Merosni egallash tartibi qanday?

Merosxo‘r o‘ziga tegishi lozim bo‘lgan merosni yoki uning bir qismini (ulushini) olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa va uni merosxo‘r etib tayinlash to‘g‘risidagi vasiyat farmoyishi haqiqiy emas deb topilishi natijasida meros olish huquqini yo‘qotmasa, meros ochilgan vaqtdan e’tiboran ega bo‘ladi.

Merosga bo’lgan huquq notarius tomonidan beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlarga qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.

Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi. Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.

Demak, siz merosni egallash uchun, notariusga murojaat qilishingiz lozim.

Meros bo’yicha notariusga murojaat qilganda qanday hujjatlar talab etiladi?

  1. Meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
  2. Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash (doimiy propiska qilingan) joyi haqidagi ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi yoki o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma yoxud uy daftaridan ko‘chirma;
  3. Meros tarkibining meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
  4. Merosxo‘rlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalari (F.I.Sh. o‘zgargan taqdirda) yoki dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar yoxud qarindoshlik munosabatlarining haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati;
  5. Merosxo‘rlar vafot etgan taqdirda o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
  6. Meros qoldiruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi (ajrashganlik haqidagi guvohnoma) yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
  7. Merosni qabul qilish uchun ishochnoma (agar merosxo‘rning o‘zi meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani olishda ishtirok etaolmasa);
  8. Merosxo‘rlar meros mulkidagi tegishli ulushdan voz kechgan taqdirda – notarial tartibda tasdiqlangan merosdan voz kechish to‘g‘risida ariza;
  9. O‘zini meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan deb hisoblayotgan shaxs merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani berilishini so‘rab murojaat etsa, meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lganlik fakti sud hujjati bilan tasdiqlanadi;
  10. Yoshi bo‘yicha qaramoqda bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
  1. pasport;
  2. tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
  3. pensiya guvohnomasi.

11.  boshqa hujjatlar.

Meros qanday taqsimlanadi?

  • Merosni qabul qilib olgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan istalgan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli.
  • Merosni taqsimlash merosxo‘rlarning kelishuviga ko‘ra o‘zlariga tegishli ulushlarga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud tartibida amalga oshiriladi.
  • Ushbu qoidalar barcha meros yoki uning bir qismi merosxo‘rlarga ulushlarda muayyan mol-mulk ko‘rsatilmasdan vasiyat qilingan hollarda merosni vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlashga nisbatan qo‘llaniladi.

Meros hisobodan qanday xarajatlar qilinadi?

  • Meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta’minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.
  • Meros qoldiruvchining kreditorlari vasiyatnomani ijro etuvchiga (merosni boshqaruvchiga) yoki merosxo‘rlarga meros qoldiruvchining majburiyatlaridan kelib chiqadigan o‘z talablarini qo‘yishga haqlidirlar. Bu holda merosxo‘rlarning har biri o‘ziga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida solidar qarzdorlar sifatida javobgar bo‘ladilar.

Xulosa qiladigan bo’lsak, merosni egallash uchun notariusga murojaat qilasiz. Agar merosni olish bo’yicha merosxo’rlar o’rtasida nizo yuzaga keladigan bo’lsa, u holda tegishliligi bo’yicha fuqarolik ishlari bo’yicha sudga murojaat qilishingiz lozim.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications