Subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar.
Ariza beruvchi — birlamchi uy-joy bozorida kvartirani sotib olish yoki yakka tartibda uy-joy qurish (rekonstruktsiya qilish) maqsadida ipoteka krediti olish uchun bankka ariza taqdim etgan fuqaro.
Qarz oluvchilar quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos bo‘lishi lozim:
- a) ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgan kunida 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;
- b) doimiy ish joyiga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga, shuningdek, ipoteka krediti bo‘yicha hisoblangan foizlarni va asosiy qarzni to‘lov jadvaliga muvofiq har oyda to‘lash uchun yetarli bo‘lgan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa daromad manbaiga ega bo‘lishi;
- v) qarz yuki ko‘rsatkichi (ipoteka krediti bo‘yicha foiz xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berish nazarda tutilgan hollarda mazkur subsidiyani hisobga olgan holda) 70 foizdan yuqori bo‘lmasligi;
- g) ipoteka krediti olish uchun birlamchi uy-joy bozorida sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda (shu jumladan, boshlang‘ich badalning bir qismi uchun subsidiya to‘lanadigan shaxslar bo‘yicha subsidiya summasini inobatga olgan holda) boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi;
- d) yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruktsiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi;
- e) sotib olinadigan kvartira yoki quriladigan (rekonstruktsiya qilinadigan) yakka tartibdagi uy-joyning qiymati ushbu band bilan belgilangan boshlang‘ich badal va ushbu Nizomning 28-bandida belgilangan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori summasidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismini shakllantirish (to‘lash) imkoniyatiga ega bo‘lishi;
- j) ipoteka kreditini ajratishni ko‘rib chiqish vaqtida kredit tashkilotlaridan avval olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi;
- z) yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruktsiya qilish) uchun er uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqiga va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha-smeta hujjatlariga ega bo‘lishi.
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Bank qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi)ning o‘rtacha oylik daromadini aniqlashda quyida keltirilgan tasdiqlovchi hujjatlardan foydalanish huquqiga ega.
- ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumot;
- pensiya to‘lovlari miqdori to‘g‘risidagi ma’lumot;
- jamg‘arib boriladigan pensiya badallari to‘g‘risidagi ma’lumot;
- foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan doimiy tarzdagi daromadlarini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
- davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan jismoniy shaxslarning daromadlari bo‘yicha deklaratsiya;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar.
Bank qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning o‘rtacha oylik daromadini aniqlashda kredit byurodan yoki boshqa rasmiy manbalardan mustaqil ravishda olingan, qarz oluvchining daromadlarini aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.
Davlat xizmatlari markazidan subsidiya berish to‘g‘risida ijobiy xabarnomani olgan talabgor xabarnomada ko‘rsatilgan sotib olinishi mumkin bo‘lgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshmagan qiymatli uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi.
Subsidiyalar miqdori
- qishloq joylarda — birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga;
- shaharlarda — boshlang‘ich badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joyning hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun — Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.
Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari bilan tanishish
2021-yil 10 dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tartibi doirasida
- daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga Davlat byudjetidan subsidiyalar to‘lashda kvartira maydonining eng ko‘p me’yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanadi;
- subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi;
- sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat’i nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi;
- dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali to‘lanadi;
- fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi;
- Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ orqali joylashtiriladi;
- tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki ko‘rsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi.
- 2022-yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruktsiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
- 2022-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
- 2022-yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun qat’iy belgilangan subsidiya miqdori 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
2021-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida:
- subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olish bo‘yicha arizalar 2021-yil 20 dekabrgacha qabul qilinadi va 2021-yil 25-dekabrgacha ko‘rib chiqiladi;
- subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalar ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi;
- subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslarga ipoteka kreditlari va subsidiyalar 2021-yil 10 dekabrga qadar amalda bo‘lgan shartlar va miqdorlarda ajratiladi;
- subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning maydoni va narxi 2021-yil uchun o‘rnatilgan kvartira maydonining eng ko‘p me’yori va uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanadi;
2022-yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida arizalar 2021-yil 25-dekabrdan boshlab qabul qilinadi.