Oʼrindoshlik asosida ishlash hisoblanmaydigan ishlar ro’yxati
O’rindoshlik asosida ishlash hisoblanmaydigan ishlar ro’yxatiga quyidagilar kiradi:
1. Ilmiy faoliyatni yoki o‘qituvchilik faoliyatini amalga oshirish, agar bunday faoliyat asosiy ish joyi bo‘yicha bajariladigan ish hisoblanmasa.
2. Ular uchun mualliflik gonorari sifatida haq to‘lanadigan fan, adabiyot va san’at asarlari yaratish.
3. Xodim tomonidan, asosiy ishdan tashqari, o‘sha tashkilotning o‘zida shtat lavozimini egallamasdan boshqa ishni bajarish, shu jumladan:
umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda kasb-hunar kollejlari va akademik liseylar o‘qituvchilari tomonidan kabinetlarga, laboratoriyalarga mudirlik qilish bo‘yicha vazifalarni bajarish, to‘garaklarga rahbarlik qilish, shuningdek ular tomonidan belgilangan yuklamadan ortiq o‘quv-tarbiyaviy ishlarni bajarish;
ishning ushbu turi bo‘yicha ish vaqti normal davom etishining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda mehnatga soatbay haq to‘lanadigan pedagogik ish;
ta’lim muassasalari rahbarlarining o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha yillik ish rejasida (ish vaqti normasi bilan) nazarda tutilgan jami ish vaqtining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda o‘qituvchilik ishi;
tashkilotlar muhandis-texnik xodimlarining talabalar va o‘quvchilarning ishlab chiqarish ta’limi va amaliyotiga rahbarlik qilish bo‘yicha ishi;
tibbiyot xodimlarining belgilangan vaqt normasidan ortiqcha navbatchilik qilishi;
Hukumat qarorlari bilan xodimning ish haqiga ustamalar belgilangan vazifalarni bajarish.
4. Mualliflik gonorari shaklida haq to‘lanadigan adabiy ish, shu jumladan alohida asarlarni tahrir, tarjima qilish va ularga taqriz yozish bo‘yicha ishlar.
5. Mehnatga bir marta haq to‘langan holda texnik, tibbiy, buxgalteriya, huquqiy va boshqa ekspertiza (maslahat berish).
6. Umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va boshqa pedagog xodimlari (rahbarlaridan tashqari) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda mehnat haqi to‘lash bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va masterlari, ta’lim muassasalaridagi konsertmeysterlar va akkompaniatorlar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va «Mehribonlik» uylari pedagog xodimlarining (rahbarlaridan tashqari) aynan shu muassasada belgilangan mehnat normasidan ortiq bo‘lgan, lekin ushbu ish turi bo‘yicha ish vaqti normal davomiyligining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan ishi.
7. Sog‘liqni saqlash muassasalarida oyiga 24 soatdan ortiq bo‘lmagan hajmda, mehnatga bir marta yoki soatbay haq to‘langan holda, tibbiyot maslahatchilari vazifalarini bajarish.
8. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida va oliy ta’lim muassasalarida ushbu ta’lim muassasalari shtatida turmagan ilmiy xodimlar tomonidan katta ilmiy xodimlarga — izlanuvchilarga rahbarlik qilish.
9. Xodim tomonidan siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va jamoat birlashmalari markaziy va hududiy organlarining saylab qo‘yiladigan lavozimlarida rahbar xodim, Kuzatuvchi kengash yoki Direktorlar (boshqaruvchilar) kengashi raisi yoki a’zosi, Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida qo‘mitani boshqaruvchi, ishonchli boshqaruvchi sifatida bajariladigan ish.
10. Jamoatchilik asosida bajariladigan ishlar.
Izoh: 2-bandda, 3-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarda, 4-5-bandlarda, 6-bandning uchinchi xatboshida, 7, 9 va 10-bandlarda ko‘rsatilgan ishlarni asosiy ish vaqtida bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishlarning boshqa turlari, ishning xarakteriga ko‘ra, asosiy ish vaqtida ham, undan tashqari vaqtda ham amalga oshiriladi;
1 va 8-bandlarda ko‘rsatilgan ishlarni amalga oshirish joyi va rejimi, ilmiy va o‘qituvchilik faoliyati xarakterini hisobga olgan holda, shu jumladan masofadan ish olib borish shaklida, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha mehnat shartnomasiga muvofiq belgilanadi.