Civil.uz
Blog
Yurist nigohi

Yer qa’ridan foydalanishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etildi

Nizomiddin Kozimov
Nizomiddin Kozimov
1 iyul 2026·2 daqiqa oʻqish
12
Yer qa’ridan foydalanishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026 yilning 26 iyun kunida roʻyxat raqami 3862 ostida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yangi normativ-huquqiy hujjatga koʻra, yer qa’rini geologik oʻrganish, foydali qazilmalar hamda mineral xomashyoni qazib olish sohasida nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik talablarining buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmini joriy etishga qaratilgan boʻlib, nazorat faoliyatini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tashkil etishda muhim qadam hisoblanadi. Nizomga muvofiq, xavf darajasini aniqlash jarayonida davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojatlari, ommaviy axborot vositalarida chop etilgan ma’lumotlar hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan axborotlardan foydalaniladi. Bu orqali xavfni baholash jarayoni ob’yektiv va har tomonlama asoslangan ma’lumotlarga tayangan holda amalga oshirilishi ta’minlanadi. Nizomning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qoʻshimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab qilishga qat’iyan yoʻl qoʻyilmaydi, bu esa tadbirkorlar ustidan ortiqcha ma’muriy bosimning oldi olinishiga xizmat qiladi va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga ijobiy ta’sir koʻrsatadi. Xavf darajasini baholash bir nechta muhim yoʻnalishlar boʻyicha alohida ishlab chiqilgan mezonlar asosida olib boriladi. Bu yoʻnalishlarga yer qa’rini geologik oʻrganish, foydali qazilmalarni qazib olish, neft-gaz tarmogʻida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, uglevodorod xomashyosini qazib olish hamda yer osti suvlaridan oqilona foydalanish sohalari kiradi. Har bir soha oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlganligi sababli, xavfni baholash mezonlari ham shu xususiyatlarni hisobga olgan holda shakllantrilgan. Nizomga koʻra, huquqbuzarlik xavfi darajasi uch toifaga ajratiladi: yuqori, oʻrta va past. Yuqori xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etiladi. Oʻrta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda ham qonunchilikka muvofiq tegishli chora-tadbirlar koʻriladi. Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar oʻtkazilmaydi, bu esa qonunga rioya qiluvchi tadbirkorlarni ortiqcha nazorat yukidan xalos etish va ularning faoliyatiga toʻsqinlik qilmaslik tamoyiliga asoslangan. Shuningdek, nizomda alohida ta’kidlanishicha, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri ta’sir choralari qoʻllash uchun asos boʻla olmaydi. Bu shuni anglatadiki, tizim faqat xavfni aniqlash va tahlil qilish vositasi sifatida xizmat qiladi, biror-bir jazo yoki cheklov chorasi esa faqat qonunda belgilangan tartibda tegishli tekshiruv natijalari asosida qoʻllanilishi mumkin. Umuman olganda, ushbu nizomning qabul qilinishi nazorat faoliyatida xavfga asoslangan yondashuvni kuchaytirish, davlat nazorati samaradorligini oshirish va ayni paytda tadbirkorlik erkinligini ta’minlash yoʻlida muhim islohotqadami hisoblanadi. Elektron tizimning joriy etilishi inson omilini kamaytirish, nazorat jarayonlarini shaffof qilish va tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan adolatli munosabatda boʻlish imkonini beradi.

Nizomiddin Kozimov
Nizomiddin Kozimov

Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni sohalararo oʻrganish fakulteti, Tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi

Shu kabi maqolalarni har hafta oling

Telegram kanalimizga obuna boʻling — yangi qonun oʻzgarishlari va amaliy maslahatlar digestni birinchi boʻlib oling.

@civil_uz kanalga o'tish

Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin