Toza havodan nafas olish qancha turadi?

Toshkent davlat yuridik universiteti

3-kurs “Jinoiy-huquqiy faoliyat” yo`nalishi

talabalari Ochilboyeva Gulira’no Zafarjon qizi va

To’raqulova Nazira Abdushukur qizi

Erta tong. Barchamiz o`qishga, ishga otlangan paytimiz. Hamma shoshgan. Ko`chalar tirband. Yana bir yangi kun, kayfiyat a`lo. Metrodan chiqamiz yoki avtobusdan tushamiz. Ko`zimiz nogahon turli xil chiqindilarga to`lib yotgan axlat qutisiga tushadiyu, birdan odamning ko`ngli xira tortadi.

Bir yoqda islohotlar, vatan ravnaqi aks ettirilgan shiorlar-u, tabiatni asrashga undovchi bannerlarning shundoq tagida pala-partish, juda xunuk manzara. Bir uyum chiqindi. Eng achinarlisi, ularni qayta ishlasa bo`ladi.

Shu o`ylarga tolgancha turganimizda obodonlashtirish xodimlari kelib, atrofni tozalay boshlaydi. Hamma chiqindilarni olib ketadi. Ularning orasida hozirgina ikkita yoshi katta “oq yoqalik” amakilarning “vatanparvarlik haqida” gaplasha turib chekkan sigaret qoldiqlariyu, farzandini bog`chaga olib ketayotgan onaning bolasi hozirgina yeb bo`lgan konfet qog`ozi ham bor. Hammasi bir xil kiyingan “sariq yoqalik” tozalik ishchilariga qarab esa xuddi “bu ishni ming yillardan beri qilishadi shekilli” – deb o`ylab qolasan kishi.

Shunda xayolingda bir og`ir o`y aylana boshlaydi, “Kim ko`proq vatanparvar o`zi, “oq yoqaliklarmi” yoki “sariq yoqaliklar”? Undan ham achinarlisi, yosh avlod ham xuddi shu tarbiyani olmoqdami? Befarqlik. Dangasalik. Ifloslanish. Kasallik. Bu xuddi o`rta asrlardagi ko`chalari chiqindiga to`lib yotgan shahar manzaralarini eslatib yuboradi.

O`zbekiston Jahon tozalik indeksi va eng toza poytaxt reytingida quyi o`rinlarni band etib kelmoqda. Demak, biz yutyotgan havo nafas olish uchun yaroqli emas. Biz yashayotgan muhit esa sog`liq uchun zararli. Vaholanki,

2017-yil 21-aprelda mazkur sohaning huquqiy asosi takomillashtirilib, yagona tizim shakllantirilgangan edi[1].

Mutassadi tashkilotlarga ham kerakli topshiriqlar berilgan. Biroq, natija sezilarli darajada emas yoki biz sezmay qoldik.

Bundan tashqari, sof ekologik muhit yaratish ancha qimmat turadi. Masalan, 2018-yildagi holat bo`yicha“yurtimizdagi 221 ta chiqindi poligoni faoliyatini sanitar va ekologik talablar asosida tashkil etish uchun 1,2 milliard dollar talab etiladi”[2] – deya xabar bergan UzA.

“Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro uchligi” viloyatlar kesimida “atrof-muhitga eng ko`p ifloslantiruvchi moddalar chiqaruvchi” hududlar sifatida “e’tirof etilgan”[3].

Xususan, poytaxtimizda bir oyda o`rtacha 5 mln tonna chiqindi chiqishini hisobga olsak, ularning yarmidan ko`pi qayta ishlash uchun yaroqli hisoblanar ekan. Oddiy qilib aytadigan bo`lsak, qog`oz, plastik, shisha, metal va boshqa shu turdagi chiqindilardan qayta iste`mol uchun foydalansa bo`ladi. Bu shuni anglatadiki, chiqindilardan unumli foydalanish, atrof-muhitni toza saqlash har birimiz uchun sog`lom hayot kafolati bo`lishi mumkin.

Masalaning iqtisodiy tomoni ham foydadan holi emas, albatta. Tasavvur qiling, bir kilogramm qog`oz ishlab chiqarish uchun qancha daraxt, suv va mablag` sarf qilinadi. Agar chiqindilardan xom-ashyo sifatida qayta foydalansakchi? Bunda ancha-muncha mablag` va resurslar tejab qolinadi. Masalan, chiqindidan energiya olish bo‘yicha Ohangaron tumanida Janubiy Koreyaning “Sejin” kompaniyasi bilan hamkorlikda 55 million dollarlik loyihani amalga oshirish boshlangan. Loyihaga asosan chiqindi poligonidan biogaz olinib, 16 megavatt yoki 10 ming xonadon iste’moli uchun yetarli elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Tasavvur qilyapsizmi, chiqindi poligoni butun boshli tuman aholisini elektr toki bilan ta’minlashi mumkin. Shuningdek, “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida tashkil qilingan “Toza hudud” korxonalari joriy yilning yetti oyida 49 milliard so‘m daromad olishga erishdi. Joylarda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurilmoqda”[4] – degan “mish-mishlar” yuribdi.

Mana sizga chiqindidan unumli foydalanish. Xitoyning har yili chetdan milliardlab dollarga chiqindi sotib olishining sababi ham shundadir, balki. Ho`p, bu shunchalik foydali ekan, uni amalga oshirish uchun bizga nima halal bermoqda? Ko`p narsa.

Birinchidan, oddiy madaniyat. Tan olishimiz kerakki, ko`pchiligimiz atrof-muhit bilan qanday muomalada bo`lish zarurligini bilmaymiz, buni bilishga vaqtimiz ham yo`q yoki bilsakda amal qilmaymiz. Xuddiki, uyimizni toza tutsak bo`lgani, qolgani bizning ishimiz emas. O`zimizni hurmat qilishni, atrofdagilarning mehnatini hurmat qilishni bilmaymiz. Osongina tupuramiz bu narsalarga. Bilib bilmaganlikka olamiz. Mas`uliyatli bo`lishga, vijdonan ish qilishga erinamiz.

Gap oddiy, hech kimga kerak bo`lmaydigan chiqindi haqida ketmoqda dersiz. Biroq, yashash tarzimiz va o`z salomatligimizchi? Mamlakatning ekologik imidji, turistik salohiyati, global reytingi uyoqda tursin, o`zimiz nafas olayotgan havoning sifati haqida o`ylamaymiz ham. Axir, u tekinda. Lekin undan kelib chiqadigan kasalligu salbiy oqibatlar ancha qimmat turishi xayolimizga ham kelmaydi.

Hozirda yurtimizda nafas olish va allergik kasalliklar bilan og`ruvchi bemorlar soni ancha oshgan. Ustiga ustak, bu yomon amallarni farzandlarimizning ko`z o`ngida qilamiz.

Ikkinchidan, infrastrukturaning yetishmasligi. Deylik, sal vijdonimiz uyg`ondida, chiqindilarni tartib bilan, qog`ozni qog`ozga, plastik materiallarni alohida saralab o`z o`ringa tashlamoqchi bo`lib, shunoq axlat qutini oldiga borsak, faqat bitta quti turgan bo`ladi. Hammasi bir tiyin bo`ldi. Qog`ozni ham, ovqat qoldig`ini ham, shishani ham bitta qutiga tashlashga majbur bo`lamiz. Ichimizdan esa bir o`y o`tadi “yaxshiyam shu bitta bo`lsa ham quti topilib qoldi”.

Ya`ni dunyoning rivojlangan davlatlarida allaqachon o`z o`rnini egallab ulgurgan zamonaviy chiqindi qutilari poytaxtning o`zida ham yetishmaydi, TASHKENT CITYni hisobga olmasak, albatta. Viloyat va tumanlar haqida esa gap bo’lishi mumkin emas.

Uchinchidan, infrastruktura muammosi. Chiqindilarni saralash, qayta ishlash uchun yaroqlilarini ajratib kerakli zavodlarga yetkazib berish va ko`chalarning toza saqlanishiga kim mas`ul ekanligini mas`ullarning o`zi ham bilmasa kerak.Shu o`rinda aytib o`tish kerakki, eng toza mamlalatlardan biri hisoblangan Yaponiya va Singapurda[5] “mahalla vazirligi” yo`q, lekin atrof-muhit vazirligi bor.

Bundan tashqari, mamlakatimizda aholi jon boshiga chiqindini yig‘ishtirib olish uchun to‘lov 2 000 so‘m yoki 25 sentni tashkil qiladi. Bu esa sohaga tadbirkorlarni keng jalb qilish imkonini bermayapti. Xorijiy davlatlarda chiqindini yig‘ishtirib olishda davlat-xususiy sheriklik munosabatlari keng joriy etilgan. Tadbirkor faqat chiqindini yig‘ishtirib oladi, mahalliy hokimiyat esa ko‘rsatilgan xizmat hajmiga qarab to‘lovni amalga oshiradi[6].

Dunyodagi eng toza mamlakatlar qatorida turuvchi davlat bo`lishni xohlasak, xohlaymizmi yo`qmi ular bosib o`tgan yo`lni bosib o`tishimiz, tajriba o`rganishimiz va o`ztalablarimizga moslashtirishimiz kerak. Ya’ni Amerikani qayta kashf qilish shart emas.

Xulosa qiladigan bo`lsak, insoniyat va chiqindilar – bu ajralmas hodisadir va bir xil davrda vujudga kelgan. So`nggi bir necha yuz yillardan beri chiqindi muammosi dolzarblashib kelmoqda: avval u rivojlanishning pastligi bilan ifodalanib kelingan bo`lsa, endi esa aksincha, “jadal rivojlanish” bilan chambarchas bo`g`lanmoqda.

Bizdan talab qilinadigani esa oddiy: ozgina e`tiborli va mas`uliyatliroq bo`lish, chiqindilarni o`z joyiga, saralagan holda tashlash, boshqalarni, ayniqsa farzandlarimizni ham shunga o`rgatish, kerak bo`lsa talab qilish, bu muammo bilan murosasiz kurashish.

Buning uchun “Chiqindi to`g’risida”gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilinishini yoki 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasining[7] ijrosini kutib o`tirish shart emas.

Maqolaning boshida bekorga “vatanparvarlik” so`zi tilga olinmadi. Vatanni sevishni uning ozodaligini asrab-avaylashdan boshlashimiz kerak. Ta’limdan boshlashimiz kerak. Tarbiyadan boshlashimiz kerak.

So`nggi xulosa o`zingizdan, ammo hech qachon yodimizdan chiqarmaylikki, bugungi globallashuv zamonida toza havodan nafas olish kundan kunga qimmatlashib bormoqda.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications