Vasiyatnoma qanday tuziladi?

Vasiyatnoma tuzish uchun Siz istalgan notarial idoraga o‘zingizning shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlariningizni hamda amaldagi BHMning 5% miqdorida davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjatni taqdim qilishingiz lozim.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar:

  • O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti;
  • harbiy xizmatchilarning shaxsi – harbiy qismlar va harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
  • chet el fuqarolarining shaxsi – ularning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq chet el fuqarolari tegishli ichki ishlar organlari tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim) yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditasiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditasiya kartochkasi;
  • xorijda doimiy yashayotgan va konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun – O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.

Yodda tuting! Vasiyatnomani notarial tasdiqlashda meros qilib qoldiriladigan mol-mulkga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Vasiyatnoma vasiyat qoldiruvchining so‘zlaridan yoziladi.

Notarial idoraga borish imkoniyati bo‘lmaganda vasiyatnoma qanday tuziladi?

Vasiyatnomani notarial tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda, uni belgilangan tartibda mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlanishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunday vasiyatnomalar notarial tartibda tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi.

Vasiyatnomani tasdiqlashi mumkin bo‘lgan mansabdor shaxslar quyidagilar:

a) kasalxonalar va boshqa davolash muassasalarida:

  • bosh vrachlari;
  • davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari;
  • navbatchi vrachlar;

b) gospitallarda – boshliqlari;

v) qariyalar va nogironlar uylarida:

  • direktorlari;
  • bosh vrachlari;

v) O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ostida suzib yurgan kemalarda – kapitanlari;

g) qidiruv ekspedisiyalari yoki shunga o‘xshash boshqa ekspedisiyalarda – boshliqlari;

d) harbiy qismlarda – komandirlari;

e) ozodlikdan mahrum qilish joylarida yoki qamoqda – boshliqlari.

Mazkur shaxslar vasiyatnomani tasdiqlagandan so‘ng ushbu vasiyatnomalar notarial tasdilanishi shart emas. Bu vasiyatnomalarning bir nusxasi vasiyat qoldiruvchining doimiy yashash manzili bo‘yicha notarial idoraga saqlash va elektron bazaga kiritish uchun yuboriladi.

Mansabdor shaxslar vasiyatnomani tasdqilash munosabati bilan o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotlarni oshkor etishga haqli emas.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications