Blog
Oila huquqi

Chet el fuqarosiga turmushga chiqish (yoki uylanish) va ajrashish: Nimalarni bilish shart?

I
Islombek Abdixakimov
28 aprel 2026·2 daqiqa oʻqish
13
Chet el fuqarosiga turmushga chiqish (yoki uylanish) va ajrashish: Nimalarni bilish shart?

Chet ellik inson bilan oila qurish juda romantik koʻrinishi mumkin, ammo huquqiy tomondan bu qadam juda katta ehtiyotkorlik va bilimlarni talab qiladi. Ertaga huquqlaringiz toptalmasligi va sarson boʻlmasligingiz uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining (VII boʻlimi) talablarini oddiy tilda tushuntirib beraman.

1. ZAGSdan oʻtish (Nikoh tuzish) qoidalari

Oila kodeksining 235-moddasiga koʻra, Oʻzbekistonda chet el fuqarosi bilan tuziladigan nikoh Oʻzbekiston qonunlari asosida amalga oshiriladi.

Buning uchun chet ellik shaxs FHDYo (ZAGS) boʻlimiga quyidagilarni taqdim etishi shart:

  • “Oilali emas” degan ma'lumotnoma: Bu eng muhim hujjat! U oʻz davlatidan hozirda qonuniy nikohda emasligini tasdiqlovchi rasmiy ma'lumotnoma olib kelishi kerak. Bu hujjat Apostil qilingan (xalqaro tasdiqlangan) va oʻzbek tiliga tarjima qilinib, notariusdan oʻtkazilgan boʻlishi shart.

  • Viza va roʻyxatdan oʻtish: Uning Oʻzbekistonda boʻlib turishi qonuniy boʻlishi (vizasi muddati oʻtmagan va propiskasi bor boʻlishi) talab etiladi.

2. Ajrashish (Nikohdan ajratish) tartibi

“Agar u chet elga ketib qolsa va qaytib kelmasa, qanday ajrashaman?” degan savol koʻp qiynaydi.

Xavotir olmang. Oila kodeksining 237-moddasiga koʻra, siz Oʻzbekiston fuqarosi sifatida bemalol Oʻzbekiston sudiga murojaat qilib ajrasha olasiz.

  • Agar sobiq turmush oʻrtogʻingiz chet elda boʻlsa va sudga kela olmasa, sud ishni uning ishtirokisiz (sirtdan) koʻrib chiqib, nikohni bekor qilib berish huquqiga ega.

  • Agar sizlar chet elda yashayotgan boʻlsangiz, oʻsha davlat sudida ajrashsangiz ham, Oʻzbekiston bu ajrimni qonuniy deb tan oladi.

3. Mol-mulk qanday boʻlinadi?

Oila kodeksining 243-moddasiga koʻra, er-xotinning mol-mulki ular birgalikda yashab turgan davlat qonunlari bilan hal qilinadi. Ya'ni, agar siz Oʻzbekistonda yashasangiz, mulk Oʻzbekiston qonunlari boʻyicha teng boʻlinadi. Lekin u bilan Dubayda yoki Turkiyada yashasangiz, ularning oʻz qoidalari ishlaydi va siz ulushsiz qolib ketishingiz mumkin.

Eng kuchli maslahat: Chet ellik bilan oila qurayotganda albatta Nikoh shartnomasi (Kontrakt) tuzing! Unda ertaga ajrashganda uy qanday boʻlinishi, kompensatsiya qanday toʻlanishini aniq yozib qoʻying. Xalqaro mulk talashuvlari oylab emas, yillab davom etadigan dahshatli jarayondir. Shartnoma sizni shundan qutqaradi.

4. Aliment undirish (Eng qiyin nuqta)

Agar oʻrtangizda farzand boʻlsa va chet ellik eringiz ajrashib oʻz davlatiga ketib qolsa, aliment undirish juda qiyinlashadi.

  • Agar uning davlati bilan Oʻzbekiston oʻrtasida “Huquqiy yordam toʻgʻrisida” xalqaro shartnoma (masalan, MDH davlatlari oʻrtasidagi Minsk konvensiyasi) boʻlsa, sizning aliment qaroringiz oʻsha davlatga yuborilib, MIB orqali undirilishi mumkin.

  • Ammo Yevropa, AQSh yoki ba'zi Arab davlatlariga ketib qolsa, u yerdan aliment undirib kelish amalda deyarli imkonsiz vazifaga aylanadi.

Shu kabi maqolalarni har hafta oling

Telegram kanalimizga obuna boʻling — yangi qonun oʻzgarishlari va amaliy maslahatlar digestni birinchi boʻlib oling.

@civil_uz kanalga o'tish

Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin