Ishga joylashayotganlar uchun foydali maslahatlar

Ishga kirish bosqichida nimalarni bilish kerak? Sizning huquqlaringiz va majburiyatlaringiz nimalardan iborat? Qanday hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish shart? Ushbu maqolamizda shular haqida so’z yuritamiz.

Ishga kirish yoshi

Qonunchilikka ko’ra, 16 yoshdan boshlab ishlashga ruxsat beriladi. 15 yoshli o’smirlar esa ota-onasining roziligi bilan o’qishdan bo’sh vaqtlarida yengil mehnat bilan shug’ullanishlari mumkin. Ba’zi hollarda, 15 yoshga to’lmagan bolalar ham ota-ona va vasiylik organi ruxsati bilan madaniyat, san’at, sport sohalarida ishlashi mumkin.

Yaqin qarindoshlarni ishga olish

Davlat idoralarida yaqin qarindoshlarning (ota-ona, aka-uka, opa-singil, er-xotin va hokazo) bevosita bir-biriga bo’ysunib ishlashiga yo’l qo’yilmaydi. Bu cheklovdan istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mumkin.

Ishga qabul qilish bosqichlari

1. Nomzod bilan suhbat va tanlov o’tkazish.  

2. Nomzodni ichki tartib qoidalari, jamoa shartnomasi va boshqa hujjatlar bilan tanishtirish.

3. Mehnat shartnomasi shartlarini kelishish va uni imzolash.

4. Ishga qabul qilish buyrug’ini chiqarish. 

Taqdim etilishi lozim bo’lgan hujjatlar

• Pasport yoki ID-karta (16 yoshgacha tug’ilganlik haqidagi guvohnoma)

• Mehnat daftarchasi (birinchi marta ishga kiruvchilardan talab qilinmaydi)

• Harbiy guvohnoma yoki harbiy ro’yxatga olinganlik haqidagi guvohnoma

• Diplom yoki maxsus malaka guvohnomasi (ayrim lavozimlar uchun)

• Soliq to’lovchining identifikatsiya raqami

• Jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi

Bu ro’yxatda ko’rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yo’l qo’yilmaydi.

Dastlabki sinov davri

Ishga kiruvchiga 3 oygacha, rahbar lavozimlarga 6 oygacha dastlabki sinov muddati belgilanishi mumkin. Agar shartnomada qayd etilmagan bo’lsa, sinov mudati qo’llanilmaydi. Sinov davrida ish beruvchi va xodim 3 kun oldin ogohlantirish bilan shartnomani bekor qilishga haqli. Agar sinov oxirigacha shartnoma bekor qilinmasa, u amal qilishda davom etadi. 

Ba’zi toifadagilar uchun (homilador ayollar, 3 yoshgacha bolali yoki yolg’iz onalar, nogironlar, davlat grantlari bilan o’qigan bitiruvchilar va boshqalar) sinov muddati qo’llanilmaydi.

Shartnoma tuzilgach…

Ish beruvchi xodimni buyruqqa asosan ishga qabul qiladi, mehnat daftarchasi va “Yagona milliy mehnat tizimi”ga ma’lumotlarni kiritadi. 3 kun ichida xodim buyruq bilan tanishtirilishi shart.

Shunday qilib, ishga kirish chog’ida qonunchilik talablarini bilish va ularga amal qilish muhim. Hujjatlaringizni to’g’ri rasmiylashtirishda va o’z huquqlaringizni himoya qilishda ushbu maslahatlar Sizga yordam beradi, degan umiddamiz.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications