Franshizing shartnomasi nima?

Franshizing shartnomasi kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi deb ham ataladi. Franshizing shartnomasiga O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 862-moddasia rasmiy ta’rif berilgan bo’lib, unga ko’ra:

“Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi bo‘yicha bir taraf (kompleks litsenziar) ikkinchi tarafga (kompleks litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qo‘riqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini o‘z ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini oladi. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi litsenziya kompleksidan, litsenziarning ish sohasidagi obro‘sidan va tijorat sohasidagi tajribasidan muayyan hajmda (xususan, minimal va yoki maksimal hajmda foydalanishni belgilab qo‘ygan holda) muayyan faoliyat sohasiga (litsenziardan olingan yoki litsenziat ishlab chiqargan tovarlarni sotish, xizmatlarni ko‘rsatish, ishlar bajarish, savdo faoliyatini amalga oshirish va hokazo) qo‘llagan holda, foydalanish hududini ko‘rsatib yoki ko‘rsatmasdan foydalanishni nazarda tutadi.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha faqat tijorat tashkilotlari va tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolargina taraflar bo‘lishi mumkin. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi muddat ko‘rsatilgan, shuningdek ko‘rsatilmagan holda (muddatsiz shartnoma) tuzilishi mumkin. Basharti ushbu bobda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u shartnomaning mohiyatidan kelib chiqmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasiga ushbu Kodeksning intellektual mulk haqidagi qoidalari tegishli suratda qo‘llanadi.”

Yangi tashkil etilayotgan korxonalar uchun biznes muvaffaqiyatini ta’minlash eng asosiy vazifadir. Bugungi kunda globallashuv va raqobatning rivojlanishi sharoitida iste’molchi eng yaxshi sifatdagi, jahon standartlariga mos keladigan mahsulotni tanlashga рaqli. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlardan mahsulot (xizmat) sifatini yaxshilashga hamda uni reklama qilishga ko‘proq чarajat va g‘ayratni talab qiladi. O‘z kuchini biznes olamida sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlarga tadbirkorlik faoliyati uchun xavfsiz konstruksiyalarni tanlash maqsadga muvofiq. Ularning bir nechtasini keltirish mumkin.

Birinchisi, bu nomi tanilgan mahsulot distribusiyasi. Bunday konstruksiya yangi tashkil etilgan korxonaga boshqa ishlab chiqaruvchi-korxonadan uning muayyan mahsulotini alohida hududda sotish huquqini olish imkonini beradi. Misol tariqasida aviachiptalar distribyutorlarini yoki “Procter & Gamble”, “Nestle” kompaniyalari mahsulotlarini va hokazolarni aytish mumkin.

Ikkinchisi – nomi tanilgan mahsulot ishlab chiqaruvchisi bilan birga xuddi shunday mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish, bunda muassis ham shu mahsulotga ixtisoslashadi. Qo‘shma korxona mahsulotni bir hududdan boshqasiga yetkazib berish harajatlarini ancha kamaytirishi mumkin. Chunonchi, qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda yuqori sifatli moylash materiallarini ishlab chiqaruvchi “Uz-Teksako”, avtobuslarni ishlab chiqaruvchi “Mercedes-Benz Central Asia” kabi bir qator qo‘shma korxonalar ta’sis etilgan.

Uchinchi shakl – kompaniya boshqa bir muvaffaqiyatliroq kompaniyadan muayyan haq evaziga mutlaq huquqlar kompleksi (lisenziya kompleks)ini oladi. Boshqacha qilib aytganda, bir shaxs boshqasiga o‘zining firma nomidan, himoyalanadigan tijorat axborotidan, tovar belgisidan va hokazolardan foydalanishga ruxsat beradi. Natijada yangi tashkil etilgan korxona, o‘zi mustaqil bo‘lgani holda tashqi ko‘rinishidan taniqli restoran, do‘kon yoki ishlab chikaruvchi bilan bir xil bo‘ladi. Biznes-faoliyatning bunday konstruksiyasi franshizing deb ataladi hamda jahon amaliyotining ko‘rsatishicha, ko‘proq aholiga ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘llaniladi.
Franshizing biznesni yuritishning samarali shakli sifatida bozor iqtisodiyoti rivojlangan barcha mamlakatlarda qo‘llaniladi, ishtirokchilar esa bir qator afzalliklarni ko‘lga kiritadi. Masalan, boshlovchi tadbirkorlar uchun bunday shakl barqaror va daromadli biznes asosida o‘z ishini ochish imkonini beradi, o‘z navbatida, taniqli kompaniyalar shu tariqa bozordagi o‘z pozitsiyalarini kengaytiradilar va mustahkamlab oladilar.
Franshizing bir qator afzalliklarga ega, bu yerda gap haqiqatan ham ushbu vositaning foydali jihatlari haqida ketmoqda, chunki ular jarayonning turli ishtirokchilari uchun qulay. Chunonchi, franchayzer (franshizani beruvchi) uchun – bu katta investitsiyalarsiz yangi bozorga kirib borish. Franchayzi (franshizani oluvchi) uchun esa bu franchayzerning yordamida tavakkalchiligi, muvaffaqiyatsizlik va mag‘lub bo‘lish xavfi past bo‘lgan yangi faoliyat turi bilan shug‘ullanishni anglatadi. Franchayzerning yordami muayyan ko‘nikmalar, usullarni o‘rganish, shuningdek ko‘mak berish va xodimlarni o‘qitishdan iborat.

Shu bois ushbu mexanizm kichik va o‘rta korxonalar, ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochadi. O‘zbekistonda franshiza iqtisodiyotning bir qator zamonaviy tarmoqlarida o‘zining yorqin ifodasini topgan: Chunonchi, iqtisodiyotdagi eng mashhur Franshizing “Coca-Cola” kompaniyasi, ta’lim sohasida esa – Xalqaro Vestminster universiteti, Singapur menejment instituti kabi oliy o‘quv yurtlari va hokazolar.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications