Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari – qonun himoyasida

O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxsning, davlat organ va muassasalariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida shakllanadi. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasiga ko’ra: Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Davlat organlari, muassalar va ularning mansabdor shaxslari ariza, taklif va shikoyatlarni qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart. Konstitutsiyada shaxslarning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish turlari mustahkamlab qo‘yildi. O‘z navbatida, har bir shaxs ushbu konstitutsiyaviy huquqini bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqning ijrosini nazariy jihatdan tahlil etamiz.

Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan shaxsning Konstitutsiyada mustahkamlangan murojaat qilish huquqi, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari bilan tartibga solinar edi.

2016-yil 28- dekabrdagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning yangi zamonaviy mexanizimini yaratish, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining virtual qabulxonasi va hukumat virtual qabulxonasini tadbiq etish belgilandi.  2017-yil 11-sentabr kuni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati to‘g‘risida” qonuning yangi tahriri qabul qilinishi bilan fuqarolarning murojaat qilishining qonuniy tartibi keng yoritilib berildi. Ushbu qonun qabul qilingunga qadar 2002-yil 13-dekabr qabul qilingan “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri bilan tartibga solinar edi. Ammo bu qonunda yuridik shaxsning murojaati va uning huquqi asosi belgilanmagan edi. Shuningdek alohida murojaat turi hisoblanadigan elektron murojaat to‘g‘risidagi qoida ham nazarda tutilmagan edi. Yangi qonuni tadbiq etishdan asosiy maqsad jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga murojaat qilishni zamon talabi asosida takomillashtirish va fuqarolarga yengilliklar berish nazarda tutilgan.  Qonun   qabul qilinishi bilan barcha davlat organ va muassasalari ichki idoraviy hujjatlar va ularning ish reglamenti qonunda belgilangan tamoyillar asosida ishlab chiqildi.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra davlat organ va muassasalari fuqarolarning murojaatini qonuniylik, murojaatlarni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish, murojaatlarga nisbatan talablarning bir xilligi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratizm va sansalorlikka yo‘l qo‘yilmasligi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari faoliyatining shaffofligi kabi tamoillar asosida ko‘rib chiqishi shartdir. Jismoniy va yuridik shaxslar davlat idoralariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilishga haqli. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’i nazar bir xil ahamiyatga ega. Qonunga ko‘ra murojaatlarga  quyidagi talablar qo‘yilgan: Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi, yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi, jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak. Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.

Ushbu qonunga ko‘ra, murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda bo‘lishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki endi elektron murojaat ham rasmiy ahamiyatga ega. Jismoniy va yuridik shaxslar elektron murojaatlarini elektron imzo orqali tasdiqlagan bo‘lishi kerak. Shuni inobatga olish lozimki faqatgina Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – My.gov.uz portali orqali yuborilgan murojaatlar og’zaki va yozma murojaatlarga tenglashtirildi va rasmiy ahamiyat kasb etadi.  Davlat idoralari jismoniy va yuridik shaxsning murojaatlarini qonunda belgilangan muddat davomida ko‘rib chiqishi shartdir. Xususan qonunning 28-moddasiga ko‘ra Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Davlat organi va muassalari tomonidan quyidagi hujjatlar ko‘rib chiqilmaydi: Anonim murojaatlar; Jismoniy va yuridik shaxslarning vakili orqali murojaat berilgan bo‘lsa, ularni vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan bo‘lsa; Mazkur qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.  

Keyinchalik ko‘rib chiqilmagan murojaatlarga tegishli xulosa tuziladi va davlat organi, tashkilot rahbari yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi. Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinishi kerak.

so‘nggi yillarda fuqarolarning davlat idoralariga murojaat qilishga doir huquq va qonuniy manfaatlari kafolatlanib  kelinmoqda. Bu esa xalq va davlat o‘rtasidagi ishonchni ortishiga xizmat qiladi. Demokratik jamiyatlarda davlat idoralariga erkin murojaat qilish  huquqi yuksak qadriyat hisoblanadi. 

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, muxtaram prezidentimizning “xalq davlat idoralariga emas, Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”[4] degan tamoyillini barcha davlat organ va muassasalari ularning mansabdor shaxslari o‘zlariga qoida sifatida belgilab olishlari kerak.

Sh.Raxmatullayev

Toshkent davlat Yuridik universiteti
Ixtisoslashtirilgan filiali talabasi,
Ilmiy rahbar TDYU IF Davlat-huquqiy fanlar
kafedrasi katta o‘qituvchisi U.I.Shonazarov
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications