Ish vaqti turlaridan biri – qisqartirilgan ish vaqti

Ish vaqtining qisqartirilgan muddati – xodimlarning mehnatini muhofaza qilish, ishni o‘qish bilan birga qo‘shib olib borish uchun qo‘lay sharoitlar yaratib berish, yoshlar va mehnat qobiliyati pasaygan shaxslarni ular sog‘lig‘iga zarar yetkazmagan holda, mehnatga jalb etish maqsadida normal 40 soatlik ish haftasi o‘rniga haftasiga qonunlarda kamaytirishga yo‘l qo‘yilgan ish vaqti muddatidir. Ish vaqtining ushbu turi bevosita qonunlarda ko‘zda tutilgan hollar va norma asosidagina belgilanishi mumkin.

Lug‘atlarda qisqartirilgan ish vaqti shunday ta’riflanadi: “qisqartirilgan ish vaqti bu xodim va xizmatchilar mehnatini muhofaza qilish, ular faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratib berish maqsadida qonunchilik tomonidan normal ish haftasi bilan taqqoslaganda qisqartirib belgilangan ish vaqti hisoblanadi”.

Qisqartirilgan ish vaqtini tartibga solishning huquqiy asoslari avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-bobida mustahkamlangan normalardan iborat. Ushbu bobda ish vaqti tushunchasi (114-modda), ish vaqtining normal muddati (115-modda), ish vaqtining qisqartirilgan muddati (116-modda), noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan muddati (117-modda), alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan muddati (118-modda) kabi qisqartirilgan ish vaqtiga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solishni ko‘zda tutuvchi muhim qoidalar belgilangan.

Mehnat kodeksining 116-moddasida ta’kidlab o‘tilganidek, ayrim toifa xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘i, mehnat sharoitlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va o‘zga holatlarni inobatga olib, mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi. Bunda mehnatga to‘lanadigan haqnin miqdori aslo kamaytirilmaydi.

O‘zbekiston Ryespublikasi Myehnat kodeksining 116-moddasida belgilanganidek, ish vaqtining qisqartirilgan muddati quyidagilar uchun belgilanadi: o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar (242-modda); I va II guruh nogironi bo‘lgan xodimlar (220-moddaning uchinchi qismi); noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar (117-modda); alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar (118-modda); uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollar.

Qisqartirilgan ish vaqtiga oid normalarga rioya etish ish beruvchining qat’iy majburiyati hisoblanadi. Masalan, voyaga yetmaganni ishga yollar ekan, ish beruvchi uning uchun davomiyligi 40 soatga yetadigan ish haftasini belgilashga haqli emas. Bunday talab, voyaga yetmagan bu haqda ish beruvchiga iltimos qilgan holatlar uchun ham tatbiq etiladi.

Shu bilan bir qatorda qisqartirilgan ish vaqtini unga o‘xshash quyidagi holatlar bilan adashtirmaslik zarur:

1) to‘liqsiz ish vaqti (qisqartirilgan ish vaqti qonun yoki jamoa shartnomasiga muvofiq alohida toifa xodimlarga nisbatan belgilanadi, to‘liqsiz ish vaqti esa, ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarish faoliyatidan qat’iy nazar har qanday xodim bilan kelishib belgilanishi mumkin);

2) dam olish va bayram kunlari arafasidagi qisqartirilgan ish vaqti;

3) tungi vaqtdagi ish bilan bog‘liq holda qisqartirilgan ish vaqti;

4) o‘rindoshlik asosida ish vaqtining davomiyligi.

Qisqartirilgan ish vaqtining to‘liqsiz ish vaqtidan farqlovchi asosiy jihati shundaki, qisqartirilgan ish vaqtida mehnat uchun haq uni to‘la-to‘kis hisoblagan holda to‘lanadi, aksincha to‘liqsiz ish vaqtida esa, ish bajarilgan muddat yoki ish hajmiga qarab haq to‘lanadi.

Qisqartirilgan ish vaqtinining huquqiy asoslari haqida so‘z borganda bu boradagi xalqaro Konvensiyalar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Xalqaro normalarda ish vaqtini tartibga solish masalasiga alohida ahamiyat qaratilganligi ta’kidlash zarur. Xalqaro Mehnat Tashkilotining 1-sonli “Sanoatda ish vaqti to‘g‘risida”gi ilk konvensiyasi 8 soatlik ish kuni va 48 soatlik ish haftasini o‘rnatdi.

Bunday muddatni uzaytirishga faqatgina “baxtsiz hodisa yuz bersa yoxud shunday xavf tug‘ilishining oldini olish maqsadida mashina yoki qurilmani zudlik bilan ta’mirlash zaruriyati tug‘ilsa yoki fors-major holatlarda” yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan. Ishlab chiqarishdan uzluksiz grafik asosida almashib ishlovchilar ish vaqti ham 56 soatdan oshmagan miqdorda uzaytirilish mumkin bo‘lgan. Ushbu konvensiyani mamlakatimiz ratifikasiya qilmagan.

Xalqaro Mehnat Tashkilotining ish vaqti borasidagi navbatdagi muhim qadami uning 47-sonli “Ish vaqtini haftasiga 40 soatga qisqartirish to‘g‘risida”gi Konvensiyani qabul qilishi (1935 yil) bo‘ldi. Ushbu konvensiya RSFSR tomonidan 1956 yilda ratifikasiya qilingan edi.

Umuman olganda turli toifadagi xodimlar va turfa sanoat tarmoqlarida ish vaqtini huquqiy tartibga solishga qaratilgan konvensiyalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ish vaqtini tartibga solishni ko‘zlovchi xalqaro konvensiyalarning asosiylari quyidagilardan iborat:

XMTning 1930 yildagi 30-son “Savdo va muassasalarda ish vaqti to‘g‘risida”gi konvensiya;

XMTning 1935 yildagi 46-son “Ko‘mir konlarida ish vaqti to‘g‘risida (qayta ko‘rib chiqilgan)”gi konvensiya;

XMTning 1935 yildagi 49-son “Shishadamgarlik tashkilotlarida ish vaqtini qisqartirish to‘g‘risida”gi konvensiya;

XMTning 1936 yildagi 51-son “Jamoatchilik ishlarida ish vaqtini qisqartirish to‘g‘risida”gi konvensiya;

XMTning 1937 yildagi 61-son “To‘qimachilik sanoatida ish vaqtini qisqartirish to‘g‘risida”gi konvensiya;

XMTning 1979 yildagi 153-son “Ish vaqti davomiyligi va yo‘l transportida ta’til muddati to‘g‘risida”gi konvensiya.

Yuqoridagilardan guvohi bo‘lganimizdek, xodim ish vaqtini huquqiy tartibga solish jarayoni bugungi kungi zamonaviy insonparvarlilik, odillik va qonuniylik talablariga moslashgunga qadar uzoq rivojlanish bosqichini bosib o‘tgangan.

Shavkat XAMRAQULOV
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali
Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

O‘g‘iloy BOZOROVA
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 2-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications