Normativ-huquqiy hujjatlarning turlarini bilasizmi?

Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsa, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar va qarorlar tarzidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

Buyruqlar vazirlik va idora nomidan qaror qabul qilish yakka tartibda amalga oshiriladigan vazirlik yoki idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.

Qarorlar davlat qo‘mitalari va idoralar nomidan qaror qabul qilish kollegial organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat qo‘mitalari yoki idoralar tomonidan qabul qilinadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari yoki idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan qo‘shma qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi mumkin.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari hamda hududiy organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli emas.

Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo‘yicha o‘zaro nisbati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.

Normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi.

Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat qoidalari amal qiladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno.

Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning, davlat qo‘mitasining yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati bo‘lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil maqomdagi boshqa vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Abdusalomov Azamatjon

Yozyovon tumani Adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyoti bo’limining yetakchi maslahatchisi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications