Hadya shartnomasini bekor qilish mumkinmi?

Fuqarolik huquqiShartnoma

Hadya shartnomasiga ko’ra, bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabini) beradi yo berish majburiyatini oladi yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi (Fuqarolik Kodeksining 502-moddasi). Demak, bunda mulk tekin topshiriladi, ya’ni hadya qiluvchining tasarrufida bo‘lgan ashyo hadya oluvchiga mol-mulk qilib o‘tkaziladi.

Quyidagi hollarda hadya shartnomasi bekor qilinishi mumkin:

  • hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashganligi tufayli, u kelgusida hadya oluvchiga ashyoni yoki mulkiy huquqni yoxud mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli. Lekin hadya qiluvchining bunday ahvolga tushib qolishi oldindan ma’lum bo‘lmasligi lozim.
  • hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolarining yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda. (Bunday hollarda shartnomani bekor qilishga sud tartibida yo‘l qo‘yilad).

Shuni eslatish lozimki, yuqoridagi asoslar hadya qiluvchining aybini istisno etganligi sababli, hadya beruvchi shartnomani bekor qilsada, hadya oluvchi yo’ziga nisbatan yetkazilgan zararni da’vo qilib chiqa olmaydi.

Hadya oluvchi esa hadyadan quyidagi hollarda voz kechishi mumkin:

  • ashyoning nobud bo‘lishi tufayli;
  • ashyo fuqarolik muomalasida bo‘lmaganligi tufayli (FK, 82-moddasi);
  • va’da qilingan harakatlarni sodir etish uchun cheklashlar mavjud bo‘lsa.

Bunda majburiyatlar odatda, bajarish mumkin bo‘lmaganligi tufayli bekor qilinadi. Biroq, ashyo hadya qiluvchining qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etgan harakatlari oqibatida nobud bo‘lsa, u hadya oluvchiga etkazgan zararlarni qoplash majburiyatini oladi.

Hadya shartnomasi tekinga mulk qilib berish shartnomasi bo’lganligi bois ham, hadya beruvchi ustuvor huquqlarga ega.  Masalan, agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo‘lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadyani sud tartibida bekor qilishga haqli. Demak, bu hadya oluvchining hadyaga nisbatan vijdonan munosabatda bo‘lishini va uni saqlash majburiyatini yuklaydi. Shuningdek, manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tadbirkor yoki yuridik shaxsning bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qoidalarini buzib, bankrot deb e’lon qilinishidan oldingi bir yil ichida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin. Bu holat, shubhasiz, kreditorlarning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi.

Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo‘yilishi mumkin.

Hadya bekor qilingan hollarda ashyo hadya qiluvchiga, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatida saqlanib qolgan bo‘lsa, qaytarilishi lozim. Hadya oluvchining hadyadan olgan daromadlari uning o‘z tasarrufida qoladi. Agar ashyo uchinchi shaxslarga o‘tkazilgan bo‘lsa, uni qaytarishning imkoni bo‘lmaydi. Bordi-yu, hadya qiluvchi hadya oluvchining hadyani qaytarib bermaslik uchun uchinchi shaxslarga o‘tkazganligini isbotlasa, u hadya oluvchiga nisbatan da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘ladi. Agar ashyo taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida hadya qiluvchiga qaytarilgudek bo‘lsa, bunday kelishuvni yangidan tuzilgan hadya deb tushunish mumkin.

Xulosa qiladigan bo’lsak, yuqorida sanab o’tilgan holatlardan biri mavjud bo’lganda hadya shartnomasini bekor qilish mumkin.

Fuqarolik kodeksi 507-modda

Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yo‘l
qo‘yiladi.

Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan o‘ldirgan taqdirda hadyaqiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.

Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo‘lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.

Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tadbirkor yoki yuridik shaxsning bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qoidalarini buzib, bankrot deb e’lon qilinishidan oldingi bir yil ichida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin.

Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo‘yilishi mumkin.

Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan bo‘lsa, qaytarishi lozim.

Modda sharhi Sharhi

Ushbu modda hadya etuvchi va boshqa manfaatdor shaxslarga muayyan holatda hadya qilishni bekor qilishni talab qilish huquqini beradi. Hadya qilishni bekor qilish istisno ya’ni, sharh qilinayotgan moddada ko‘rsatilgan holatlarda, yoki bitimni Fuqarolik kodeksida e’tirof etilgan umumiy
asoslarga ko‘ra haqiqiy emasligi tan olingan holatlarda amalga oshiriladi.

Hadyani bekor qilishning maxsus asosi sifatida hadya qiluvchining, yoki uning yaqinlarining joniga qasd qilinganligi, hadya qiluvchining sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi, o‘ldirilganligi aniqlangan holatlarda hadya oluvchining shak-shubhasiz nomunosibligi bo‘ladi. Oxirgi holatda
hadyani bekor qilishni merosxo‘r talab qila oladi. Hadyani bekor qilish uchun qonun dastlabki muhokamani talab qilmaydi.

2. Sharhlanayotgan moddaning 3-qismida ko‘rsatilgan sababga ko‘ra, hadyani bekor qilish hadyani avaylash va butligini ta’minlashga majbur etadigan shartnoma predmeti hadya qiluvchi uchun qanday bahoga ega ekanligi hadya oluvchiga ma’lum deb taxmin qiladi.

3. Sharhlanayotgan moddaning 4-qismi to‘lovga layoqatsiz qarzdolarga kreditorlardan o‘z mulklarini yashirishlariga imkoniyat yaratmasligini ta’minlashga qaratilgan. Bunda kreditorlar manfaati tanlov asosida qondirilishini unutmslik lozim.

4. Sharhlanayotgan moddaning 5-qismi bo‘yicha, tuzilgan shartnomadagi hadya qiluvchining hadya oluvchidan ko‘proq yashashi hadyani bekor qilish sababi deb e’tirof etilishi, u hadya oluvchidan ko‘proq yashasa hadyani bekor qilish huquqi shart-sharoitlari belgilangan.

5. Agarda hadya bekor qilinsa, ashyo hadya qiluvchiga bekor qilingan vaqtda qanday bo‘lgan bo‘lsa shunday qaytarib beriladi. Hadya oluvchi tomonidan ashyodan olingan hosil va daromad unda qoladi. Agarda ashyo uchinchi shaxsga begonalashtirilgan bo‘lsa, uni qaytarish imkoni mavjud emas. Lekin hadya oluvchining ashyoni begonalashtirishdagi va uni hadya qiluvchiga qaytarib bermaslik  maqsadida yo‘q qilishdagi aybi isbotlanganda ziyon yetkazish natijasida kelib chiqadigan  majburiyatlar bo‘yicha zararni undirish haqida da’vo berish mumkin.

Islombek Abdixakimov