Patent vakili kim?

Intellektual mulk huquqi

Patent vakili —yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda boshqa tashkilotlar oldida intellektual mulk ob’yektlariga huquqiy muhofaza olish va uni amalga oshirish masalalari bo‘yicha vakillik qilish huquqi berilgan jismoniy shaxs (Agentlikda attestasiyadan va ro‘yxatdan o‘tgandan keyin).

Patent vakillariga malaka talablari:
1) oliy ma’lumotga ega bo‘lish (bazaviy oliy yuridik);
2) intellektual mulk ob’yektini muhofaza qilish sohasida yoxud intellektual mulk ob’yektlariga huquqlarni muhofaza qilish sohasida advokat sifatida kamida 3 (uch) yil ish stajiga ega bo‘lish;
3) intellektual mulk ob’yektlariga huquqlarni himoya va muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun Agentlik tomonidan belgilanadigan hajmda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari sohasida bilimlarga hamda malaka imtihoni natijalari bilan tasdiqlangan tegishli ko‘nikmalarga va amaliy qo‘llanish tajribasiga ega bo‘lish.

Patent vakili o‘z kasb faoliyatini ham mustaqil ravishda yakka tadbirkor sifatida, ham yollanish bo‘yicha ishlagan holda amalga oshirishi mumkin.

Attestasiya va ro‘yxatdan o‘tkazish:
Attestasiya komissiyalar tarkibiga:
Agentlikning eng malakali va tajribali xodimlari, shuningdek mustaqil olimlar va mutaxassislar kiritiladi.
Nomzod Agentlikka o‘zini patent vakili sifatida attestasiyadan o‘tkazish to‘g‘risida ariza beradi.

Arizaga ilova:
Patent vakili attestasiyadan o‘tish uchun:
– ariza;
– malaka oshirish kurslarida o‘qiganlik to‘g‘risida sertifikat nusxasi.

Attestasiyadan o‘tgan patent vakilini Patent vakillari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish uning attestasiyadan o‘tganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan boshlab 3 (uch) ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Agentlik reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab 10 (o‘n) kun mobaynida patent vakiliga attestasiyadan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma beradi va ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlarini Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qiladi.

Apellyasiya komissiyasiga shikoyat qilishi:
Nomzod yoki patent vakili attestasiyadan o‘tkazishning, shu jumladan malaka imtihoniga qo‘yishning rad etilgani yuzasidan u attestasiyadan o‘tkazish rad etilgani to‘g‘risidagi qarorni olgan sanadan boshlab 3 (uch) oy muddatda apellyasiya komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin.
Apellyasiya komissiyasi shikoyat bo‘yicha u olingan sanadan boshlab 1 (bir) oy muddatda qaror qabul qiladi.

Islombek Abdixakimov