Mehnat qonunchiligida ayollar uchun qanday imtiyoz va kafolatlar mavjud?

1. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 148-moddasiga koʻra, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan gʻayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan boʻshatish, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

2. Homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy toʻlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshiradi.

Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.

3.Homilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.

4. Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.

Ish vaqtining qisqartirilgan muddati chogʻida uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollar mehnatiga haq har kungi toʻliq ish muddati chogʻida tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi.

Jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari yoki boshqa lokal hujjatlar, shuningdek xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida boshqacha holat nazarda tutilmagan boʻlsa, bu kafolat byudjetdan tashqari tashkilotlarda ishlovchi ayollarga tatbiq qilinmaydi

5. Yillik asosiy taʼtil birinchi ish yili uchun olti oy oʻtmasdan oldin ham ayollarga ularning xohishi boʻyicha homiladorlik va tugʻish taʼtili oldidan yoki undan keyin beriladi.

II. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolgʻiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga taʼtil ularning xohishiga koʻra yozgi yoki ular uchun qulay boʻlgan boshqa vaqtda berilishi kerak.

III. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga koʻra, har yili oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda taʼtil beriladi (xalqona aytganda “bez soderjaniya”). Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib) foydalanilishi mumkin.

IV. Ikki yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolani parvarish qilayotgan ayollarga ham ish haqi saqlanmagan holda har yili oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan muqarrar tartibda taʼtil beriladi

V. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.

VI. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.

Homiladorlik va tugʻish taʼtili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʻishga qadar amalda bunday taʼtilning necha kunidan foydalanilganidan qatʼi nazar ayolga toʻliq beriladi.

6. Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi.

Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan holi boʻlgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.

II. Ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi.

7. Homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.

8. Homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilashga majburdir.

Toʻliqsiz ish vaqti sharti bilan ishlash xodimning yillik asosiy mehnat taʼtilining muddatini, mehnat stajini hisoblashni hamda boshqa mehnat huquqlarini biron bir tarzda cheklashga asos boʻlmaydi va ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda haq toʻlanadi. 9. Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ayollarga qanday imtiyoz bor?

9. Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola oʻn olti yoshga toʻlgunga qadar davlat ijtimoiy sugʻurtasi mablagʻlari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq toʻlagan holda oyiga qoʻshimcha bir dam olish kuni beriladi.

10. Ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri oʻttiz minutdan kam boʻlmagan muddat bilan beriladi. Ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi boʻlgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi.

Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va oʻrtacha oylik ish haqi hisobi boʻyicha haq toʻlanadi.

Bolasi bor ayolning xohishiga koʻra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qoʻshib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga koʻchirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.

Bu tanaffuslarning aniq muddati va ularni berish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilab qoʻyiladi.

Abdusalomov Azamatjon

Yozyovon tumani Adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyoti bo’limining yetakchi maslahatchisi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications