Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi summasi qay tartibda hisoblanadi?

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 285-moddasiga asosan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi kasal boʻlinganda, mehnatda mayib boʻlgan yoki boshqacha tarzda shikastlanganda, shu jumladan turmushda jarohatlanganda, oilaning betob aʼzosini parvarish qilganda, karantin eʼlon qilinganda, sanatoriy-kurortda davolanganda va protez qilinganda toʻlanadi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi mehnatda mayib boʻlgan va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining toʻliq miqdorida, boshqa hollarda esa, xodimning davlat ijtimoiy sugʻurtasi badallarini toʻlagan muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramogʻidagi voyaga yetmagan bolalarining soni va boshqa holatlarga qarab, ish haqining oltmish foizidan yuz foizigacha miqdorda toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-fevral kungi “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqalar toʻlash chegarasini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 71-son qaroriga asosan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qatʼi nazar ish haqining 100 foizi miqdorida quyidagilarga toʻlanadi:

• ishlayotgan 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga;

• baynalminal jangchilarga va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga;

• qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari boʻlgan xodimlarga;

• Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga;

• Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va koʻchirilgan, qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (oʻtkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli oʻsmalar bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan xodimlarga;

• mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz boʻlgan xodimlarga.

Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar (sil kasalligi, onkologiya kasalliklari, yangidan paydo boʻladigan xatarli oʻsimtalar, jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklar, SPID, moxov (lepra) kasalligi, ruhiy kasalliklar) boʻyicha hisobda turgan xodimlarga umumiy ish stajining davomiyligiga bogʻliq ravishda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

• umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga ish haqining 100 foizi miqdorida;

• umumiy ish staji 5 yildan 8 yilgacha boʻlgan xodimlarga ish haqining 80 foizi miqdorida;

• umumiy ish staji 5 yilgacha boʻlgan xodimlarga ish haqining 60 foizi miqdorida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5969-son Farmonining 16-bandiga asosan koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications