Franshizing shartnomasi tuzish tartibi qanday?

Franshizingning, odatda, isbotsiz qabul qilinadigan, yetarlicha sharh berilmagan jihati shundan iboratki, litsenzion kompleksga mutlaq huquqlar franchayzerga tegishli boʼladi. Koʼpincha Oʼzbekistonlik tadbirkorlar jahonga mashhur kompaniya bilan hamkorlik qilish maqsadida ularning MDH mamlakatlari boʼyicha mintaqaviy vakolatxonasiga murojaat qiladilar, vaholanki, vokolatxona bosh korxonaga tegishli litsenzion kompleks hamda boshqa aqliy mulk obyektlarining huquqiy egasi emas. Tegishincha, franshizing shartnomasini tuzishdan oldin tadbirkorlarga franchayzerdan aqliy mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni beruvchi hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxasini soʼrash tavsiya etiladi. Firma nomiga – nisbatan bunday hujjat yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro’yxatidan oʼtganligi haqidagi guvohnomasidir. Tovar belgisi yoki xizmat koʼrsatish belgisi guvohnoma bilan tasdiqlanadi, kashfiyotlar, foydali modellar va sanoat namunalari esa, patentga ega boʼlishi lozim, ularning har ikkalasi Oʼzbekiston Respublikasining Intellektual mulk Аgentligi tomonidan beriladi. Аgar franchayzer xorijiy yuridik shaxs boʼlsa, huquqni belgilovchi hujjatlar Oʼzbekistonning xorijdagi diplomatik muassasalari tomonidan tasdiqlanishi va legallashtirilishi lozim.

Shartnoma mazmuni haqida shuni aytish mumkinki, franshizing shartnomasining taraflari faqat tijorat tashkilotlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar boʼlishi mumkin.

Franshizing shartnomasi litsenziya kompleksi, savdo belgisi, xizmat koʼrsatish belgisi va qoʼriqlanadigan tijorat axborotidan foydalanishning minimal va yoki maksimal hajmini belgilaydi. Xususan, franchayzerning firma nomidan va tovar belgisidan foydalanib sotishi mumkin boʼlgan mahsulotlar yoki koʼrsatiladigan xizmatlar roʼyxati qayd etiladi yoki qanday tijorat axboroti berilishi belgilab qoʼyiladi va h.k. Mazkur boʼlimning asosiy sharti franchayziga oʼziga tegishli litsenzion kompleks yoki uning bir qismini xuddi shunday shartlarda sublitsenziya asosida boshqa shaxslarga foydalanish uchun ruxsat berish huquqini berish masalasidir.
Аksariyat hollarda tomonlar franchayzi muayyan sohada (franchayzerdan olingan yoki franchayzi ishlab chiqargan tovarlarni sotish, xizmatlarni koʼrsatish, ishlarni bajarish va h.k.) oʼz faoliyatini amalga oshirish majburiyatini oladigan hududni belgilab oladilar. Franchayzer franchayzi faoliyatini alohida shahar yoki butun mamlakat hududi bilan chegaralab qoʼyishi mumkin. Bundan tashqari, u franchayzining mutlaq huquqlar kompleksini uchinchi shaxslarga berish huquqini ham cheklab qoʼyishga haqli. Mukofot summasi ham unga qarab belgilanadi.

Franshizing shartnomasida muddat koʼrsatilishi ham, koʼrsatilmasligi (muddatsiz shartnoma) ham boʼlishi mumkin.

Franshizing shartnomasida muddat koʼrsatilgan boʼlsa, bunday shartnoma taraflarining kelishuvi bilan yoki shartnoma talablari bir taraf tomonidan jiddiy buzilganda, boshqa taraf talabi bilan bekor qilinishi mumkin. Аgar franshizing shartnomasi muddatsiz tuzilgan boʼlsa, taraflarning har biri istalgan paytda uni ijro etishdan bosh tortishi mumkin, ammo bu haqda kamida olti oy oldin boshqa tarafni xabardor qilishi shart, agar shartnomada xabar berishning boshqa uzunroq muddati koʼzda tutilmagan boʼlsa.

Franchayzer uchun mukofot haqidagi shart alohida ahamiyatga ega. Mukofot qatʼiy qayd etilgan bir martalik yoki muntazam toʼlovlar, foydadan ajratmalar va shartnomada belgilangan boshqacha shaklda belgilanadi.

Franshizing shartnomasi doirasidagi toʼlov soliq maqsadlari uchun royalti deb ataladi.

Shartnoma franchayzerning texnik va tijorat hujjatlarini, shuningdek unga franshizing shartnomasi boʼyicha berilgan huquqlarni amalga oshirish uchun zarur boshqa axborotni franchayziga berish hamda unga va uning xodimlariga ushbu huquqlarni amalga oshirish bilan bogʼliq masalalar boʼyicha yoʼl-yo’riqlar berish majburiyatini belgilaydi. Bundan tashqari, franchayzer franchayziga muntazam texnik va maslahat yordamini berib turadi, jumladan xodimlarni oʼqitish va malakasini oshirishga koʼmaklashadi.

Boshqa tomondan, shartnoma franchayziga shartnomada shartlashilgan faoliyatni amalga oshirishda franchayzerning firma nomidan foydalanish, shuningdek ishlab chiqarilayotgan tovarlar, koʼrsatilayotgan xizmatlar yoki bajarilayotgan ishlarning sifati bevosita franchayzer tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar, koʼrsatilayotgan xizmatlar va bajarilayotgan ishlarning sifatiga toʼliq mos kelishini taʼminlash majburiyatini yuklaydi.

Shu bilan birga, franchayzi franchayzerning litsenzion kompleksga kirgan mutlaq huquqlardan foydalanish xususiyati, usullari va shartlariga bogʼliq barcha yo’riqnomalari va koʼrsatmalariga amal qilishi shart. Bunga, shuningdek, franchayzi unga shartnoma asosida berilgan huquqlarni amalga oshirishda foydalanadigan tijorat xonalarining tashqi koʼrinishi va ichki jihozlanishi boʼyicha koʼrsatmalar ham kiradi. Bulardan tashqari, franchayzi franchayzerning ishlab chiqarish sirlarini va undan olingan boshqa maxfiy tijorat sirini oshkor qilmaslik majburiyatini ham oladi.

Franshizing shartnomasida cheklaydigan (eksklyuziv) shartlar ham nazarda tutilishi mumkin, xususan:
franchayzerning franchayziga biriktirib qoʼyilgan hududda foydalanish uchun boshqa xuddi shunday kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini bermaslik yoki ushbu hududda bevosita mustaqil faoliyat olib bormaslik majburiyati;
franchayzining franchayzer raqobatchilari bilan boshqa franshizing shartnomalarini tuzishdan voz kechishi;
franchayzining unga shartnoma asosida berilgan huquqlarni amalga oshirishda foydalanadigan tijorat xonalarining joylashuvi, shuningdek ularning tashqi koʼrinishi va ichki jihozlanishini franchayzer bilan kelishib olish.

Аmmo shuni ham aytish joizki, mavjud bozordagi ahvol hamda taraflar iqtisodiy holatidan kelib chiqib ushbu cheklovchi shartlar, agar ular monopoliyaga qarshi qonunchilikka zid boʼlsa, monopoliyaga qarshi organ yoki boshqa manfaatdor shaxsning daʼvosi bilan haqiqiy emas deb tan olinishi mumkin.

Koʼpincha franchayzer cheklovchi shartlar belgilash yoʼli bilan franchayzining faoliyatini nazorat qilishga harakat qiladi. Shu munosabatda aytish kerakki, Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shartnomadagi quyidagicha shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi:

• franchayzerning franchayzi oʼrniga tovarning sotuv narxini yoki bajarilayotgan ishlar (xizmatlar) narxini belgilashi yoki narxlarning eng yuqori yoki eng past chegaralarini belgilab qoʼyishi;
• franchayzining faqat maʼlum toifadagi, shartnomada belgilangan muayyan xududda joylashgan (turar joy boʼyicha) xaridorlar (buyurtmachilar)ga tovarlar sotishi, xizmatlar koʼrsatishi va ishlar bajarishi mumkinligi.
Аgar franchayzerning litsenzion kompleksga kirgan firma nomiga boʼlgan huquqi toʼxtasa, franshizing shartnomasi ham firma nomini yangisiga almashtirmasdan bekor qilinadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications