Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi qanday?

Subsidiya ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar hisoblanadi.

Ariza beruvchi — ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va (yoki) foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish maqsadida ariza bilan murojaat qiluvchi 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.

Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

Arizani ko‘rib chiquvchi mas’ul tashkilotlar:

  • tibbiyot birlashmasi;
  • ichki ishlar bo‘limi (boshqarmasi);
  • moliya bo‘limi;
  • davlat soliq inspektsiyasi;
  • aholi bandligiga ko‘maklashish markazi;
  • er tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi;
  • tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari;
  • O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashi;
  • tuman (shahar) hokimligi;
  • ishtirok etuvchi tijorat banklari.

Taqdim etiladigan hujjatlar:

  • jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari;
  • oila a’zolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga etgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga etmagan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari;
  • belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to‘g‘risida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
  • doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma’lumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
  • doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
  • ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (qo‘shimcha daromadlar bo‘lsa soliq deklaratsiyasi).

Davlat xizmatlari markazidan subsidiya berish to‘g‘risida ijobiy xabarnomani olgan talabgor xabarnomada ko‘rsatilgan sotib olinishi mumkin bo‘lgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshmagan qiymatli uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi.

Subsidiyalar miqdori:

  • qishloq joylarda — birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga;
  • shaharlarda — boshlang‘ich badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joyning hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun — Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.

Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari bilan tanishish.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications