Yosh oilaga ipoteka krediti berish tartibi

Yosh oilamisiz? Sizga ko’chmas mulk sotib olish uchun ipoteka krediti qanday olinishini bilishni istaysizmi? Unda ushbu maqola aynan siz uchun.

Qonunchiligimizga muvofiq quyidagilar yosh oila deb hisoblanadi:

  • er-xotinning ikkisi ham 30 yoshdan oshmagan oila
  • bola tarbiyalab voyaga yetkazayotgan 30 yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shuningdek, nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol).

Banklar tomonidan yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari foiz stavkalari Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan oshmaydigan miqdorda, 15 yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi. Bundan tashqari, uch yillik imtiyozli davr ham berilib, unga ko‘ra asosiy qarzni qaytarish imtiyozli davr tugagan oyning keyingi oyidan boshlanadi.

Yosh oilalarga beriladigan ipoteka kreditining miqdori quyidacha:

  • yakka tartibdagi uy-joy sotib olish uchun – eng kam ish haqining 3000 barobarigacha;
  • ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olish uchun – eng kam ish haqining 2500 barobarigacha.

Ipoteka krediti olish uchun ariza berish uchun siz uy-joy qiymatining kamida 25 foiziga teng miqdordagi mablag‘larga ega bo‘lishingiz kerak. Ushbu mablag‘lar qarz oluvchining  nomiga (sizning nomingizga) ochiladigan depozit hisobvarag‘iga joylashtiriladi.

Yosh oila a’zolari — sizning yoki turmush o‘rtog‘ingizning Yuridik shaxs hisoblangan ish beruvchilaringiz bankka oldindan to‘lovni amalga oshirishlari mumkin.

Yakka tartibdagi uy-joyni yoki kvartirani sotib olish maqsadida ipoteka kreditini olish uchun ariza beruvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

1) so‘ralayotgan kredit summasi ko‘rsatilgan holda kredit olishga buyurtmanoma;

2) sotiladigan yakka tartibdagi uy-joyning yoki kvartiraning oldi-sotdisi to‘g‘risidagi dastlabki shartnoma, uy-joyga yoki kvartiraga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatning nusxasini ilova qilgan holda;

3) ariza beruvchining va u bilan birga yashaydigan oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risida oxirgi 12 oy uchun ish joyidan (doimiy ish joyi mavjud bo‘lganda) berilgan ma’lumotnomalar yoki ariza beruvchining va uning oila a’zolarining oxirgi 12 oy uchun daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning ularning yashash joyidagi davlat soliq organi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;

4) qarz oluvchining nomiga ochilgan omonat hisob raqamida pul mablag‘lari (dastlabki to‘lov) joylashtirilgani to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi;

5) ariza beruvchining oilasi tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma;

6) arizachining pasporti nusxasi.

Ipoteka krediti olish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan e’tiboran 30 ish kunidan oshmasligi kerak.

Siz bilan bank o‘rtasida Ipoteka shartnomasi tuziladi.

Kredit olishda qarz oluvchi sifatida siz quyidagi xarajatlarni qoplashingiz kerak:

  • ipoteka shartnomasini notarial tasdiqlash uchun davlat bojini to‘lash;
  • garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni sug‘urtalash bilan bog‘liq xarajatlar;
  • mulkning qiymatini aniqlash bo‘yicha baholovchi tashkilot xizmatlariga haq to‘lash.
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications