Xodimlar soni (shtati) qisqarishida imtiyozli huquq qanday?

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʼzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʼzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq boʼlgan xodimlarga beriladi.

Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʼlgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:

  • qaramogʼida 2 yoki undan ortiq kishi boʼlgan xodimlarga;
  • oilasida undan boʼlak mustaqil ish haqi oluvchi boʼlmagan shaxslarga;
  • mazkur korxonada koʼp yillik ish stajiga ega boʼlgan xodimlarga;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va oʼrta maxsus, kasb-hunar oʼquv yurtlarida tegishli mutaxassislik boʼyicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va oʼrta maxsus, kasb-hunar oʼquv yurtlarini tamomlagan shaxslarga oʼqishni tugatgandan soʼng mutaxassisligi boʼyicha ishlayotgan taqdirda ikki yil mobaynida;
  • mazkur korxonada mehnatda mayib boʼlib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan shaxslarga;
  • urush nogironlari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • atom obʼektlaridagi falokatlar oqibatida kelib chiqqan oshirilgan radiatsiya nurlanishi bilan bogʼliq nurlanish kasalligi va boshqa kasalliklarga yoʼliqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga; nogironligi atom obʼektlaridagi falokatlar munosabati bilan boshlanganligi aniqlangan nogironlarga; ana shunday falokatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari qatnashchilariga, shuningdek mazkur zonalardan evakuatsiya qilingan yoki koʼchirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.

Jamoa shartnomasida xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan boshqa holatlar nazarda tutilishi mumkin. Bu holatlar, ishda qoldirishda afzallik huquqiga ega boʼlmagan taqdirdagina, inobatga olinadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications