Kredit bo’yicha kafilning majburiyatlari qanday?
Kafillik – kredit ta’minotining bir turi bo‘lib, unda kafil kreditni qarzdor tomonidan to‘liq yoki qisman to‘lanishiga kafolat beradi, aks holda, kafilning o‘zi kreditni kafillik summasi doirasida to‘lab berishni o‘z bo‘yniga oladi. Bankning ichki tartibidan kelib chiqqan holda, kredit ta’minoti uchun kafillikni qabul qilishga limit o‘rnatilishi mumkin, masalan, 50 mln. so‘mdan yuqori kreditlarga kafillikdan boshqa ta’minot turlari talab etilishi mumkin.
Kafilning majburiyatlari
Kafil kafillik shartnomasiga imzo chekkaningizdan so‘ng, qarzdor bilan bir qatorda kredit to‘lanishiga javobgar hisoblanadi. Qarzdor ma’lum bir sabablarga ko‘ra kreditni to‘lamagan taqdirda kreditni to‘lab berish majburiyati qarzdorning o‘rniga kafilga yuklatiladi.
Bank kredit shartlari buzilganda muddati o‘tgan qarzdorlikni to‘liq undirish uchun ishni sudga oshirish huquqiga ega. Bunda qarzdor bilan birgalikda kafil ham barobar javobgar bo‘ladi, hatto, sud bo‘yicha davlat boji xarajatlariga ham.
Kafillikka rozi bo‘lishdan oldin, quyidagilarga diqqat bilan e’tibor qaratish lozim:
- kredit summasi va foizi;
- kredit muddati;
- kredit turi va maqsadi;
- kredit to‘lov grafigi bo‘yicha oylik to‘lov summasi;
- kredit ta’minotiga boshqa garov mulklari qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganligi;
- do‘stingizni boshqa kreditlari bor yoki yo‘qligi;
- do‘stingizning oylik daromadlari;
- do‘stingizni shaxsiy xarakteriga:
- punktualligi, tartibliligi, hisobliligi.
Kafillik uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?
Kafil – jismoniy shaxs bo’lganda:
- pasport nusxasi;
- ish joyidan oylik daromad to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Kafil – yuridik shaxs bo’lganda:
- tashkilot so‘nggi hisobot yili uchun yillik moliyaviy hisoboti (Forma 1, 2);
- hisobvaraq aylanmasidan ko‘chirma;
- tashkilot kafilligini taqdim etishga tashkilot rahbarining roziligi.