Onalar uchun qanday turdagi nafaqalar mavjud?

Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2002-yil 1-apreldagi “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi 21-son buyrugʻi [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 8-mayda 1136-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan] bilan tasdiqlangan nizomga asosan beriladi:

Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.

Nafaqalarni hisoblashda asos qilib olinadigan haqiqiy ish haqiga ish joyidan, sugʻurta badallari undirilib toʻlanadigan jami ish haqi toʻlovlari kiradi.

Homiladorlik taʼtili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sugʻurta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qoʻshilib, oʻrtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanadi.

Avvalgi yoki joriy kalendar yilida ishga kirgan xodimga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik taʼtili boshlangunga qadar ish davrida hisoblangan mukofotlar hisobga olinadi, lekin u dastlabki 12 oyidan koʻp boʻlmaydi va ularning yigʻindisi mana shu oylarning soniga boʻlinadi. Agar mukofotlash tizimi mazkur korxonada yangidan joriy etilgan boʻlsa hamda toʻla boʻlmagan kalendar yili amal qilsa, shuningdek korxonada yoki aniq xodimga nisbatan mukofotlash shartlari va tartibi oʻzgarsa, mukofotlar yuqoridagi tartibda hisobga olinadi.

Agar nafaqani hisoblab chiqarish uchun ish haqi asos qilib olinadigan davr mobaynida xodimning ish haqi miqdori oʻzgarsa, nafaqani hisoblashda ish haqi oʻzgargan kundan boshlab toʻlangan ish haqi olinadi.

Bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida beriladi.

Ishlayotgan ayollarga, hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida, magistratura, aspirantura, klinik ordinatura, doktoranturada tahsil olayotgan ayollarga bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa tegishlicha ish yoki oʻqish joyidan toʻlanadi.

Bolaning onasi ishlamaydigan va oʻqimaydigan hollarda nafaqa bolaning ishlaydigan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqiydigan otasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarga toʻlanadi.

Ishlamaydigan va oʻqimaydigan ota-onalarga bola tugʻilganda nafaqa ijtimoiy taʼminot boʻlimlari tomonidan tayinlanadi va toʻlanadi.

Bola oʻlik tugʻilgan hollarda nafaqa toʻlanmaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications