoʼlga qoʼyilgan boʼlsa, bozorga chiqish bilan bogʼliq barcha xavf-xatar ancha kamayadi.

Bunda franchayzi franchayzer tomonidan belgilanadigan muayyan qonunlar va qoidalar asosida ishlash majburiyatini oladi. Yangi biznes boshidanoq franchayzer nazorati ostida boʼladi, u franchayzi tomonidan qabul qilingan barcha standartlarga rioya etilishini diqqat bilan kuzatib boradi.

Bu qoidalarga rioya qilish evaziga franchayzi kompaniya nomidan foydalanish, uning mahsuloti va xizmatlarini taklif qilish, uning ishlab chiqarish va marketing texnologiyalaridan foydalanish, texnologik koʼmagiga erishish huquqini qoʼlga kiritadi. Franchayzer-kompaniya esa, yangi sotuvlar bozorini va qoʼshimcha daromadni qoʼlga kiritadi. Ushbu barcha huquq va imtiyozlarni qoʼlga kiritish uchun tadbirkor franzayzerga dastlabki badalni toʼlaydi, keyin savdo belgisidan foydalanganlik uchun, shuningdek uning qoʼllab-quvvatlashi, oʼqitishi va konsalting uchun har oy badallar toʼlab boradi. Bundan tashqari, u biznesni barpo etish, zarur asbob-uskunalarni sotib olish hamda vakolatli davlat organlarining faoliyat yuritishga ruxsatnomasini olish uchun xarajatlarni o’zi qoplaydi.

Biroq bu, franchayzi tovar belgisining toʼliq egasi yoki kompaniyaning toʼliq huquqli hamkori degani emas. U bor yoʼgʼi brendni “ijara”ga oladi hamda “ijara haqi”ni oʼz vaqtida toʼlab turganda va kompaniya manfaatlariga muvofiq harakat qilganda undan foydalanish huquqiga ega. Bu haqning miqdori alohida kelishib olinadi va shartnomada mustahkamlab qoʼyiladi.

Tashqi koʼrinishdan franshizing tuzilmasi nomi bir xil va bir xil mahsulot ishlab chiqaradigan yoki bitta tovar belgisi ostida xizmatlar koʼrsatadigan filiallar yoki shoʼba korxonalar tarmogʼiga oʼxshab ketadi. Filiallar tarmogʼiga misol qilib “Xalq banki”, “Oʼzbektelekom” АK yoki aloqa operatorlarini aytish mumkin. Shoʼba korxonalariga esa, “General Motors”, “Nokia-Siemens” va bir qator boshqa kompaniyalar misol boʼla oladi. Filiallar va shoʼba korxonalarda, franshizingdan farq qilib, mutlaq huquq obyekti egasi yuqorida tilga olingan biznes-tuzilmalarga nisbatan mulkiy huquqlarga ega boʼladi. Tegishincha, bunday mulkiy huquqlar egasi uchun oʼzining boʼlinmasi yoki shoʼba korxonasiga mutlaq huquqlar obyektini berish va ulardan toʼlov olish uchun alohida shartnoma tuzishdan maʼno yo’q. Franshizing shartnomasi esa, mustaqil xoʼjalik yurituvchi subyektlar oʼrtasida tuziladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications