Korxona tugatilib xodimga ogohlantirish muddati oʻrniga pullik kompensatsiya 2 oyga emas balki 3 oyga beriladi.

“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasi birinchi qismiga koʻra basharti xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi:

xodim yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi;

texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyati oʻzgarishiga olib kelgan ish hajmlari qisqarganligi yoxud tashkilot tugatilganligi;

xodim bajarayotgan ishiga malakasi yetarli emasligi oqibatida yoki sogʻligʻining holatiga koʻra noloyiqligi;

shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanishi munosabati bilan bekor qilinsa, xodimlarning ish qidirish davrida oʻrtacha oylik ish haqi ishdan boʻshatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ikki oydan ortiq boʻlmagan muddatga saqlanib qoladi.

Mazkur moddaning ikkinchi qismiga koʻra ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar mulkdor oʻzgarganligi sababli tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalterga nisbatan, tashkilotda bosh buxgalter lavozimi boʻlmaganda esa — bosh buxgalter vazifalarini bajaruvchi xodimga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Eʼtibor bering! Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtsa, ular mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma boʻyicha uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan oʻrtacha oylik ish haqi olish huquqiga ega boʻladi.

Demak, korxona tugatilsa yoki yuqoridagi boshqa holatlarda Siz mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organi (bandlik markazi)ga ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻting, shunda Siz mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma boʻyicha uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyingizdan oʻrtacha oylik ish haqi olish huquqiga ega boʻlasiz.

Abdusalomov Azamat

Yozyovon tumani Adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyoti bo’limining yetakchi maslahatchisi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications