Konstitutsiya – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridagi muhim strategik islohotlarning mustahkam poydevori

1992-yil 8-dekabr: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 12-chaqiriq 11-sessiyasi – O‘zbekiston xalqi va O‘zbekiston davlati uchun muhim tarixiy kundir! Asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga komil ishonch hosil qilamiz. Chunki Konstitutsiyamiz dunyoning 97 ilg‘or mamlakatlari Konstitutsiyasini o‘rgangan holda ikki bosqichli umumxalq muhokamasidan so‘ng, har bir so‘z va jumla uzoqni ko‘zlab, sinchkovlik bilan tahlil qilinib qabul qilindi. Biz bu maqolada davlat hokimiyati va boshqaruv organlari deganda nimani tushunishimiz kerak ekanligi, Konstitutsiyamiz strategik islohotlarning poydevori ekanligini, unga o‘zgartirishlar kiritilishi tabiiy jarayon ekanligi va unda mavjud o‘ziga xosliklarni tahlil qilamiz.

Amerikaning mashhur uchinchi prezidenti va Amerika Mustaqillik Deklaratsiyasi muallifi Tomas Jefferson aytganidek, “Amerika erkinligi uchun eng katta xavf Konstitutsiyani mensimaydigan hukumatdir”. Bu iborani har qanday davlat uchun foydalanishimiz mumkin. Xususan, Konstitutsiyaga ko‘p o‘zgartirishlarning kiritilishi o‘z navbatida uning barqarorlik xususiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Lekin Konstitutsiyalarning o‘zgarishi tabiiydir. Chunki shaxs, jamiyat va davlat o‘zgarmoqda. Biroq bu o‘zgarishlar hukumat manfaatlarini ko‘zlab emas, balki xalqning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi lozim. Aynan shu jumlaning huquqiy asosi bizning Konstitutsiyamizning 2-moddasida mavjud. Ya’ni ushbu moddada: “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar” deyilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 6-noyabrda lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida aytganlaridek, “Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak.”

Ma’lumki, O‘zbekistonda har qanday davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining asosini xalq tashkil etadi. Bunga dalil sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasini keltira olamiz. Chunki unda “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir” deb muhrlangan. Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 2-moddasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridagi har bir strategik islohotlar O‘zbekiston xalqining irodasini, manfaatini, dunyoqarashini, turmush sharoitini, xohish va istaklarini o‘zida mujassam etishi shartligi keltirib o‘tilgan. Bizning fikrimizcha, bu konstitutsiyaviy norma hech bir sababsiz “Davlat suvereniteti” bobiga kiritilmagan. Ya’ni xalq irodasi Konstitutsiyada eng yuqori o‘ringa qo‘yilgan. Shu sababli davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridagi barcha islohotlar ayni normaga asoslanib ishlab chiqilishi lozim deb hisoblaymiz va Konstitutsiyaning bu qismi barcha organlardagi islohotlar uchun namuna sifatida qabul qilinishi lozim.

Birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari deyilganda qaysi organlar tushunilishi lozim degan savolga javob beramiz. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining beshinchi bo‘limi bevosita “Davlat hokimiyatining tashkil etilishi”ga bag‘ishlangan. Bundan aniqki, ayni bo‘limda keltirilgan boblarning sarlavhalari davlat hokimiyatini tashkil etadi. Ularni keltirib o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Mahalliy davlat hokimiyati, O‘zbekiston Respublikasi sud hokimiyati va Prokratura hisoblanadi. Davlat boshqaruv organlariga keladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonining 1-bandiga muvofiq, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, agentliklar, shuningdek ular huzurida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladigan davlat boshqaruvi tuzilmalari respublika davlat boshqaruvi organlari jumlasiga kiradi.[1] Ayni farmonning ilova qismida kengaytirilgan ro‘yxat keltirilgan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni ham mavjud bo‘lib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqlik prinsipi va xalqning xabardorlik darajasini oshirgan holda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni o‘z oldiga vazifa qilib olgan. Bu qonun ham o‘z navbatida Konstitutsiya normalariga asoslanib davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida o‘tkazilgan islohotlardan biridir.

Uchinchidan, Konstitutsiyamizning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridagi strategik islohotlarning poydevori ekanligining sababiga keladigan bo‘lsak, beshinchi bo‘limdagi konstitutsiyaviy normalar bir qarashda o‘zgarmas va yangilikni “xush ko‘rmaydigandek” ko‘rinishi mumkin. Ammo har bir islohotning asosi Konstitutsiyaga borib taqaladi. Chunki hech bir strategik islohot Konstitutsiyaning normalariga zid bo‘lmasligi shart. Masalan, 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining[2] birinchi ustuvor – davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini tahlil qilamiz. Bu yo‘nalish o‘z ichiga demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish (1.1.), davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish (1.2.) va jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish (1.3.) kabi uch kichik ustuvor bo‘limdan iborat. Ikkinchi qism hisoblangan “Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish”ni tahlil qiladigan bo‘lsak, unda davlat boshqaruvini markazlashtirishdan chiqarish, davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish hamda iqtisodiyotni tartibga solishda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilish; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish kabi strategik islohotlar yo‘nalishi mavjud. Bu islohotlarning asosi esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hisoblanishi yaqqol ma’lumdir.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ba’zi normalariga o‘z shaxsiy taklif va mulohazalarimizni keltirib o‘tmoqchimiz. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish quyidagi hollar qanoatlantirilsa amalga oshiriladi (127-modda):

  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun;
  2. O‘zbekiston Respublikasining referendumi.

Ammo rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyasiga qaraydigan bo‘lsak, xususan, Fransiya, Konstitutsiyaning o‘zida referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar keltirilgan. Xususan, Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasining 89-moddasi ikkita holatda referendum o‘tkazishni ta’qiqlaydi. Ular: “Milliy hududning yaxlitligi xavf ostida qolsa, hech qanday tuzatishlar kiritish jarayoni boshlanmaydi yoki davom ettirilmaydi va “Respublika boshqaruv shakli hech qanday o‘zgartirish obyekti bo‘lmaydi” hisoblanadi. Bizning qonunchilikda bu norma O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi[3] Qonunida keltirib o‘tilgan. Biz ushbu normaning Konstitutsiyaning o‘zida keltirilishi muhim deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 96-moddasida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishi keltirilgan. Lekin agarda Oliy Majlisi Senati Raisi bu lavozimni rad etgan yoki bu vazifani bajara olmasligini bildirgan taqdirda qaysi mansabdor shaxs prezidentlik vazifasini bajarishi haqida norma mavjud emas. Vaholangki, Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida ushbu muammoga yechim mavjud[4]. Unda keltirilishicha, “Prezident mavjud bo‘lmaganda, ya’ni vafot etib qolganda yoki o‘z vazifasini ado etish imkoniyati bo‘lmay qolgan taqdirda, prezident vazifasini bajarish Senat Prezidentiga yuklatiladi. Agarda Senat Prezidenti ham yuqoridagi holatlarga uchrasa yoki bu vazifani bajarishdan bosh tortsa, Prezidentlik Hukumat tomonidan amalga oshiriladi”. Ko‘rib turganimizdek, bu normaning Konstitutsiyada bo‘lishi kelishmovchilik va noaniqliklarni oldini oladi. Bizning fikrimizcha, shunga o‘xshash normaning Konstitutsiyada mavjud bo‘lishi har tomonlama maqsadga muvofiqdir.

Xulosa o‘rnida shuni ayta olamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida aytgan jumlalar ta’biri bilan aytganda:

“Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan da’vatga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham yuqorida keltirilgan fikrlarning asosi va mustahkam himoyachisidir!

[1] https://lex.uz/docs/-173163#-179281

[2] https://lex.uz/docs/-3107036

[3] https://lex.uz/docs/-81253

[4] https://www.constituteproject.org/constitution/France_2008.pdf?lang=en

 

Jo‘rayev Xushnazar Bahodir-o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
fakulteti 3-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications