Huquqni muhofaza qilish organlarida ayol-inspektorlarning o‘rni va kasbiy muloqoti

Bugungi kunda O‘zbekiston jadal ravishda jahon ta’limi makoniga yo‘naltirilib, yoshlar oldiga yangi maqsadlarni qo‘ymoqda.

Insonning ijtimoiy faoliyatini istalgan sohasida professional nutqiga qo‘yiladigan talablar ancha yuqori bo‘lib, agar bu soha huquqiy himoya va huquqni muhofaza qilish kabi tushunchalar bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa, ular yanada yuqori darajada rivoj topadi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy muloqoti ijtimoiy-madaniy sohalarning keng doirasi bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat organlarida yuqori lavozimlarda ishlayotgan ayollar soni ortib bormoqda, bu gender tengligiga erishish yo‘lidagi katta qadamdir. Qonunchilikda xotin-qizlar va erkaklarning davlat xizmati lavozimlariga ega bo‘lish uchun o‘tkaziladigan tanlovlarda teng ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, bu tamoyilni O‘zbekiston Respublikasining “Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasida ham ko‘rishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbarining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni alohida qayd etilgan. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida 2019 yil 14 iyun kuni ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu bilan birga, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi.

Xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida 362 nafar xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar  faoliyati yo‘lga qo‘yilgan (avval bu vazifa profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshirilgan). Statistik ma’lumotlar individual yondashuvning muhimligini, huquqiy xavfsizlik masalalarida ayol xodimlarning ajralmas rolini aniq ko‘rsatib beradi.

Ko‘proq ayollar  yosh qizlarni, bolalarni tushunishga qodir, ular o‘zi kabi oddiy ayollarning dardini o‘z zimmasiga oladi va ularning ichki, tashqi ziddiyatlarini hal qilishga yordam beradi. Inspektor rolidagi ayollar uchun buni yengish ancha oson, chunki ko‘pincha ayollar tinch suhbat va nizolarni muloqot qobiliyatlari yordamida hal qilish tarafdorlari bo‘lishadi. Huquqbuzarlik qurbonlari, o‘smirlar bilan ishlash alohida sezgirlikni talab qiladi – natijada u “ayollar” sohasiga aylandi. Ammo xavfli “ko‘cha” faoliyati asosan “erkak” inspektorlar zimmasida.

Bugun davlat va jamiyat faoliyatining hech bir sohasini xotin-qizlar ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan xotin-qizlarning davlat xizmatida teng huquqli bo‘lishini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o‘zbek jamiyatining yuqorida aytib o‘tilgan qoliplari, urf-odatlari va asoslari bugungi kungacha saqlanib qolganiga qaramay, xotin-qizlar jamiyat va davlatning barcha jabhalarida yuqori lavozimlarni egallab kelmoqda.

Axmedova Hulkar Olimjonovna

Toshkent  davlat  yuridik  universiteti ixtisoslashtirilgan filialining
“Umumtaʼlim fanlari” kafedrasi dotsenti
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications