Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʼyicha ariza yuborish tartibi qanday?
Huquqiy asos: Vazirlar Maxkamasining 2021 yil 28 apreldagi 248-son qarori.
Vakolatli organ: Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar quyidagilar:
- nogironligi boʼlgan 18 yoshgacha bolalar, odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallikka (OIV infektsiyasiga) chalingan
- 18 yoshgacha boʼlgan shaxslar hamda 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi boʼlgan shaxslar;
- davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur boʼlgan ish stajiga ega boʼlmagan shaxslar;
- bolalikdan nogironligi boʼlgan farzandi bor (boʼlgan) onalar;
- yoshidan qatʼi nazar ish stajiga ega boʼlmagan I va II guruh nogironligi boʼlgan shaxslar;
- davlat pensiyasini olish huquqiga ega boʼlmagan shaxsning qaramogʼida boʼlgan oilaning mehnatga layoqatli boʼlmagan aʼzolari.
Murojaat qiluvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlariga oʼzi (yaqin qarindoshlari, ishonchli vakili hamda vasiy yoki homiy) kelib yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda roʼyxatdan oʼtgan holda murojaat qiladi.
Murojaat qiluvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etgan taqdirda, uning soʼrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʼldirilib, murojaat qiluvchi tomonidan tasdiqlangandan soʼng 5 daqiqa mobaynida, YaIDXP orqali murojaat qilinganda avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
Vakolatli organ soʼrovnoma olinganidan soʼng 5 daqiqa mobaynida nafaqa tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning farzandlari, oilaning mehnatga layoqatli boʼlmagan aʼzolari, shu jumladan, vafot etgan oila aʼzosi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni aniqlash uchun Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining hamda nogironligi mavjud yoki mavjud emasligi hamda bolalikdan nogironligi bor (boʼlgan) farzandlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligining axborot tizimlari orqali oʼrganadi.
Murojaat qilgan shaxsning maʼlumotlari oʼrganilganidan soʼng vakolatli organ tomonidan 5 daqiqa mobaynida nafaqa tayinlash yoki uni rad etish haqida qaror qabul qilinadi hamda bu haqidagi maʼlumot tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXPga elektron tarzda yuboriladi. Nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda maʼlumotda rad etish sabablari koʼrsatiladi.
Davlat xizmatlari markazi maʼlumot olinganidan soʼng 5 daqiqa mobaynida:
- nafaqa tayinlangan taqdirda nafaqani qachon va qaerdan olish toʼgʼrisida murojaat qiluvchini xabardor qiladi;
- nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda rad etish sabablari toʼgʼrisida murojaat qiluvchini xabardor qiladi.
Davlat xizmatlari koʼrsatilganligi uchun yigʼim undirilmaydi.
Islombek Abdixakimov