Madaniy nutq – yurist muvaffaqiyatining asosi

Fikrni yaqqol, aniq, uslubiy jihatdan to‘g‘ri, ishonchli bayon qilish uchun yurist ommaviy nutq sirlari va notiqlik me’yorlarini bilishi kerak. Bu sud muhokamalarining samaradorligini oshirishning asosiy shartlaridan biridir. Yurist o‘z nutqidagi har bir mulohaza ustida aniq va puxta ishlashi lozim.

Odatda, nutq ichki va tashqi turlarga ajratiladi. Birinchisi ichki monologlar bo‘lib, u aytiladigan fikrlarni yoki uning qismlarini xayolan aytishdir. Bu ancha murakkab jarayon, chunki uning vazifasi to‘liq va mukammal nutqni shakllantirishdir. Ichki nutq dastlabki fikrlar bilan yakuniy va mufassal nutq o‘rtasidagi o‘ziga xos qatlam hisoblanadi. Bundan tashqari, nutqning bu turi so‘zlovchining o‘zi uchun, tashqi nutq esa boshqalar uchun mo‘ljallanadi. Tashqi nutq og‘zaki va yozma shaklda bo‘ladi.

Og‘zaki nutqning o‘ziga xos turlaridan biri – monolog. U shaxsning fikrlari, dalillari, xulosalari, qarashlari va bilimlarining to‘liq va yakuniy ifodasi bo‘ladi. Bunday nutq oldindan tayyorlanadi, aniq tuzilishga va rejaga ega bo‘ladi, imo-ishoralar, yuz ifodalari va boshqa og‘zaki bo‘lmagan signallar bilan birga keladi. Biroq dialogik nutq bilan taqqoslaganda, bunday ifodalash ko‘proq cheklangan xususiyatga ega bo‘ladi. Xususan, bu har xil turdagi dokladlar, suddagi nutqlar yoki ma’ruzalar uchun xos. Bunday nutq ko‘pincha epik deb ataladi. U sud muhokamalarida va sud jarayoni ishtirokchilarining nutqlarini o‘qishda qo‘llanadi.

Yuridik faoliyatda epik nutqdan tashqari dramatik nutq ham keng tarqalgan. Bu yanada jonli va hissiy xarakterga ega bo‘lib, unda imo-ishora va yuz ifodalaridan ko‘p foydalaniladi. U guvohni so‘roq qilish paytida uni darhol to‘g‘ri taktga tushirib olish uchun ishlatiladi. Nutqdan keyin unga savol beriladi, shu bilan suhbat dialogga aylanadi.

Tashqi nutqning yana bir turi yozma nutq bo‘lib, u mavzu bo‘yicha aniq ma’lumotni, leksik va grammatik til kodlaridan to‘g‘ri foydalanishni talab qiladigan monologik nutqning eng murakkab shakli hisoblanadi.

Yuristlik kasbi yozma nutqni yuqori darajada bilishni talab qiladi, chunki bu ishda uning vazifasi juda katta. Uning yordami bilan sud ishlarini yuritish hujjatlari to‘ldiriladi. Har bir hujjat aniq tartibga ega. Bunga rioya qilish uchun protokol tili o‘ylab topilgan.

U nafaqat maxsus atamalar va tushunchalar majmuasini, balki muayyan nutq iboralarini, protsessual hujjatlarni tuzishning stilistik qoidalarini, ularning majburiy rekvizitlarini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu uslubning o‘ziga xos talablari bor: faqat sharhlari bir xil bo‘lgan atamalardan foydalanish; iloji boricha qisqa va ixcham formulalardan foydalanish; materialni qisqacha bayon etish.

Yuristning nutqi boshqa har qanday ommaviy nutq singari uch qismga bo‘linadi: kirish, asosiy qism va xulosa. Yurist nutqining e’tiborni jalb eta oladigan darajada bo‘lishi ko‘p jihatdan uning qanday boshlanishiga, ma’ruzachining auditoriya bilan aloqa o‘rnata olishiga, deylik, sudyalar yoki sud maslahatchilarining e’tiborini tortishga va ularni bu nutqni idrok etishga psixologik jihatdan tayyorlashga bog‘liq. Kirish qismi nutqning asosiy maqsadiga qarab belgilanadi va u nutqning mazmunini ochib berish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi hamda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammoni o‘z ichiga oladi.

Notiq uchun eng qiyini – to‘g‘ri, kerakli boshlanish nuqtasini topishdir.

Notiq qanday nutqni tanlashidan qat’i nazar, unda mavzuning sabablari va dolzarbligi to‘g‘risida nimalar deyilishi kerakligini yodda tutishi lozim; u asosiy qism bilan bog‘liq bo‘lishi, nutqning mazmunini ochish uchun boshlang‘ich nuqta vazifasini bajarishi kerak; kirish qisqa va uslubiy jihatdan asosiy qismga uyg‘un bo‘lishi shart.

Agar, masalan, sud jarayonida advokatning nutqi sudyaning va tinglovchilarning diqqatini o‘ziga jalb etgan bo‘lsa, u butun nutq davomida buni saqlab qolishi lozim. Shuning uchun nutq mantiqan yaxshi tashkil etilgan bo‘lishi shart, ma’ruzachining fikri eskidan yangisiga, ma’lumdan noma’lumga, nisbatan kuchsiz dalillardan kuchliroqlariga o‘tib borishi kerak. Diqqatni o‘zida saqlab turishda ziddiyatli vaziyatning mavjudligi, qarshi qo‘yiladigan dalillarni taqdim etish yaxshi yordam beradi.

Sud nutqining asosiy qismi uning alohida kichik mavzularini va ularning mazmunan aloqasi va foydalanilgan sintaktik vositalarni ochib beruvchi mantiqiy birliklarning jamlanmasini ifodalaydi. Odatda nutqning asosiy qismi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ishning haqiqiy holatlari to‘g‘risida bayonnoma; ish yuzasidan to‘plangan dalillarning tahlili; jinoyatning toifasi bo‘yicha asoslar; sudlanuvchining tavsifi; jinoyat sodir etilishining sabablari va jazo chorasi haqidagi fikrlar. Har bir ommaviy nutqda bo‘lgani kabi sud nutqining asosiy qismi ham dalillar va fikrlarni bayon qilishdan tortib ularni rad etish yoki tasdiqlashga qadar mantiqiy mulohazalarga asoslanadi.

Sudda notiq nutqining xulosasi odatda qisqa bo‘ladi. Bunda xulosa qismi nutq davomida aytilganlarning barchasini umumlashtirishi kerak. Masalan: “Sudlanuvchiga nisbatan belgilangan bunday sud hukmi nafaqat sudlanuvchini jazolash, balki jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinishidan ham yetarlicha dalolat beradi”. Xulosaning juda qisqa bo‘lishi esa nutqning muvaffaqiyatsizligiga sabab bo‘ladi, masalan: “Aytmoqchi bo‘lganlarimning hammasi shu” yoki “Men hammasini aytib bo‘ldim”. U nutqning sifatini va tinglovchilarga ta’sirini kamaytirishi mumkin.

Notiq-yurist nutqining muvaffaqiyati uning o‘zini o‘zi takomillashtirishiga, so‘zlarni mohirona qo‘llashni o‘rganishiga bog‘liq, chunki nutq madaniyati uning umumiy va kasbiy madaniyatining ajralmas qismidir.

Nutq madaniyati va huquqiy amaliyot haqidagi ilmiy ishlarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, nutq madaniyati bilimning ko‘nikmaga aylanishidan boshlanadi. Kundalik muloqotda o‘z-o‘zidan, beixtiyor gapirishga odatlanib qolgan yurist sud jarayonida yoki hamkasblar o‘rtasidagi muloqotda ham odatdagi xatolarini takrorlashi mumkin. Shuning uchun yurist doim nutq madaniyatini oshirish ustida ishlashi, bilimlarini nutq qobiliyati bilan bog‘lashga intilishi kerak.

Dildora Raxmonova,

Toshkent davlat yuridik universiteti 
Ixtisoslashtirilgan filiali 
katta o‘qituvchisi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications