Aroq – to`ylar ko`rkimi yohud jamiyat kushandasi?

Mustaqillik quyoshi porlab mehnatkash va matonatli xalqimizning ko`kragiga shamol tegib, to`y-u marakalarni o`z erk irodasiga muvofiq o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ldi. Biroq, shu erkinliklardan hamma ham oqilona foydalanayaptimi? – degan savol bizni o`yga toldiradi. Milliy urf-odatlarimizga ko`ra to`y qilayotgan xonadon egalari toydan oldin Allohning muqaddas kalomi Qur`oni karimni xatm qildiradi. Bu, albatta, juda yaxshi va savobli amal. Ammo ushbu marosimlar o`tishi bilan eng dahshatlisi hamma bir-birini aroq deb atalmish shaytonning suvi bilan to`ldirilgan qadahlarni urishtirib to`y bilan tabriklay boshlaydi. Bunday qilmishlar orqali to`y egalarining savob umidida qilgan xatmilarini keyingi qilgan amallari kesib ketmasmikan-a? Nahotki, “Hoy, nega Allohning bergan ne`matiga shukrona keltirish o`rniga kufrona harakat qilyapsizlar?” deydigan odamlar yo`q bo`lsa. Bu ishlarni o`sha yerning yoshi ulug`lari, mahalla faollari, to‘y oqsoqollari tartibga solmasa, yana kim bor?

O’ylab ko`rsak, nikoh to‘yi ikki yosh hayotidagi eng ulug‘ marosim. Bilasiz, yigit va qizning taqdirlari birga qo‘shilayotganini islom diniga muvofiq oshkor qilish va sha’riy nikohni mustahkamlash uchun mulla chaqiriladi. Biroq keyingi paytlarda nikoh to‘ylarining dabdabali tus olib, bachkanalashib borayotgani va hatto gohida fojeaga aylanayotgani tashvishli vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Nazarimda, oxirgi vaqtlarda to‘y egasining hurmati qancha aroq qo‘ygani va qancha ichilganiga bog‘liq bo‘lib ketganday go`yo. Dasturxonga aroq qo‘ymasa, to‘yning egasi malomatga qoladi. Kelgan ba`zi mehmonlar va kuyovjo‘ralar esa bunga achchiq qilib, kuyovni tashlab ketib, qolishadi. Bu mantiqqa sig‘maydigan odat. Qolaversa, yana bir odat yangi turmush qurganlarning fotosuratlari, ismlarining bosh harflari va unutilmas to’y sanasi bezatilgan alkogolli idishlarni stollarga qo’yish yoki mehmonlarga esdalik sovg’asi sifatida berish an`anaga aylanmoqda.

Aslida, Mezbonning sahovatini, dasturxonga qo‘ygan noz-u ne’matini xush bilib, baholi qudrat baham ko‘rib, yoshlarga shirin kalomlar aytib, izzat-hurmat bor payti turib ketilsa, to‘ylarda ma’no, qut-baraka bo‘ladi. Dasturxondagi nonni aroq, sigaret qoldiqlariyu olma po‘choqlariga qorishtirib to‘y egasiga rahmat aytib bo‘lmaydi. Bu illatlarning barchasi millat sha’niga asorat va anduh keltiruvchi nokas odatlardir. Har bir musulmon bandasining orzu-havasi bor. Birovning orzu-havasini muhokama qilishga yoki hamyonini hisoblashga haqqimiz yo‘q. Pul uniki. Lekin orzu-havasni «musobaqa», limuzin, turnaqator mashinalar, yuzlab aroq shishasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Lekin, bu inson zoti hech to`ymas, har bir narsadan halolmi, harommi bir tatib ko`rsam der ekan. Eng achinarlisi, avvallari ayollar o`tiradgan stollarga sharbat, mineral suv, salqin ichimliklar qo’yilgan bo`lsa, hozirga kelib erkaklar qatori aroq qo`yiladigan darajaga yetib keldik. Hozir ayollar tomonidagi aroq shishalar tezroq bo‘shayotganiga nima deysiz?! To`ylarda ana shunday harom ichkilikbozliklar shu darajada bo‘ladiki, xurmachalar to‘lib, yorilib ketganiga ham qaralmaydi. Ichkilikbozlik sabab to‘y vaqtida va undan keyingi tomoshalarni aytmaysizmi. Ming afsus, bundan ham battar holatlar har bir qishloq, har bir mahalla to`ylarida uchrab turibdi. Hozir nima ko‘p – to‘y ko‘p. Xudoning bergan kuni kimningdir tug‘ilgan kuni. Bu shaytonning suvi faqat shisha ichida jim turadi, xolos. Yo tavba!

Shaytonning suvi deb atalmish “Aroq” hozir qancha-qancha oilalarni xonavayron qilayapti. Erkaklar ichkilikka berilib da’yuslashib ulgurdi. Ularda na iymon, na nomus, na mas’uliyat bor. Ota-onasiga so‘kingan, xotinini urgan, farzandlarini chirqiratgan, gulday norasidalarni tirik yetimga aylantirayapti bu zahri qotil. Garchi ichkilik barcha illatlar, barcha kulfatlar sababchisidir. Xo`sh, aytingchi, to‘yda bo‘layotgan maymunavoz qiliqlar jamiyatga, oilalarga va o`sib ulg`ayib kelayotgan maktab o‘quvchilari, jajji qizaloqlar, murg‘ak bolalarga ijobiy ta`sir qilayayaptimi? Ular bevosita ushbu jarayonlarning ishtirokchisi va kuzatuvchisidir.

Koʻcha-koʻyda tentirab, oʻz yoʻlini topolmay yurgan odamni koʻrib bir rahmingiz keladi, bir achchigʻingiz. Bechora qoʻlida boʻshab qolgan shisha, ogʻzidan almoyi-aljoyi gaplar chiqadi… Xazon boʻlgan umri, oilasi, bola-chaqasini oʻylab ichingiz achiydi. Uning yirtiq-yamoq kiyingan yoki dadasi sababli odamlardan uyalib yuradigan bolalarini koʻz oldingizga keltirib tutoqib ketasiz. Ajoyib oʻgʻil-qizlaring, oilangni oʻylasang-chi! Yoʻq, kuyinish befoyda. Agarda ular oʻylay olganda bu holga tushmasdi. Alkogol butkul mahv etgach odamni shishaning itoatkor quliga aylantiradi. Bu hech kimga sir emas. Oʻzi sezmagan holda irodasidan, zehnidan, hayotdagi maqsadidan mosuvo boʻlgan mayparast oilasidan, bolalaridan, kelajagidan, sogʻlig’idan va koʻp holatlarda hayotidan ayriladi. Unga aroqdan boshqa hech narsaning keragi boʻlmay qoladi.

Vatanimizda sodir etilayotgan jinoyatlar, qotilliklar, ajrashishlar, urish-janjallarga ham asosan ichkilik sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. Statistik ma`lumotlarga qaraganda oilaviy ajralishlarning 6.5% ga aynan ichkilik sabab bo`layapti. AOKAda o’tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva oilaviy ajrimlarga oid savollarga javob berar ekan, oilaviy ajrimlar soni birgina 2020-yilda 28 233 tani tashkil etganligini ta’kidlaydi. Davlat statistika qo`mitasining yillik oilaviy ajrimlar haqidagi axborotining oxirgi uch yilligiga nazar tashlaydigan bo`lsak, oilaviy ajrimlar soni 90 mingdan ziyodligini ko`rishimiz mumkin.

Agar bu raqamlar ichidan spirtli mahsulotlar iste’mol qilish oqibatida oilaviy ajralishlarning sababchisi bo`layotgan foizlarni chiqaradigan bo`lsak ularning soni o`rtacha 5 800 dan yuqori bo`ladi. Bundan shuni anglash mumkinki, har kuni yurtimizda 6-7 oilalar ichkilik orqasidan nobud bo`lmoqda. Bugungi kunda oilalarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish va buni keltirib chiqarayotgan sabablarga birgalikda kurashish sohasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgan davrda ushbu ko`rsatkichlar, albatta, juda yomon. Shuningdek ichkilik sababli juda ko`p insonlar ishga nisbatan ma`sulyatsizligi tufayli ishdan bo`shab ketayotganligini ham hech kimga sir emas.

Dunyo hamjamiyatiga nazar soladigan bo`lsak, spirtli ichimliklar Qo’shma Shtatlarda eng ko’p ishlatiladigan giyohvandlik moddasi hisoblanadi. 14.1 million kishi spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish yoki qaramlikdan aziyat chekmoqda.

San-Diyegodagi ajrashish bo’yicha advokatlar jamoasi 2020-yil uchun 115 dan ortiq tadqiqotlar olib borib, ajralish statistikasi faktlarini aniqladi. Unga ko`ra, iste’mol qilingan har bir litr spirtli ichimlik ajrashish imkoniyatini 20 foizga oshiradi! Amerikaliklar yiliga o’rtacha 9,4 litr alkogol ichishadi, ularning ajrashish ehtimoli 188 foizga ko’payadi. Buffalo universiteti tomonidan olib borilgan 9 yillik tadqiqotga ko’ra, ichkilikka ega bo’lgan juftliklar – yoki ularning har ikkalasi ham ko’p ichuvchilarning birgalikda qolish ehtimoli kamroq. Ammo, agar bir turmush o’rtog’i ichkilikbozlik qilsa, ikkinchisi bo’lmasa, ularning ajrashish ehtimoli 60 foizni tashkil qiladi.

1940-yildan beri nashr etib kelinayotgan “Alkogolli ichimliklar va giyohvand moddalarni o’rganish jurnali”da chop etilgan tadqiqotga ko’ra, Michigan universiteti tadqiqotchilari alkogolizm tarixiga ega bo’lgan 17000 dan ortiq tadqiqot qatnashchilarining deyarli yarmi bir muncha vaqt ajrashganligini aniqladilar. Shuningdek, ularning 30% hayoti, spirtli ichimliklar bilan bog’liq jiddiy muammolarga duch kelgan. Bundan tashqari har yili 3 milliondan ortiq kishi alkogolizm oqibatida vafot etadi. Spirtli mahsulotlar iste’mol qilish tufayli o’limning asosiy sababi – baxtsiz hodisalar (29,6 foiz). O’limning tez-tez sabablari shundaki, alkogolizm fonida rivojlanadigan jigar (16,6 foiz) va yurak-qon tomir kasalliklari (14 foiz) tashkil qilmoqda.

Xo‘sh, alkogol mahsulotlarini to‘yimizdan, turmushimizdan qanday qilib nari surish mumkin? Bu savolga dabdurustdan javob berish qiyin. Aroq ichish yoki ichmaslik har kimning o‘z ixtiyorida. Hech kim boshqa odamni yotqizib og‘ziga aroq quymaydi. Piyanistalik ixtiyoriy manqurtlik yo‘lidir. Ixtiyoriy manqurtlikdan voz kechish o‘zimizga bog‘liq. Axir, to‘yga faqat aroq ichish uchun borilmaydi-ku!

To‘ylardagi ichkilikbozlik, tartibbuzarliklar va buning oqibati nimalarga olib kelayotganligi haqida ko‘p yozish mumkin. Shu aytilayotgan gaplar gapligicha qolsa nima foyda. Hisobot bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Balki unga yechim berish lozim. Xususan:

  • to‘y-marosimlarni ixchamlashtirish, tartibga solish xususida hukumatimizning o‘z vaqtida qabul qilgan qaror va farmonlari ijrosini ta`minlash;
  • to‘y-bayramlarda dasturxonga qo‘yiladigan alkogol ichimliklarga cheklov o‘rnatish, bajarmaganlik uchun qat`iy choralar ko`rish;
  • qishloq joylarda, mahallalardagi kichik, yashirin do‘konchalarda, xonadonlarda alkogol ichimliklarni noqonuniy sotayotganlarga nisbatan choralarni oshirish;
  • qonuniy rastalarda alkogol mahsulotlarini qarzga berish, gramlab sotishga chek qo‘yish, voyaga yetmaganlarga sotishni amalda butunlay yo‘qotish;
  • ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, bu yo‘ldan qaytmagan ota-onalarni ota-onalik huquqidan mahrum etishgacha choralar ko‘rish;
    maktab darsliklariga ichkilikbozlik, chekish va boshqa illatlarning zarari to‘g‘risidagi mavzularni yanada aniqroq, yanada ta’sirliroq holda kiritish;
  • ichkilikka qarshi ijtimoiy loyihalar, aksiyalarni barcha hududlarda amalga oshirishi, ushbu mavzudagi ijtimoiy roliklar yaratib, telekanallarda berib boorish;
  • ichkilikning zararlari to‘g‘risida qisqa metrajli filmlar suratga olinishini rag‘batlantirish, bu bo‘yicha tanlovlar tashkil etish va OAV orqali namoyish etib turish lozim. OAV jamiyatga ta’sir etishning eng samarali vositasidir.
    Sog‘likka zarar yetkazadigan, cho‘ntakni qoqlaydigan, aqlni zaiflashtiradigan, insonni dindan uzoqlashtiradigan va kelajak avlodni nobud qiladigan narsalar bilan har taraflama kurashish sog‘lom aqlli kishilarning muqaddas vazifasidir.

To‘ylarimiz azaldan milliy qadriyatlarimiz qomusi, to‘qlik va faravonlik belgisi, tinchlik-totuvlik elchisi bo‘lgan. Qadrdonlar! To‘ylarimizni illatlar, odamlarni bezdiruvchi ishkallar, kulfatlar beshigiga aylantirmaylik. Undan ezgulik, samimiyat, shukronalik ufurib tursin. Bu ishlarni amalga oshirishga faqat yoshi ulug`lar, mahalla raisi, oqsoqollar, faollar emas, shu vatandagi hamma birday mas’uldir. Shundagina to‘ylarimiz haqqoniy ma’naviyat, qadriyat, mehr-u oqibat timsoli, insoniylik darajasiga ko‘tariladi.

Ko‘zingizni oching, odamlar!!!

Ubaydullayev Saydullo Abdukaxxor oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti 4 bosqich talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications