Konstitutsiyaviy sudga murojaat yozma yoki elektron shaklda yuboriladi. Elektron shaklda yuborilgan murojaat elektron hujjat aylanishi toʼgʼrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʼlishi kerak.
Murojaatda nimalar ko’rsatilishi kerak?
- Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshirilishi lozim boʼlgan normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, u eʼlon qilingan manba, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va qonunining sharh berilishi lozim boʼlgan qoidalari;
- murojaatni Konstitutsiyaviy sudda koʼrib chiqishning huquqiy asoslari;
- qoʼyilgan masala yuzasidan murojaat qiluvchining nuqtai nazari va murojaatni Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga havola qilingan holdagi huquqiy asoslantirish;
- murojaat qiluvchining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri, pochta manzili yoki yashash joyi, vakil va uning vakolatlari toʼgʼrisidagi zarur maʼlumotlar, bundan vakillik lavozim boʼyicha amalga oshiriladigan hollar mustasno;
- ilova qilinayotgan hujjatlar roʼyxati.
Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi boʼlib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi toʼgʼrisidagi ishlarni koʼradi.
Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari
- Oʼzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʼzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
- Oʼzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar Oʼzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, Oʼzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish toʼgʼrisidagi Oʼzbekiston Respublikasi qonunlarining Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
- Qoraqalpogʼiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʼiston Respublikasi qonunlarining Oʼzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʼgʼrisida xulosa beradi;
- Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
- Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʼllanilishi lozim boʼlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʼgʼrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini koʼrib chiqadi;
- konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʼgʼrisida axborot taqdim etadi;
- Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni koʼrib chiqadi.
Kimlar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega?
- Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;
- Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti;
- Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
- Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman);
- Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) oʼrinbosari — Bola huquqlari boʼyicha vakil;
- Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi;
- Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʼrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
- Senat aʼzolari umumiy sonining kamida toʼrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
- Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
- Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurori;
- Oʼzbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
- Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasining Milliy markazi;
- Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil.
Аgar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan boʼlsa, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda koʼrilishi tugallangan muayyan ishda qoʼllanilgan boʼlsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib boʼlingan boʼlsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʼgʼrisidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarida ish sudda koʼrib chiqilganligi va sudda himoya qilishning barcha shakllaridan foydalanilganligi koʼrsatilgan boʼlishi kerak.
Murojaatda murojaat qiluvchi ishni hal etish uchun zarur deb hisoblagan boshqa maʼlumotlar ham koʼrsatilishi mumkin.