Ish staji bo’lmaganlarga pensiya tayinlanadimi?

Ish staji ega bo’lmagan shaxslarga O’zbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligiga ko’ra pensiya tayinlanmaydi.

Pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshda va ish staji 25 yil bo‘lganda, ayollar esa 55 yoshda va ish staji 20 yil bo‘lganda ega bo‘ladilar.

Quyidagi asoslarda imtiyozli pensiyalar tayinlanishi mumkin:

  • yoshidan qat’i nazar pensiya olish huquqini beradigan 1-sonli Ro‘yxat asosida;
  • yoshni 10 yilga qisqartirilgan hola pensiya olish huquqini beradigan 2-sonli Ro‘yxat asosida;
  • yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan 3-sonli Ro‘yxat asosida.

Davlat pensiyalarining quyidagi turlari mavjud:

  • yoshga doir pensiya;
  • nogironlik pensiyasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Yuqorida keltirilgan talablarga javob bermaydigan shaxslarga pensiya tayinlanmaydi, ammo bu bilan ularning ijtimoiy himoyasi davlat muhofazasida emas degan xulosaga kelmaslik kerak.

Ish stajiga ega bo’lmagan shaxslar va mehnatga layoqatsiz shaxslarga davlat tomonidan nafaqa tayinlanadi.

Ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga quyidagi nafaqalardan biri to‘lanishi mumkin:

  • yoshga doir nafaqa;
  • nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashqari);
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.

Bunda turli nafaqalarni olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ushbu nafaqalarning faqat bittasi to‘lanadi.

Yoshga doir nafaqa kimlarga to’lanadi?

Yoshga doir nafaqa ish staji bo‘lmagan yoki pensiya tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga tayinlanadi.

Yoshga doir nafaqa:

  • erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;
  • ayollarga — 60 yoshga yetganlarida;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga – 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Yodda tuting!!!

“Yoshga doir nafaqa shaxsga uning mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlari, qarindoshlari bo‘lmagan taqdirda tayinlanadi.”

Nafaqa yoshga doir nafaqa so‘rab murojaat etgan shaxsni ta’minlashga majbur bo‘lgan mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlarining yoki qarindoshlarining moddiy nochorligi aniqlangan hollarda ham tayinlanishi mumkin. Moddiy nochorlikni aniqlash uchun Pensiya jamg‘armasi va mahalla yig‘ini tekishirish o‘tkazadi.

Nafaqa tayinlash uchun yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga quyidagi hujjatlar topshiriladi:

  • ariza; (Arizada mehnatga layoqatli farzandlarining, qarindoshlarining yoki ularni ta’minlashi shart bo‘lgan boshqa shaxslarning borligi va ariza beruvchining jami daromadi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi.)
  • yoshni tasdiqlaydigan hujjat; (pasport yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi)
  • mahalla tomonidan berilgan ma’lumotnoma ( Ma’lumotnomada ariza beruvchining barcha oila a’zolarining, shu jumladan alohida yashaydigan voyaga yetgan mehnatga layoqatli a’zolari (yoki ularning yo‘qligi), ularning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yillari, qarindoshlik darajasi, ariza beruvchi oilasi har bir a’zosining turmush kechirish manbalari ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak);
  • mehnat daftarchasi (bo‘lsa).

Ariza 10 kunda ko‘rib chiqilib, nafaqa tayinlash yoki uni tayinlashni rad etish haqida qaror qabul qilinishi lozim.

Nafaqa tayinlanmaganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Nafaqalarni to‘lash har oyda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechikmay amalga oshiriladi.

Zarur ish stajigaega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga
286 390 so‘m.

Nafaqa to‘lash quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

  • davlat pensiyasi turlaridan biri tayinlanganda;
  • nafaqa oluvchi doimiy yashash uchun O‘zbekistondan chiqib ketganda;
  • nafaqa tayinlangan shaxslar to‘liq davlat ta’minotiga o‘tkazilganda; («Mehribonlik», «Saxovat», «Muruvvat» uylariga va shu kabilarga yuborilganligi)
  • ozodlikdan mahrum etishga hukm etilgan taqdirda.

Mazkur holatlar tugaganda nafaqa to‘lash davom ettiriladi.

Yodda tuting!!!

Nafaqa tayinlangandan keyin, nafaqa oluvchi shaxsning haq to‘lanadigan ishni bajarishi yoki daromadning boshqa manbaiga ega ekanligi nafaqani to‘xtatish uchun asos bo‘lmaydi.Manba:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 107-son qarori. 07.04.2011-y.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4555-son qarori. 30.12.2019-y.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications