Mansabdor shaxs xatosi tufayli koʻrilgan zarar qoplanadi

Inson qadri, uning huquq va manfaatlari har qanday demokratik jamiyatning eng oliy qadriyati hisoblanadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning tub zamirida ham aynan oddiy fuqaroning, tadbirkorning haq-huquqlarini kafolatlash, ularni har qanday gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoya qilish maqsadi yotadi. Shu ma’noda, Oʻzbekiston Respublikasining yaqinda qabul qilingan OʻRQ-1161-sonli “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida”gi qonuni muhim islohotlardan biri boʻldi. Mazkur qonun hujjati 2027-yilning 28-yanvaridan boshlab toʻliq kuchga kirishi belgilangan boʻlib, u jamiyatda adolat tarozisini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu qonunning bosh maqsadi davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Davlat organining aybi bilan yetkazilgan moddiy yoki ma’naviy zararning oʻrni qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida majburiy tartibda undiriladi. Qonunning yana bir e’tiborli jihati shundaki, u hududlarda, aniqrogʻi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Maxsus hududiy kompensatsiya jamgʻarmalarini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu jamgʻarmalar aynan jabr koʻrgan shaxslarga pullarni tez va manzilli yetkazib berish boʻyicha oʻziga xos moliyaviy qalqon vazifasini oʻtaydi.
Xoʻsh, keng aholi qatlamini qiziqtirgan eng asosiy savolga toʻxtalsak: ushbu qonun doirasida qanday zararlar undirilishi mumkin? Jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs, ularning qonuniy vakillari ham moddiy, ham ma’naviy zararlarni undirish huquqiga ega boʻladilar. Moddiy zarar oʻz ichiga bir necha muhim elementlarni oladi. Birinchidan, bu haqiqiy zarardir, ya’ni huquqi buzilgan inson yoki yuridik shaxs oʻzining poymol boʻlgan huquqlarini tiklash uchun qilgan yoki kelgusida qilishi kerak boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlari, shuningdek, mol-mulkining yoʻqolishi yoki unga shikast yetkazilishi bilan bogʻliq mablagʻlardir. Ikkinchidan, bu boy berilgan foyda hisoblanadi. Agar davlat idorasining noqonuniy harakati yoki loqaydligi tufayli fuqaro yoki tadbirkor oddiy sharoitda, tinchgina ishlab topishi mumkin boʻlgan, biroq aynan shu toʻsiq tufayli ololmay qolgan daromadlaridan mahrum boʻlsa, ushbu foyda ham moddiy zarar sifatida baholanadi va qoplanadi.
Moddiy zarardan tashqari, inson qadrini tiklash yoʻlida ma’naviy zararni qoplash tizimi ham qonuniy asosda mustahkamlandi. Ma’naviy zarar deganda, davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli jismoniy shaxsga yetkazilgan maʼnaviy va jismoniy azoblar (kamsitish, jismoniy ogʻriq, zarar koʻrish, noqulaylik va boshqalar) tushuniladi. Insonning kamsitilishi, asossiz ravishda noqulay ahvolga solib qoʻyilishi, sogʻligʻiga putur yetishi yoki jismoniy ogʻriq his qilishi - bularning barchasi ma’naviy azob sifatida baholanib, sud tomonidan aniqlangan muayyan pul summasi shaklida qoplab berilishi shart qilib qoʻyildi. Shu oʻrinda aytish joizki, Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining, shuningdek, harbiy xizmatchilar va davlat notariuslarining faoliyati bilan bogʻliq, terrorizmga qarshi kurashish yoki yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish bilan bogʻliq alohida holatlarda zararni qoplash tartibi boshqa maxsus qonunlar bilan tartibga solinsa-da, mazkur yangi qonun barcha davlat boshqaruvi idoralari faoliyati uchun umumiy, oʻzgarmas andozani belgilab beradi.
Mazkur tizimning adolatli shundaki, qonun nafaqat fuqaroni himoya qiladi, balki davlat mablagʻlarini asossiz sarflanishidan ham asraydi. Chunki jamgʻarma hisobidan zarar qoplangach, davlat oʻsha zarar yetkazilishiga bevosita sababchi boʻlgan, oʻz vakolatini suiiste’mol qilgan aniq aybdor mansabdor shaxsga nisbatan regress, ya’ni da’vo talabini bildiradi va toʻlangan pulni aybdordan undirib oladi. Bu esa har bir amaldorni har qanday hujjatga imzo chekishda, fuqarolar bilan muloqot qilishda mas’uliyatli boʻlishga, qonun doirasidan chiqmaslikka majbur qiladi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur qonuniy mexanizm davlat apparatining xalqqa sodiq xizmat qilishi, ijro organlarining shaffof va qonuniy ishlashi hamda har bir yurtdoshimiz oʻz davlatida huquqiy jihatdan toʻliq xavfsiz yashashi uchun xizmat qiladigan ulkan huquqiy kafolatdir.

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti oʻqituvchisi
Shu kabi maqolalarni har hafta oling
Telegram kanalimizga obuna boʻling — yangi qonun oʻzgarishlari va amaliy maslahatlar digestni birinchi boʻlib oling.
Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin


